Isroil BMTdagi doimiy vakilini chaqirtirib oldi
Isroil o‘zining BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdanni tashkilot bosh kotibini 7 oktyabr kuni HAMAS jangchilari tomonidan Isroilga hujum chog‘ida sodir etilgan zo‘rlashlar haqidagi hisobotni o‘chirishga uringanlikda ayblab, chaqirtirib oldi.
Isroil BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdanni «zudlik bilan maslahatlashish uchun» chaqirtirib oldi. Bu haqda 4 mart, dushanba kuni Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrishni 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum paytida HAMAS jangchilari tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinsiy zo‘ravonlik harakatlari haqida jahon tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hisobotni o‘chirishga urinayotganlikda aybladi.
«Birlashgan Millatlar Tashkilotining oxirgi hisobotida HAMAS 7 oktyabr kuni sodir etilgan harakatlari, jumladan, zo‘rlash va boshqa tizimli jinsiy jinoyatlar haqida batafsil ma’lumot berilgan. Biroq, rais (BMT bosh kotibi) jim. Antoniu Guterrish, harakat qilish vaqti keldi. HAMAS butun dunyoda terrorchi tashkilot sifatida tan olinishi, uni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarni esa terrorizm homiylari deb atash kerak», — deb yozdi Kats X ijtimoiy tarmog‘ida.
Gilad Erdanning o‘zi shu munosabat bilan shunday dedi: «Birlashgan Millatlar Tashkilotiga HAMAS hujumi paytida sodir etilgan jinsiy jinoyatlarni nihoyat tan olishi uchun besh oy vaqt kerak bo‘ldi. Endi G‘azo sektorida garovga olinganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy zo‘ravonlik haqida hisobot paydo bo‘lganidan keyin, sharmandali sukunat hukm surmoqda. BMT bu mavzuda birorta ham muhokama o‘tkazmagan».
Ayni paytda, BMT bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik o‘z xo‘jayini go‘yo hisobotni o‘chirishga uringani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Aksincha, uning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish BMTning mojarolarda jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakil Pramila Patten boshchiligida ishlangan hujjat loyihasini «to‘liq qo‘llab-quvvatladi». Dyujarrik, shuningdek, hisobotning oxir-oqibat ommaga e’lon qilinganiga e’tibor qaratdi.
BMTning Isroilga hujum chog‘ida zo‘rlash holatlari haqidagi hisoboti
Patten hisobotni 4 oktyabr kuni taqdim etdi. Unda aytilishicha, garovga olinganlarga (HAMAS jangchilari tomonidan) «jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, zo‘rlash, jinsiy qiynoqlar, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat sodir etilgani haqida aniq va ishonchli ma’lumotlar» mavjud. Hujjatda, shuningdek, endilikda ular garovdagilar bilan buni davom ettirishi mumkinligi qayd etilgan.
Shu bilan birga, hisobot mualliflari HAMAS jangchilariga qo‘yilgan zo‘rlash bo‘yicha ba’zi ayblovlarni rad etib, ularni «asossiz» deb hisoblagan.
Hisobot uchun ma’lumot BMTning Isroildagi xodimlari tomonidan fevral oyining birinchi yarmida to‘plangan.
BMT agentligiga qarshi ayblovlar
Isroil harbiylari 4 mart kuni BMTning falastinlik qochqinlarga yordam bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi maktabida arab o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan shaxs bir necha isroillik ayollarni asirda ushlab turgani haqida gapirayotgani va ularni «qullar» deb atagani aytilgan audioyozuvni e’lon qildi. Bu yozuv mustaqil ekspertiza yordamida tasdiqlanmagan.
«Bizning razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi tashkilotlarga, asosan HAMASga tegishli 450 dan ortiq shaxs ham BMT agentligi xodimlaridir», - deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
Shu kuni BMTning falastinlik qochqinlarga yordam bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi G‘azo sektorida Isroil kuchlari uning xodimlarini 7 oktyabr kuni HAMAS hujumida ishtirok etganini tan olish uchun qiynoqqa solganini, jumladan jinsiy tajovuz qilganini bildirdi.
Avvalroq Isroil tomoni BMT agentligi xodimlarini HAMASga yordam berishda bir necha bor ayblagan. Yanvar oyida agentlik bir necha ayblanuvchilar bilan shartnomalarni bekor etganini va ular ustidan ichki tergov boshlaganini ma’lum qilgandi. Bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh va Germaniya tergov yakunlanmaguncha agentlikni moliyalashtirishni to‘xtatdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
16:38 / 12.11.2024
Amsterdamdagi mojaro: aslida nimalar bo‘ldi?
09:46 / 12.11.2024
ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi
12:00 / 11.11.2024
Isroilning yangi mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
10:45 / 09.11.2024