O‘zbekistonda import qilingan sovitkich, muzlatkich va konditsionerlarni energosamaradorlik bo‘yicha sinovdan o‘tkazish boshlandi. Kun.uz'ga murojaat qilgan importchi tadbirkorlarga ko‘ra, bu yangilik ham vaqt, ham naqd nuqtayi nazaridan yangi xarajatlarga olib kelgan. Kelgusida bunday tekshiruv boshqa turdagi maishiy texnikalarga ham joriy etilishi kutilyapti.

Ma’lumki, import tovarlar uchun muvofiqlik sertifikatini olish talab qilinadi. Yangi tartibga ko‘ra esa, energosamaradorlik testidan o‘tmagan maishiy texnika tovarlariga bu sertifikat berilmaydi va ularni O‘zbekistonda sotish taqiqlanadi. Bu sinovdan o‘tish uchun texnikalar faqat “A” toifadagi energosamaradorlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi kerak.

Importchi tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, sinov bayonnomasini olish uchun uzun navbatlar yuzaga kelgan, chunki sinovni faqat bitta korxona – “O‘zeltexsanoat” uyushmasi huzuridagi “Eltech-Lab” MChJ o‘tkaza oladi.

Shu yil yanvarda qabul qilingan 15-sonli qarorda bu yagona sinov laboratoriyasini jihozlash uchun davlat budjetidan 25 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. O‘tgan oyda mahalliy maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga yangi imtiyozlar berishni va importga qo‘shimcha cheklovlar kiritishni nazarda tutgan bu hujjat bahslarga sabab bo‘lgandi.

Tanish-bilish bo‘lgani uchun 1 oy kutishim kerakligini aytishdi, tanish bo‘lmaganlar 2 oy kutishini aytishmoqda. 2 oydan keyin navbat kelsa, sovitkich uchun 13 sutka, juda cho‘zilsa 18 sutkada sinov natijalari chiqarkan. Bungacha olib kelgan tovarim bojxona omborida turadi, har bir kun uchun to‘lov hisoblanib ketaveradi”, – deydi Kun.uz'ga intervyu bergan tadbirkorlardan biri.

Boshqa bir tadbirkorning vakili, “Trade Urban” korxonasi sotuv bo‘limi boshlig‘i Anvar Mahmudovning aytishicha, ular navbati kelishini 60 kun kutishi kerak, bu esa mavsumiy xarakterga ega sovutkich va muzlatkichlar sotuviga ta’sir o‘tkazadi.

Hozir kirib kelgan bojxonadan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan konteynerlarimizning bittasi uchun [kuniga] 30 ming so‘m to‘lov qilinishi kerak. 60 kundan keyin sertifikat beramiz deyishyapti, chunki laboratoriyada navbat bor emish. Bugundan hisoblasak ham mart va aprel oylari o‘tib ketadi degani. Muzlatkich – mavsumiy mahsulot. Bu degani aprelda mavsumga tayyorgarlik ko‘riladi, mahsulotlarimiz do‘konlarga tarqatiladi. Mavsumga tayyorgarlikka kech qolamiz.