25 martning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Namanganda qurilishi boshlangan yangi elektr stansiyalar, o‘zbekistonliklar uchun ish o‘rni taklif etayotgan Kanada, istish mavsumini yakunlayotgan poytaxt va 3 yilga qamalgan pedofil - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi
Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Namangan viloyatida bo‘lib turibdi.
Prezident viloyatga tashrifini Yangi Namangan tumanidagi «Gavhar grup» korxonasi faoliyati bilan tanishuvdan boshladi.
KUN IQTIBOSI
«Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olyapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanyapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilyapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratyapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz», — degan Sh.Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev Uychi tumanidagi «Qumtepa» yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘ldi. Preziden Qumtepa mahalla idorasida ham bo‘lib, mahalla «yettiligi» bilan suhbatlashdi.
Shavkat Mirziyoyev Namangan tumanidagi elektr dvigatel va suv nasoslari zavodiga bordi. Bu zavodda Xitoydan keltirilgan texnologiyalar asosida yiliga 10 ming dona elektr dvigatel, 2 ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Yil oxirigacha loyihaning ikkinchi va yakuniy uchinchi bosqichlari ishga tushadi.
Chustda quriladigan mis zavodi, To‘raqo‘rg‘onda tashkil etiladigan sintetik mato fabrikasi va boshqa investitsiya loyihalari prezidentga taqdimot qilindi.
Prezident Sh.Mirziyoyev Namangan viloyatida gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.
«O‘zbekgidroenergo» AJ 434 mln dollar evaziga Uychi tumanida 228 megavattli 6 ta GES kaskadini barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.
Pop tumanida Germaniyaning «Hyper Partners GmbH» kompaniyasi tomonidan 350 mln dollarga yiliga 1,095 mlrd kWh elektr energiya ishlab chiqaradigan 500 MW quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.
BAAning «Tepelen Group Holding Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 MW bo‘ladi.
Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2141 MWga yetadi. Yillik 7,8 milliard kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 milliard kWh'lik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.
Toshkentda «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra tashkil etilayotgan va faoliyat muddati 30 etib belgilangan yangi sanoat zonasi hududidagi loyihalar uchun 2025 yil yakunigacha 1,5 mlrd dollargacha to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalari o‘zlashtirilishi belgilandi. Bu yerdagi tadbirkorlar maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalardan foydalanadi.
26 martdan Toshkentda isitish mavsumi yakunlanadi
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, bunda shahar gidrometeorologiya markazining ma’lumotlari va o‘rtacha sutkalik harorat 10 darajadan yuqori bo‘layotganligi inobatga olingan. Shunga muvofiq, joriy yilning 26 mart kunidan 2023-2024 yilgi isitish davri yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Qayd etish lozimki, keyingi isitish mavsumida kommunal narxlar ko‘tariladi.
Hafta davomida ayrim joylarda kuchli yog‘ingarchilik kuzatiladi
25–29 mart kunlari uchun berilagan ob-havo prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga nam O‘rta Yer dengizi havosining bir qismi kirib kelishi kutilmoqda.
Respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzi +20...+25, kechasi +10...+15 darajani tashkil etadigan havo harorati ish haftasining oxiriga borib +13...+18 darajagacha tushadi.
Kanada o‘zbekistonliklar uchun 5 mingta ish o‘rni taklif qildi
O‘zbekiston Bandlik vazirligi 5 ming nafar o‘zbekistonlik Kanadaga ishga yuborilishi haqida e’lon qildi. Hozircha 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan, ingliz, fransuz yoki ispan tilini biladigan qurilish sohasi vakillari ishga jalb etiladi. Ish haqi ishning murakkabligiga qarab, soatiga 12,5 dollardan 30 Kanada dollarigacha etib belgilangan.
O‘zbekiston va Qatar yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishida hamkorlik qiladi
O‘zbekiston elchisi Qatar TIV Xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat vaziri Lulva Roshid al-Xotir bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida ta’lim sifatini oshirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Toshkentda 10 yashar qizga nisbatan liftda uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan erkak 3 yilga qamaldi
Voqea Toshkent shahri Uchtepa tumanida ro‘y bergan. Voqea jabrlanuvchi qiz va unga begona bo‘lgan erkak liftda bo‘lgan vaqtda ro‘y bergan – erkak kiyimini yechmagan holda uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi «v» bandi (14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar qilish)ga ko‘ra aybli deb topilgan va unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlangan.
Toshkentda 10 yoshli o‘g‘lini qo‘shni bola bilan urishtirgan fuqaroga chora ko‘riladi
Bu voqea ham Uchtepa tumanida 21 mart kuni sodir bo‘lgan. Ota bolalarning o‘zaro janjalini kuzatib, bolalarni ajratish o‘rniga aksincha, o‘g‘liga qo‘shni bolakayni urishiga imkon yaratgan va janjalni davom ettirishga o‘g‘lini majbur qilgan.
Otaning bunday harakatlariga huquqiy baho berilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortish masalasi o‘rganilmoqda.
Davlat organlari uchun halollik milliy standarti ishlab chiqiladi
Davlat organlari va tashkilotlari hamda xususiy sektor tizimida milliy halollik standarti instituti joriy etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, manfaatdor vazirlik va idoralar 2024 yil dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlari hamda xususiy sektor tizimida milliy halollik standarti —public integrity institutini joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi lozim.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024