Jahon | 20:31 / 14.03.2024
19762
9 daqiqa o‘qiladi

Belgorod kun davomida uch bor o‘qqa tutildi. Qurbonlar bor

Rossiya rasmiylari chegara hududlarda ham «ukrain diversantlari» bilan janglar davom etayotgani haqida xabar bergan.

Foto: YELIZAVETA DEMIDOVA/TASS

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh ikki regioni — Kursk va Belgorod oblastlari — payshanba kuni bir necha bor o‘qqa tutildi. Belgorodda ertalabki zarbalar oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yigirmaga yaqin kishi jarohatlangan. Kursk oblastida chegaradagi Tetkino posyolkasi zarbalar ostida qolgan, Rossiya hukumatiga ko‘ra, bu yerda diversantlarning hujumlari qaytarilmoqda.

14 mart kuni Belgorod oblastiga avvaliga samolyot tipidagi dronlar hujum qildi, keyin esa — mahalliy vaqt bilan soat 08.30 atrofida Belgorod shahriga baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan zarbalar yo‘llandi.

Region gubernatori Vyacheslav Gladkovning xabar berishicha, havodagi sakkizta nishon shaharga kirishidan oldin urib tushirilgan, ammo snaryadlardan biri yengil mashina dvigateliga kelib urilgan. Bu vaqtda avtomobil boshqaruvida bo‘lgan erkak voqea joyida halok bo‘lgan.

Dastlabki o‘qqa tutish oqibatida jami olti kishi jarohatlangan.

Payshanba kunining ikkinchi yarmida Belgorod oblasti yana ikki bor o‘qqa tutildi.

Ikkinchi zarba vaqtida, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Belgorod shahri markazida portlash ro‘y bergan — vokzal hududida. Guvohlar shahar uzra ko‘tarilgan tutun ustuni, shuningdek derazalari to‘kilib ketgan xususiy uylar va ko‘p qavatli kvartiralar fotosuratlarini namoyish etgan.

Gladkov havo hujumidan mudofaa kuchlari Belgorod yo‘nalishida harakatlangan 10 ta havo nishonini urib tushirganini ma’lum qilgan.

Bu hujum oqibatida ham avtomobil rulida bo‘lgan bir mahalliy aholi vakili halok  bo‘lgan. Portlash oqibatida ayolning mashinasi yo‘l chetidagi ariqqa ag‘darilib ketgan. «Olingan jarohatlar oqibatida ayol voqea joyida halok bo‘lgan», — deyiladi gubernatorning xabarida.

Yana kamida uch kishi tan jarohati olgan. «Ikki ayol barotravma bilan va bir erkak yelkasidan oskolka jarohati bilan tez yordam brigadasida Belgoroddagi 2-sonli shifoxonaga yetkazilgan», — deya xabar qilgan Gladkov.

Rasmiylarga ko‘ra, Belgorodda kamida sakkizta ko‘p kvartirali uylar hamda uchta xususiy uy, shuningdek 13 ta avtomobil shikastlangan.

Shahar o‘qqa tutilishi oqibatida savdo markazlari faoliyati to‘xtatilgan.

Gladkov oblastning Grayvoron shahri ham ikki bor o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan. Gubernatorga ko‘ra, bu yerda kamida to‘rt kishi jarohat olgan.

Bu hududdagi uylardan biriga snaryad kelib tushishi oqibatida ikki kishi jarohat olgan — erkak kishining boshi yorilgan, ayol — shok holatini boshdan kechirgan. Ularga voqea joyida zarur yordamlar ko‘rsatilgan, jabrlanuvchilar shifoxonaga yotishdan bosh tortgan. Grayvoronda yana ikki ayol snaryad parchalaridan jarohatlangan holda mahalliy shifoxonaga olib borilgan.

Kun oxiriga kelib Belgorod shahriga yana zarbalar yo‘llandi. Gladkov bu hujum vaqtida havo hujumidan mudofaa kuchlari 11 ta havo nishonini to‘xtatib qolganini aytdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, shaharning qurilishlar qilinayotgan hududiga zarba kelib tushgan, bu yerda ikki kishi jarohatlangan.

Gladkov Glotovo qishlog‘ida ham dron zarbasi oqibatida ikki kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Hujum vaqtida yengil avtomobilda bo‘lganlardan birida kontuziya ro‘y bergan, ikkinchisida kontuziya va qo‘lda oskolkadan jarohat qayd etilgan. Ularning ikkisi ham shifoxonaga yotqizilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kun davomida oblast hududida jami 19 kishi jarohat olgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi «ukrain qurolli tuzilmalari o‘qqa tutishi oqibatida odamlar halok bo‘lishi va jarohatlanishi fakti bo‘yicha» jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ish aynan qaysi moddalar bo‘yicha ochilganiga aniqlik kiritilmagan.

Diversantlar hujumi

Belgorod kun davomida ikkinchi bor o‘qqa tutilishi arafasida «Rossiyaga ozodlik» legioni, «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va «Sibir batalyoni» Kursk, Belgorod va Bryansk oblastlaridagi harbiy obektlarga zarba berishlari haqida ogohlantirib, mahalliy aholini evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi.

Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt 14 mart kuni ukrainlarning diversiya-razvedka guruhlari Tetkino posyolkasi hududi orqali region hududiga kirishga urinishda davom etayotganini ma’lum qilgan. Oblast rahbari FXX chegarachilari va rossiyalik harbiylar hozircha bunga «yo‘l qo‘ymagani» va «bundan keyin ham yo‘l qo‘ymasligi»ni qo‘shimcha qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya bo‘linmalari Belgorod oblasti Spodaryushino qishlog‘i hududida Ukraina qurolli kuchlarining mamlakat hududiga kirishga urinishini to‘xtatgani haqida xabar berdi. Vazirlik jang oqibatida 195 nafar ukrain harbiylari o‘ldirilib, beshta tank, to‘rtta zirhlangan mashina, UR-77 rusumli minalardan tozalovchi uchta mashina hamda uchta muhandislik mashinasi yo‘q qilinganini bildirgan.

Bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q. Rossiyalik harbiy muxbirlar ham Belgorod va Kursk oblastlarining chegara hududlarida «ukrainalik diversantlar» bilan janglar bo‘lib o‘tgani haqida yozishgan. Shu bilan birga, ular hujum qilganlar orasida qurbon bo‘lganlar soni vazirlik ma’lumotidagidan ancha kamligini aytishgan.

Xususan, harbiy Aleksandr Kots janglarda «to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etayotgan» manbaga tayanib, Spodaryushino qishlog‘idagi to‘qnashuv haqida yozgan. Kots ukrain harbiylariga xos bo‘lgan sariq bog‘ichli harbiy jasadi aks etgan, dron orqali olingan tasvirni namoyish etgan.

«Rossiyaga ozodlik» legioni esa o‘z jangchilari Tetkinoda RF qo‘shinlarining ikkita qurol omborini portlatganini ma’lum qildi. Bo‘linma shuningdek rossiyalik harbiylarni taslim bo‘lishga yoki Ukraina tomoniga o‘tishga chaqirgan.

«Rossiya ko‘ngillilar korpusi» shtabi boshlig‘i Aleksandr «Fortuna» «Mojyem ob’yasnit» telegram kanaliga bergan zohida tuzilma jangchilari Rossiya hududiga «bir necha o‘n kilometrga ilgarilagani» va rossiyalik harbiylarni asir olgani haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, korpus Belgorod oblastida yo‘qotishlarga uchramagan, «Rossiya tomonida esa ham jonli kuch, ham texnikada yo‘qotishlar bor». U Rossiya tomoni yo‘qotishlari bo‘yicha aniq raqamlarni keltirishni istamagan.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh oblastlari hafta boshidan buyon dronlarning yoppasiga hujumlariga, artilleriya zarbalariga, shuningdek diversantlar hujumlariga yo‘liqmoqda. Ukraina tomoni esa bu hujumlarda ishtiroki borasida izoh bermayapti.

Vladimir Putin 12 mart kuni teleboshlovchi Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida bu voqealarni Rossiyada prezidentlik saylovlari yaqinlashayotgani bilan bog‘lagandi.

«Asosiy maqsad shundaki, men bunga shubha qilmayman, agar Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini barbod qila olishmasa ham, fuqarolar o‘z xohishini bildirish jarayoniga qandaydir tarzda xalaqit berishdir. Bu birinchisi. Ikkinchisi, bu [hujumdan] axboriy effekt, bu haqda oldin ham aytganman. Ammo uchinchisi — agar nimadir amalga oshsa, qandaydir imkoniyat, qandaydir argument, bo‘lajak muzokaralar jarayoni uchun qandaydir kuzir qo‘lga kiritilsa: biz sizga buni qaytaramiz, siz esa bizga buni qaytarasiz deyish uchun», — degan Putin.

Mavzuga oid