2024 yil 29 fevral tongi noxush xabar bilan boshlandi: Toshkent shahridagi ko‘chalardan birida soatiga 197 kilometr tezlikda harakatlangan Tracker mashinasi avtobus bilan to‘qnashdi. Oqibatda, uning 18 yoshli haydovchisi vafot etdi.

Xabar tarqalgach, ko‘pchilikda savol tug‘ildi, YPX xodimlari va boshqa mutaxassislar Tracker mashinasining soatiga 197 kilometr tezlikda harakatlanganini qayerdan bilishdi?

Javob oddiy edi: Tracker’ning spidometridagi tezlikni ko‘rsatuvchi strelka shu raqamda qotib qolgandi.

Bu maqolada nega avariyaga uchragan mashinaning spidometri qaysidir raqam ustida qotib qoladi va o‘sha raqam chindan ham uning oxirgi tezligini ko‘rsatadimi, degan savolga javob izlab ko‘ramiz.

Strelka qotib qoladimi?

Ha, jiddiy va og‘ir oqibatlarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lganda aksariyat hollarda mashina spidometridagi tezlik ko‘rsatkichi qotib qoladi.

Xo‘sh, nega u qotib qoladi? Bunga asosan YTH chog‘ida mashinani elektr toki bilan ta’minlovchi simlarning ishdan chiqishi yoki mashina dvigatelining keskin to‘xtab qolishi sabab bo‘ladi.

Masalan, mashina harakatlanib ketayotganda favqulodda vaziyat sodir bo‘lib, elektr ta’minoti birdaniga uzilsa spidometr ishlashdan to‘xtaydi va strelka qaysi raqam tepasida bo‘lsa, o‘shanda qotib qoladi.

Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda mashinaning elektr simlariga zarar yetmasayu, dvigatel keskin ravishda ishlashdan to‘xtasa bu ham tezlik ko‘rsatkichining qotib qolishiga sabab bo‘ladi.

Shunday holatlarda YTHni o‘rganayotgan organ xodimlari tezlik ko‘rsatkichi qotib qolgan raqamlarga qarab «avariya»dan avval mashina soatiga necha kilometr tezlikda harakatlanib kelganini, ko‘pgina hollarda avariya sababchisini shunga qarab aniqlashadi.

«Avariya»dan so‘ng qotib qolgan tezlik ko‘rsatkichi ko‘rsatib uning ko‘rsatkichiga ishonsa bo‘ladimi? Mutaxassislarning aksariyati ishonsa bo‘ladi, deyishadi. Chunki tezlik ko‘rsatkichi soatiga 2-3 kilometrga adashishi mumkin. Farq maksimum soatiga 5 kilometr bo‘lishi mumkin. Qotib qolgan tezlik ko‘rsatkichi ko‘rsatib turgan raqamlar haqiqatdan uzoq bo‘lmaydi.

Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgach, tomonlardan biri qotib qolgan tezlik ko‘rsatkichiga ishonmasligini da’vo qilsa spidometr ekspertizadan o‘tkaziladi. Lekin bunday holat kamdan kam bo‘ladi.