Jamiyat | 12:19 / 29.05.2024
29517
15 daqiqa o‘qiladi

“Bir paytlar men ham “ko‘cha” bo‘lganman” – aqli kirmagan jinoyatchining tazarrulari

Mening huquqshunoslik fakultetida o‘qishim to‘damizni ko‘p marta qutqarib qolgan. Ba’zida tunda “ov”dan qaytayotganimizda militsiya xodimlari duch kelib qolardi. Militsionerlarga darhol talabalik guvohnomamni ko‘rsatardim va qishloqdan og‘aynilarim kelganini, ularni shahar bo‘ylab aylantirganimni aytardim. Huquqshunoslik fakulteti talabasi degan yozuvni ko‘rib ular indamay qo‘yvorishardi.

“Hayotiy hikoyalar ruknidan berilayotgan navbatdagi hikoya qahramoni 1990-yillar boshlaridagi alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda jinoyatchilar guruhiga qo‘shilib qolgan sobiq jinoyatchi ekan.

Yaqinda Kun.uz’da o‘tgan yil “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida qo‘lga olingan shaxslardan bir qanchasining qamalgani haqida o‘qib qoldim. Bir paytlar men ham “ko‘cha” odami bo‘lganman va odamlarni tunaganmiz”, deb yozibdi u.

Qahramonimiz maktubida o‘shanda faoliyati uzoqqa bormagani, mustaqillikning ilk yillarida qo‘lga tushib, qonunuy jazo olgani, tanishining yordami tufayli qamoqda uzoq o‘tirmagani, keyin advokat bo‘lib ishlab, qing‘ir ishlarini davom ettirgani haqida yozibdi.

Advokatlik qilib yurganida u firibgarlik jinoyatini sodir etib yana sudlangan va qamalib chiqqan ekan.

“Endi eslab ko‘rsam joylarda jinoyatchilikning avj olishi SSSR tarqab ketmasidan avval nazorat ancha susaygan paytlarda boshlangan ekan. 1990 yilda o‘zim yashaydigan poytaxt viloyatidagi tumanlardan birida o‘g‘rilarning guruhboshisi bo‘lib qoldim.

O‘shanda tajribali o‘g‘rilar qolib meni o‘g‘riboshi qilishgani o‘zimga ham taajjublanarli bo‘ldi. Balki menda Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakulteti diplomi borligi uchun shunday yo‘l tutishgandir. Kimdir qo‘lga tushib qolsa yordamim tegishi mumkin edi.

Otam rahmatli huquqshunoslik sohasida o‘qitish uchun Toshkentga yetaklab borganida meni kelajakda qonun va adolat himoyachisi bo‘ladi deb o‘ylagan bo‘lsa ajabmas.

Talabgorlar ko‘p edi, ikki yil o‘qishga kira olmadim. Keyin otamga huquq sohasiga o‘qishga kirish uchun prokuror yoki sudyaning o‘g‘li bo‘lish yoki “tanka” topish kerakligini aytdim.

O‘shanda butun hayoti oddiy hayot bilan o‘tgan otam nima qilib bo‘lsa ham meni o‘qitishga qat’iy ahd qildi va keyingi yilda belbog‘iga bittta novos va o‘ttiztacha qo‘yning pulini tugib bordi.

“Tanka” ham topildi, o‘qishga ham kirdim. Biroq talabalik paytimda kayf-safoga berildim, giyohvand moddalar va yengiltak ayollar ovunchog‘im bo‘ldi. Ular uchun pul kerak edi va shu tariqa o‘g‘rilar safiga qo‘shilib qoldim.

1980-yillar oxirlarida universitetda o‘qir ekanman, kunduzlari darsga boraman, tunda “ov”ga chiqamiz. Gohida o‘g‘irlik, gohida talonchilik ham qilib turamiz.

Mening huquqshunoslik fakultetida o‘qishim to‘damizni ko‘p marta qutqarib qolgan. Ba’zida tunda “ov”dan qaytayotganimizda militsiya xodimlari duch kelib qolardi. Militsionerlarga darhol talablik guvohnomamni ko‘rsatardim va qishloqdan og‘aynilarim kelganini, ularni shahar bo‘ylab aylantirganimni aytardim.

Huquqshunoslik fakulteti talabasi degan yozuvni ko‘rib ular indamay qo‘yvorishardi. O‘shanday paytda bo‘limga olib borishsa, yonimizdan o‘g‘irlangan yoki kimlardandir tortib olingan narsalar chiqardi va biz qamalib ketishimiz mumkin edi.

Qutqaruvchi talabalik guvohnomam uchun menga ba’zida ko‘proq hissa ajratishardi. Shu tariqa besh yil o‘tib ketdi va men diplomimni olib tumanimga qaytdim.

Diplomni ko‘tarib bir nechta joyga bordim, bo‘sh o‘rin yo‘q ekan. Faqat arzimagan maosh evaziga maktabda o‘qituvchi bo‘lishni taklif etishdi, rad etdim. O‘sha paytda otam olamdan o‘tgan, men esa qora mehnat qilmoqchi emasdim.

O‘qishni bitirib qaytgan paytimda tumanlarda ham “reket” deb ataluvchi jinoiy guruhlar paydo bo‘lgan ekan. Bunday guruh faqat talonchilik va o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etardi.

Bekor yurgan kunlarimning birida tumanimdagi guruhni topib qo‘shilmoqchi bo‘ldim. Ammo qabul qilishmadi. Toshkentdagi bir-ikkita taniqli o‘g‘riboshilarning nomini tilga olgandim, ertaga kel, deyishdi.

Ertasi kuni borsam boshqacha kutib olishdi, chamamda ular meni so‘rab surishtirishgan va yetarlicha ma’lumot olgan. Yuqorida aytganimday ko‘p o‘tmay meni guruh rahbari bo‘lishga taklif etishdi, rozi bo‘ldim.

1991 yilda davlat nazoratni batamom susaytirib yubordi. Boshqa joylarda bo‘lgani kabi biz ham odamlarning mashinasini o‘g‘irlab, ma’lum pul evaziga qaytarib bera boshladik.

Mashinasi yo‘q, lekin o‘ziga to‘q odamlarning oila a’zolarini ham o‘g‘irlaganmiz. Bu ishimiz mustaqillikdan keyin ham qariyb uch yil davom etdi. Boshqalar kabi bizning ham yig‘iladigan “ofis”imiz bor edi.

O‘shanda ko‘pchilik guruhimiz aslida nima ish bilan shug‘ullanishini bilar, biroq qo‘rquv tufayli bu haqda gapira olmas edi. Qolaversa, biz o‘z “ishlarimizni” hammaga ko‘rsatib qilmasdik.

1994 yil kuz fasli, “ofis”da o‘tirganimizda birdaniga eshikni tepib ichki ishlar xodimlari kirib kelishdi. Hammamizni hibsga olishdi. Bizga qarshi jinoyat ishi ochildi. O‘shanda guruhimiz a’zolaridan o‘n kishi qo‘lga tushgandi, qolganlarni “sotmadik”.

Qachon bo‘lsa ham bizni “yig‘ishtirib olishlari” aniq edi. Lekin kutilmaganda hibsga olinishimizga sobiq sudyaning xotinini o‘g‘irlab pul talab qilganimiz sabab bo‘lgan ekan.

O‘n kishini tergov qilish jarayoni uchun qariyb bir yil ketdi. Ichki ishlar mabodo bizdan jabrlanganlar bo‘lsa, murojaat qilishni so‘radi. O‘nlab odamlar jabrlanuvchi sifatida shikoyat qilgan.

Sud ham ancha kun davom etdi va bizga hukm o‘qildi. Unga ko‘ra guruh a’zolari 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi oldi. Menga guruhga rahbarlik qilganim uchun 10 yil berishdi.

O‘shanda guruhimizga tegishli jinoyat ishi guvohlarning so‘zlari va bizning ko‘rsatmalarimiz bilan bir necha tom bo‘ldi. Sud hukmi esa qariyb 100 varaq bo‘ldi.

O‘sha paytlarda sud kotiblari oddiy yozuv mashinkasi ishlatishardi. Qariyb 100 varaqli hukm matnidan sudlanuvchilar va jabrlanuvchilarga bir nusxadan berish lozim edi.

Yozuv mashinkasida ko‘chirib chiqish uzoq vaqt olishi inobatga olinib, hukm viloyat bosmaxonasida chop etildi. Esimda sud hukmi nusxasi deb yaqinlarimga kitobcha berishgandi.

1995 bahorda hukm o‘qildi va bizni qamoqxonaga jo‘natishdi. O‘shanda shu bilan endi umrim qamoqda o‘tib ketadi deb afsuslana boshladim. Biroq negadir qilgan ishlarimdan afsusda emasdim.

Qamalganimga ikki yil bo‘lganda meni ko‘rishga kelgan o‘g‘lim hamkursim vazirliklardan birida katta amal egasiga aylanganini aytdi.

Shunda o‘g‘limga darhol uning qabuliga kirib, mening vaziyatimni bildirishini so‘radim. Ko‘p o‘tmasdan, men yotgan qamoqxonaning boshliq o‘rinbosari chaqirtirdi. Oldiga kirdim.

“Faloncha Falonchayevichni taniysizmi?” deb so‘radi, yaqin o‘rtog‘im bo‘lishini, universitetda bir guruhda o‘qiganimizni, yotoqxonada besh yil bitta xonada yotganimizni aytib berdim.

Albatta gaplarimning yarmi yolg‘on edi. Bitta kursda, bir guruhda o‘qiganimiz rost, lekin yaqin og‘aynim bo‘lgani va bitta xonada besh yil birga turganimizni o‘zimdan qo‘shib yubordim. Meni so‘ratibdimi, demak sal mubolag‘a bilan gapirsam bo‘laveradi deb o‘yladim.

Shunda boshliq o‘rinbosari Faloncha Falonchayevichni juda hurmat qilishini, qolaversa men o‘zimni namunali tutganimni, barchasini inobatga olib, meni muddatidan oldin qamoqdan ozod qilib, probatsiya xizmati nazoratiga topshirishini aytdi. Shu tariqa uch yilga yetmay qamoqdan chiqdim.

Uyga borgach, ertasi kuni to‘g‘ri menga yordam qilgan hamkursimning oldiga jo‘nadim. Unga minnatdorchilik bildirishim lozim edi. Borib unga rahmat aytdim. Shunda u “iltimos, buyog‘iga qonunlarni buzmay tinch yasha” dedi. Unga qamalib chiqqanim uchun hech qayerga ishga olmasliklarini aytdim. U “advokatlik qilishing mumkin” dedi.

Hamkursim bilan xayrlashar ekanman, agar egri yo‘lga kirmasam va to‘g‘ri hayot kechirsam har doim yordamga tayyorligini aytdi. Uning oldidan xursand bo‘lib chiqib ketdim.

Ko‘p o‘tmay sobiq jinoyatchi va mahbusdan advokatga aylandim. Ishlar ekanman, qamoqdan chiqishim va advokat bo‘lishimda hozirda vazirlikda katta mansabda ishlayotgan hamkursim, qiyomatli do‘stim yordam bergani haqida hammaga gapira boshladim.

Maqsadim, bu gap tumanimizdagi va viloyatdagi ayrim mansabdorlarga yetib borsin, “ortimda” kim turganini bilishsin va yo‘limdan chiqishmasin. Bu qo‘llagan “taktikam” naf berdi va tumanda hokimdan tortib prokurorgacha meni ko‘rsa qo‘shqo‘llab so‘rashadigan bo‘ldi.

Buyog‘iga ishim silliq ketaverdi va istalgan sud ishida yutib chiqa olardim. Mendan hatto sudyalar ham qo‘rqardi va advokatlik qilgan ishlarimda mijozimda yetarli dalillar bo‘lmasa ham uning foydasiga hukm chiqarib berishardi.

O‘sha paytlarda “eng kuchli advokat” deb nomim chiqdi. Shundan so‘ng “xizmat haqi”ni juda baland qo‘yadigan bo‘ldim. Chunki sudyalar men hayiqib turgani bilan mijozim foydasiga hukm chiqargandan so‘ng umidvor bo‘lishadi, ularga ham uzatishim kerak.

Keyinchalik nomim viloyatda ham mashhur bo‘ldi va boshqa tumanlardan ham mijozlar kela boshladi. Boshqa tumanlarda sudyalar meni tanimasdi. Shu sababli ishni olganimdan so‘ng sudyani surishtirardim. Agar puldan hazar qilmaydigan odam bo‘lsa ishni olardim. Agar pulga sotilmaydi deyishsa mijozni qaytarardim.

Chunki advokat uchun eng yoqimsiz narsa ishni yutqazish. Mijoz keladi, unga ishni yutishga harakat qilishingizni aytib pul olasiz. Agar yutqazib qo‘ysangiz, birinchidan, obro‘ngiz tushadi. Ikkinchidan, mijoz pulimni qaytar deb sizni sarson qilishi ham mumkin. Shu uchun faktlar bilanmi yoki sudyani sotib olibmi, aniq yuta olishimga ishonch hosil qilgan ishlarni olardim.

Kimlargadir sudyalarni sotib olish haqidagi gaplarim erish tuyular, biroq advokatlarning orasida har xil odam bo‘lganiday, sudyalar ham turlicha edi. Biri pulga sotilmasa, boshqasi sotiladi.

Ana shunday tarzda ishlab yurgan paytlarimda “Ko‘za kunda emas, kunida sindi”. Kunlarning birida bir mijoz keldi. Aytishicha, o‘g‘li fermer bo‘lgan va yer sotayotib qo‘lga tushgan.

Ishni qaysi tergovchi olib borayotganini so‘radim. U aytgan tergovchiga bir-ikki marta hamkorlikda ishlashni taklif qilganimda rad etgandi. Bu safar kattaroq pul taklif qilsam ko‘nar deb o‘yladim.

Mijozga juda katta pulni aytdim va bu puldan tergovchi va keyinroq sudyaning haqini berishimni aytdim. U tezda rozi bo‘ldi va pulni ertaga olib keladigan bo‘ldi.

Ertasi kuni pulni olayotganimda birdaniga uch-to‘rt kishi paydo bo‘ldi va qo‘limga kishan urishdi. Mijoz meni sotgan edi. Uni esladim, ancha yillar avval ishni aniq yutaman, bo‘lmasa pulni qaytaraman deb ishontirgandim.

O‘shanda kutilmaganda ishni yuta olmadim. “Jigardan bo‘lgan” pullarni qaytarib bermagandim. O‘shanda u pullarni qaytarib olish uchun bir muddat meni bezovta qilgan, biroq maqsadiga erisha olmagandi.

O‘shandan buyon menga qasd qilib yurgan ekan, oxiri ushlab berdi. Oradan ancha yil o‘tib ketgani uchun uni tanimabman. Taniganimda balki boshqacha ish tutarmidim.

Qo‘lga tushgan paytimda “katta ishda ishlovchi” hamkursim ishdan bo‘shab ketgan, endi uni orqa qila olmasdim. O‘shanda yillar davomida tanishgan odamlarni aralashtirdim, biroq ularning “kuchi yetmadi”. Shundan so‘ng bir necha yilga qamalib ketdim.

Yoshim 50 ga yaqinlashib qolganda qamoqda o‘tirib o‘tgan hyotimni sarhisob qildim. O‘ylab ko‘rsam butun umrim jinoyat va gunoh ishlar bilan o‘tibdi. O‘sha yerda tavba qildim va qamoqdan chiqsam to‘g‘ri hayot kechiraman deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim.

Qamoqdan chiqib kelganimga ham ancha yil bo‘ldi. Endi mahalladagi tengqurlar bilan choyxonada osh yeb yuribman. Va’damda turib eski ishlarga qaytmadim.

Hozir ham kimlardir oldimga yordam so‘rab kelib turadi. Ularga tekinga huquqiy maslahat beraman. Kelgan odam aybdor bo‘lsa jazodan qutulishni emas, to‘g‘ri hayot kechirish kerakligini uqtirib chiqarib yuboraman. Agar jabrlanuvchi bo‘lsa yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman. Biroq ming qistashmasin advokatlik qilmayman.

Bugun o‘tgan ishlardan juda afsuslanaman. Ammo endi hayotni ortga qaytarishning iloji yo‘q. Boshqalarga “men qilgan xatolarni qilmanglar, bir marta beriladigan bu umrni faqat yaxshilikda o‘tkazinglar deyman”.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid