Jahon | 21:15 / 23.02.2024
22719
9 daqiqa o‘qiladi

Husiychilardan uch hujum, Ukrainaga harbiy yordam va Rossiyaga qo‘shilish istagidagi Dnestrbo‘yi - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

G‘azoda XXI asrda eng yuqori qotillik darajasi kuzatilmoqda. BMT bosh kotibining 2016–2019 yillarda inson huquqlari masalalari bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan Endryu Gilmorning aytishicha, G‘azoda 1994 yilda Ruandada kuzatilgan genotsiddan so‘ng eng yirik ommaviy qirg‘in darajasi kuzatilmoqda.

HAMAS siyosiy byurosi rahbari Usoma Hamdanning ta’kidlashicha, «Al-Aqso bo‘roni» operatsiyasi Vashington va Tel-Avivning mintaqada tartib o‘rnatish bo‘yicha loyihasiga chek qo‘ygan.

«Al-Aqso bo‘roni» operatsiyasining yutuqlaridan biri AQShning Yaqin Sharqdagi yangi loyihasi barbod qilingani bo‘ldi», — degan Usoma Hamdan.

G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlari 29 ming 410 kishiga yetdi. Yaradorlar soni 69 ming 465 nafarni tashkil etmoqda. So‘nggi bir sutka ichida 9 marta ommaviy qirg‘in uyushtirilgan. Oqibatda 97 kishi o‘lgan, 132 kishi yaralangan

G‘azoda ayni jamda 700 mingdan ortiq inson turli yuqumli kasalliklar va boshqa dardlarga mubtalo bo‘lgan.

BMT o‘z hisobotida G‘azo sektorida falastinlik ayollar va qizlarning Isroil askarlari tomonidan nomusiga tegilgani faktini tasdiqladi. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanning shimoliy-g‘arbiy qismini nazorat qilayotgan isyonchi «Ansorulloh» harakatiga a’zo husiychilar Qizil dengizda Amerikaning esminets kemasiga pilotsiz parvoz qurilmalari bilan hujum qilinganini ta’kidladi.

Bu haqda husiychilarning vakili Yahyo Sariya televizion efirda ma’lum qilgan.

Yamanlik isyonchi-husiychilar Adan qo‘ltig‘ida Islander tijorat kemasini ham nishonga olishgan.

Shuningdek, husiychilar Isroil janubidagi arablar tomonidan Umm ar-Raresh deb ataluvchi hududdagi obektlarga bir qator qanotli raketalar va pilotsiz parvoz qurilmalari vositasida hujum qilgan.

Ukrainaga yordam

Daniya Ukrainaga keyingi 10 yil ichida harbiy yordamni kafolatladi.

Mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksenning ta’kidlashicha, tomonlar tegishli kelishuvni imzolab bo‘lishgan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv G7 davlatlarining tashabbusiga ko‘ra imzolangan, uni Yevropa Ittifoqining 32 ta davlati qo‘llab-quvvatlamoqda. Ukraina bilan xuddi shunday xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi hujjatni Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya ham imzolagan.

Daniya 247 mln dollarlik yangi paket doirasida Ukraina uchun havo mudofaa tizimlari, dron va 15 ming artilleriya snaryadlarini sotib oladi, ular bir necha oy ichida Kiyevga topshiriladi.

Buyuk Britaniya esa Ukrainaga yana Brimstone raketalarini beradigan bo‘ldi. Yordam partiyasi 200 ta raketadan iborat, degan mamlakat mudofaa vaziri Grant Shapps. Tanklarga qarshi boshqariladigan raketaning bu modeli uzoq masofadagi mo‘ljalni o‘zi lazer vositasida nishonga olib, ura oladi.

Germaniya parlamenti Rossiyaga uzoq masofani ura oladigan raketalarni yetkazib berishni ma’qulladi.

Rezolyutsiyada Taurus raketasi tilga olinmagan, biroq unda Vazirlar Mahkamasiga «Rossiya agressorining front ortidagi strategik obektlariga zarba berish uchun» Ukrainaga uzoq musofalarga ucha oladigan raketalarni yetkazib berishni boshlashga chaqiriq aks etgan. Deputatlarning katta qismi rezolyutsiyani qo‘llab ovoz bergan.

«Ukraina front chizig‘idan juda ortdagi o‘q-dorilar omborlari, ta’minot yo‘llari va qo‘mondonlik punktlari kabi harbiy obektlarni nishonga ola bilishi va o‘z qo‘shinlarini Rossiyalik harbiylarning turli tuman hujumlaridan himoya qila olishi kerak», — deyiladi hujjatda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy agar AQSh harbiy yordam ko‘rsatishni bas qilsa, Ukrainada «B» rejaning o‘zi yo‘qligini tan oldi.

«Biz tirik qolishimiz kerak. Biz ma’lum bir parallel qadamlar va boshqa yechimlarni topishga majbur bo‘lamiz, biroq har qanday holatda biz uchun bu yordam juda muhim», — degan Zelenskiy Fox News jurnalisti Bret Bayyerga Xarkiv ostonasidagi front chizig‘ida bergan intervyusida.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar

AQSh o‘zining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga ulkan miqdordagi cheklovlarni kiritadi va uni bir ikki kun ichida e’lon qiladi, dedi AQSh davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland.

«Biz ertaga (ya’ni, juma kuni) Navalniyning o‘limi uchun javobgar bo‘lgan Putinga qarshi sanksiyalarni e’lon qilamiz», — degan AQSh prezidenti Jo Bayden.

Bayden Aleksey Navalniyning bevasi va qizi bilan uchrashdi. AQSh prezidenti Yuliya va Dasha Navalnayalarga Aleksey Navalniyning o‘limi yuzasidan hamdardlik izhor etdi.

«Aleksey Navalniyning jasurligi merosi Yuliya va Dashada, shuningdek Rossiyada demokratiya va inson huquqlari uchun kurashayotgan hisobsiz insonlarda yashaydi», — deb yozgan Bayden o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida.

Dnestrbo‘yi Rossiyaga qo‘shilmoqchi

Moldovaning ayirmachi hududi — Dnestrbo‘yi Rossiya tarkibiga qo‘shilish niyatida, deb xabar qilgan Moldova Liberă nashri muxolifatdagi aktivist Gennadiy Chorbaga tayanib.

Unga ko‘ra «Dnesterbo‘yi Moldaviya Respublikasi» yetakchisi Vadim Krasnoselskiy «Moldova Respublikasi tomonidan bosim bo‘layotgani uchun» 28 fevral kuni Tiraspolda barcha darajadagi deputatlarning s’yezdini chaqirmoqda. Aktivist Chorbaning ta’kidlashicha, «bu s’yezdni o‘tkazishga buyruq Moskvadan turib berilgan».

Muxolifatning fikricha, bu yig‘ilishda Dnestrbo‘yini Rossiyaga qo‘shib olish iltimosi yangraydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa 29 fevral kuni Federal Kengashga murojaatnomasida «kelib tushgan iltimos»ni zudlik bilan qanoatlantirish lozimligini e’lon qiladi.

Bu orada Yevropa Ittifoqi Moldovadagi huquq ustuvorligi, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan olti kishiga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi.

Sanksiyalar Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining operativ informatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Dmitriy Milyutinga qarshi joriy etilgan. Yevropa Ittifoqi kengashi fikricha, Milyutin Rossiyaning Dnestrbo‘yidagi operatsiyalariga boshchilik qiladi.

Armaniston KXShTdan yuz o‘girdi

Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyanning France 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, uning mamlakati Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti — KXShTdagi ishtirokini «muzlatgan».

Nikol Pashinyan ushbu tashkilot Armanistonga nisbatan kollektiv xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarmagan deb hisoblaydi.

Armaniston bosh vaziri fransuz jurnalistlariga bergan javobi davomida Yerevanga oid jamoaviy xavfsizlik bitimi, xususan, 2021-2022 yillarda, xususan, Pashinyandan Armaniston suverenitetiga qarshi «Ozarboyjon tajovuzkorligi»ga siyosiy baho berilmagani sababli KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi deklaratsiyasini imzolash so‘ralganda, bu amalga oshirilmaganini aytgan.

«Bu bizning e’tiborimizsiz qolishi mumkin emas. Biz ishtirokimizni to‘xtatdik. Ko‘ramiz, keyin nima bo‘ladi», — degan Pashinyan.

Shuningdek, Pashinyanga ko‘ra ushbu tashkilotga bosh bo‘lgan Rossiya «ochiqchasiga Armaniston xalqini hukumatni ag‘darishga chaqirgan».

Putin: «Ayollarimiz tug‘may qo‘ydi»

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, rossiyalik ayollar farovon yashay boshlagani uchun farzand dunyoga keltirishni istamay qo‘yishgan.

Uning fikricha, «mamlakatdagi voqealar», ya’ni urush tug‘ilish ko‘rsatkichlariga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi. Biroq mamlakatdagi farovon hayot Rossiya demografiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«Daromadlar oshib, farovonlik darajasi ko‘tarilgani sari boshqa qadriyatlar bo‘y ko‘rsata boshlaydi — ayollar ta’lim olishga, qo‘shimcha kasb-hunar egallashga va bu yo‘l qo‘shimcha ta’lim olishga intilishadi. Farzand dunyoga keltirish esa borgan sari ortga surilaveradi», — degan Putin Tataristonga safari chog‘ida.

Rossiya hukumati tug‘ilish darajasining pastligidan nechog‘lik tashvishda ekani, shuningdek, rossiyaliklarning katta qismining turmush darajasi qay ahvolda ekani hisobga olinsa, Putin demografiyani oshirish uchun qanday choralarga qo‘l urishini tasavvur qilish qiyin.

Mavzuga oid