O‘zbekiston | 20:47 / 17.02.2024
14478
6 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migratsiyasi: diversifikatsiya sur’ati karrasiga oshishi kerak

O‘zbekiston chetga mehnat muhojirlarini yo‘llash bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Asosiy yo‘nalish – Rossiya, lekin u yerdagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi va migrantlar uchun talablarni qattiqlashtirish haqidagi chaqiruvlar mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishni taqozo etyapti.

Foto: Migratsiya agentligi

Maosh – ishlash va yashash joyini tanlashga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Yuqori oylik nafaqat munosib turmush tarzini ta’minlaydi, balki mamlakat taraqqiyoti darajasini ham ko‘rsatadi. Umuman olganda, hayotda hamma yaxshi yashashga intiladi. Mehnatga yarasha ko‘p maosh olish ko‘pchilikning orzusi. Biroq ba’zi davlatlarda ayni ko‘rinishdagi mehnat turlicha baholanadi. Xo‘sh, dunyo mamlakatlarida o‘rtacha maosh qanchani tashkil qiladi?

O‘rtacha oylik daromad eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar

Xalqaro mehnat bozoriga oid ma’lumotlarni taqdim etib boruvchi Zippia’ga ko‘ra, 2023 yilda global miqyosidagi o‘rtacha maosh yillik 12 ming 235 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 1950 yilda 3 ming 300 dollar bo‘lgan va o‘tgan davr mobaynida 270 foizga oshgan.

O‘rtacha oylik ish haqi (soliqdan keyingi sof daromad) eng yuqori bo‘lgan 10 ta davlat:

  • Shveytsariya – 6117 dollar;
  • Lyuksemburg – 5318 dollar;
  • Singapur – 5060 dollar;
  • AQSh – 4232 dollar;
  • Islandiya – 4120 dollar;
  • Qatar – 3937 dollar;
  • Daniya – 3529 dollar;
  • BAA – 3502 dollar;
  • Avstraliya – 3493 dollar;
  • Niderlandiya – 3488 dollar.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi qancha?

Numbeo’ning yangilangan ma’lumotlari bo‘yicha o‘rtacha oylik «toza» ish haqi bo‘yicha mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 94 mamlakat ichida 82-o‘rinni egallagan. Mamlakatda sof ish haqi 368 AQSh dollarini tashkil qilgan.

Reytingda Turkiya 58-o‘rinni (627dollar), Qozog‘iston 61-o‘rinni (592 dollar) va Rossiya 64-o‘rinni (554 dollar) egallagan. Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekistonda eng kam ish haqi miqdori 1 mln 50 ming so‘mni yoki Markaziy bankning rasmiy kursi bo‘yicha (16 fevral holatiga ko‘ra) 84 dollarni tashkil qiladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yakunida respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4 mln 551 ming so‘m yoki 364 dollar bo‘lgan.

Mehnat migratsiyasida geografik diversifikatsiya

Mehnat migrantlari yuborgan pullar uzoq yillardan beri O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutib keladi va aholi turmush xarajatlarining sezilarli qismini qoplaydi. Xususan, 2023 yilda mamlakatga 11,4 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 12,5 foizdan ko‘proq qismini tashkil etadi.

Shu paytga qadar o‘zbek migrantlari eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar uchligi quyidagicha shakllanib kelgan: Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya. Umuman olganda esa o‘zbek migrantlarining katta qismi Rossiyaga borib ishlaydi. Ammo quyidagi qator sabablar istiqbolda ushbu mamlakatga borib ishlovchilar sonining kamayishiga ta’sir qilishi mumkin:

  • Rossiya qonunchiligiga migrantlar uchun qattiq talablarning kiritilayotgani, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari muhojirlaridan haddan tashqari ko‘p hujjatlar talab qilish bo‘yicha yangrayotgan chaqiriqlar;
  • Ukrainadagi bosqinchilik urushi fonida Rossiya iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Sanksiyalar va ish o‘rinlarining qisqarishi ortidan ushbu mamlakatda ishlash migrantlar uchun jozibadorligini yo‘qotib bormoqda. Masalan, O‘zbekistonning o‘zida ham Rossiya darajasida maosh bera boshlagan tashkilotlar soni ko‘payyapti;
  • Rossiyada migrantlar huquqlarining ta’minlanganlik darajasi ancha past. Shuningdek, ularni urushga jo‘natish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot va amaliy harakatlar ko‘lami oshib bormoqda. Bu esa mehnat muhojirlari uchun o‘lim xavfini yaratadi.

Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda, hukumat mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda. Xususan, oxiri oylarda bu borada bir qator samarali ishlar olib borildi:

  • Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun 37 ming bo‘sh ish o‘rni (ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish sohalarida) taklif qildi. Maoshlar – o‘rtacha 2-2,5 ming dollar;
  • Germaniya 50 ming nafargacha ish o‘rni taklif qilgan. Maoshlar – 1-2 ming yevrodan boshlanadi;
  • Buyuk Britaniyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga taklif qilinmoqda. Ish haqi soatiga 10,42 funtdan boshlanadi;
  • Bandlik vaziri Behzod Musayev Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Alam Xemson bilan o‘zbekistonliklarni Kanada mehnat bozoriga jalb qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi;
  • Saudiyada O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etish masalasi muhokama qilingan;
  • O‘zbekistonliklar Yaponiyaga qurilish va ishlab chiqarish sohalarida ishga taklif etiladi. Qurilish sohasida oylik maosh 1500 dollardan, ishlab chiqarish sohasida 1100 dollardan boshlanadi;
  • Bolgariyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlari vakili S.Rusinova bilan O‘zbekiston fuqarolarini Bolgariyaga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Alohida ta’kidlash lozimki, mehnat migrantlaridan ta’sir o‘tkazish va tahdid qilish vositasi sifatida foydalanayotgan ayrim davlatlarga qaramlikni kamaytirish uchun ham mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish ham siyosiy tomondan, ham iqtisodiy tomondan muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ishlar hukumat darajasida davom ettirilishi va to‘xtab qolmasligi zarur.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid