Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida kattalar o‘rtasida yangi tuzilgan World Boxing tashkiloti homiyligidagi Jahon kubogining birinchi bosqichi yakunlandi.

To‘lqin Qilichev boshchiligidagi erkaklar jamoasining 10 nafar vakilidan faqat ikki a’zosi medalsiz qoldi: Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-65 kg) turnirdagi ishtirokini chorakfinaldan boshlagandi, ammo ilk jangdayoq mezbonlar vakili Yuri Reysga yutqazdi. Iqboljon Xoldorov (-70 kg) saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgandi, ammo chorakfinalda angliyalik Odel Kamaraga yutqazib qo‘ydi.

Mo‘ydinxo‘jayev va Xoldorov jahon kubogini chorakfinaldayoq tark etdi

Madiyar Daniyarov (-60 kg) chorakfinalda italiyalik raqibdan ustun kelgandi, yarimfinalda braziliyalik Luiz Oliveyraga yutqazdi va bronza bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

5 aprel kuni musobaqaning final bahslari o‘tkazildi, unda O‘zbekistondan 7 nafar vakil finalga chiqib, ulardan 5 nafari oltin medalga ega bo‘lishdi, 2 nafar bokschi kumush bilan kifoyalandi.

Asilbek Jalilov (-50 kg) final yo‘lida dastlab qozog‘istonlik Nurzat Ongarovni va hindistonlik Jadumani Mandengbamni mag‘lub etdi, oltin uchun jangda esa Fransiya vakili Niki Kummingsga ham hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Asilbek Jalilov

Fazliddin Erkinboyev (-75 kg) ishtirokini yarimfinaldan boshladi va Mixal Yarlinski (Polsha) ustidan g‘alabaga erishib, finalga yo‘l oldi. Oltin uchun bahsda esa Kauye Belinini qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Fazliddin jang davomida uni nokdaun holatiga ham tushirdi.

Fazliddin Erkinboyev

Javohir Ummataliyev (-80 kg) chorakfinalda AQSh vakili Robbi Gonsalesni 3:2 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olgandi, yarimfinalda qozog‘istonlik Dias Moljigitovga qarshi bahs olib borib, qiyinchiliklarsiz g‘alabani qo‘lga kiritdi (5:0). Finalda braziliyalik Vanderlay Perreyrani 4:1 hisobida yengib, jamoa hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.