21:42 / 22.05.2024
3577

22 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Toshkent markazida kesilgan daraxtlar, meva-sabzavot eksportchilari uchun chegaradagi yengillik, toshqinlardan jabr ko‘rgan Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami - O‘zbekistonda 22 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz. 

Toshkent markazida yana daraxtlar kesilmoqda

Toshkentdagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXXning buzilayotgan binosi hududidan yirik daraxtlar kesib, usti mato bilan o‘ralib, yashirincha olib ketilayotgani videosi tarqaldi.

Ekologik partiya Bosh prokuratura hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan ushbu holatga chora ko‘rilishini so‘ragan.

«Iqlim o‘zgarishini yumshatishning eng muhim aspekti bu daraxtlarning ko‘p bo‘lishi. Shundoq ham poytaxtimizda sanoqli qolgan daraxtlarimizni asrash bo‘yicha moratoriyga va ekofaollarimiz bong urishiga qaramasdan hali hamon daraxtkushlar to‘xtamayapti», — deyiladi partiya munosabatida.

Qayd etish joiz, 2023 yilda Radisson Hotel Group kompaniyasi Metropol Group bilan shartnoma tuzib, sobiq MXX binosi o‘rnida 22 qavatli mehmonxona qurishi ma’lum bo‘lgan edi. Bino 2021 yilning yozigacha Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida bo‘lgan.

Eksportchilar uchun yengillik

O‘zbekiston bojxona postlarida meva-sabzavot ortilgan yuk mashinalari uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladigan bo‘ldi.

Bojxona qo‘mitasi harakat tiqilinch bo‘lgan yirik chegara bojxona postlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ustuvor tartibda tezkorlik bilan amalga oshirish uchun maxsus belgilar bilan jihozlangan alohida yo‘laklar tashkil etiladi.

Bunda tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan transport vositalarini ushbu yo‘laklarga yo‘naltirishda ustuvorlik ta’minlanadi.

Eksportga yo‘naltirilayotgan tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan transport vositalariga xalqaro standartlarga mos bo‘lgan farqlash belgisini avtotransport vositasining old oyna o‘ng tomoniga o‘rnatish tavsiya qilinadi.

Bu chegara bojxona postlarida ushbu transport vositalarini alohida yo‘lakka yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi. 

Bog‘cha opalarning maoshi oshmoqda

1 iyundan oliy ma’lumotli bog‘cha tarbiyachilarining maoshi oshadi. Davlat bog‘chalarida ishlovchi oliy ma’lumotli pedagog xodimlarning maoshi maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.

Bu prezidentning 2023 yil may oyida imzolagan qarorida belgilangan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat bog‘chalarining oliy ma’lumotli tarbiyachi-metodist, tarbiyachilari 1 mln 203 ming so‘m olishi belgilangan. Maktablarning oliy ma’lumotli boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari esa 2 mln 090 ming so‘m oladi.

Shundan kelib chiqilsa, bakalavr diplomiga ega bog‘cha tarbiyachilarining maoshi 2 mln so‘mdan oshirilishi kutilmoqda.

Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami

O‘zbekiston toshqinlardan jabr ko‘rgan Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordam yubordi. Insonparvarlik yuklari karvoni prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan «Ayritom» chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazildi.

Yordami tarkibidan 48 tonna un, 22 tonna guruch, 100 ming dona konserva va 44 tonna makaron mahsulotlari, 25 ming litr o‘simlik yog‘i, 100 ming dona tez tayyorlanadigan lag‘mon, shuningdek, 10 kishilik 100 ta maxsus qurilmali chodir va 1000 litrli 96 ta suv saqlash idishlari o‘rin olgan.

Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi kompaniya hududida O‘zbekiston va Afg‘oniston rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston tomoni vakillari O‘zbekiston prezidenti va xalqiga og‘ir paytda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. 

Samarqandda xalqaro turizm akademiyasi ochiladi

O‘zbekistonda UNWTO shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etilmoqda. Akademiya Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tegishli binoga joylashtiriladi.

Bu borada hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

«Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzurida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashkil etilgan hamda akademiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili davlat budjeti hisobidan mablag‘lar ajratib borilishi belgilangan.

Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ga a’zo davlatlarning fuqarolariga akademiyada joriy etilgan o‘quv kurslarida davlat granti asosida ta’lim olish uchun har yili 100 ta o‘rin ajratiladi. 

Saudiyaga vizasiz kirish istiqbollari

Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolarini viza talablaridan ozod qilish istiqbollarini o‘rganmoqda.

O‘zbekistonning Saudiyadagi elchisi Nodir Turg‘unov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirining konsullik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ali al-Yusuf bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Unda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlarni o‘tkazish va O‘zbekiston fuqarolarini viza talablaridan ozod qilish istiqbollari muhokama qilindi.

«2023 yil 1 yanvar oyidan boshlab Saudiya fuqarolariga O‘zbekistonga 30 kun muddatda vizasiz kirish tartibi joriy etilgani bizni juda quvontirdi. Bu o‘z o‘rnida sayyohlar oqimi oshishiga, o‘zaro savdo hajmining ortishiga turtki bo‘lmoqda», — dedi Saudiya Arabistoni TIV rahbari o‘rinbosari. 

Britaniyadan keladigan turistlar

Turizm sohasiga oid yana bir xabar: Britaniya mingdan ziyod turistni O‘zbekistonga yuborishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonning Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov ushbu mamlakatning yetakchi sayyohlik kompaniyasi Explore Worldwide direktori Saymon Grouv bilan uchrashuv o‘tkazgan.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida Britaniyadan sayyohlarni O‘zbekistonga keng jalb etish va 2024 yilda ular uchun mamlakatni jozibador yo‘nalish sifatida tanishtirish masalalari muhokama qilingan.

Muzokaralar natijasida, Explore Worldwide bilan hamkorlikda Britaniyada O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, vebinarlar o‘tkazish, shuningdek, joriy yil davomida 1000 dan ziyod sayyohlarni mamlakatga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

Top