21:33 / 29.05.2024
7448

O‘zbekiston 2 yil ichida JSTga a’zo bo‘lmoqchi - Jamshid Xo‘jayev

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan sammitiga qadar tashkilotga a’zo bo‘lib kirish jarayonini yakuniga yetkazish niyatida. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev a’zolik jarayoni bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Foto: Jahon savdo tashkiloti

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.

Jahon savdo tashkiloti saytida xabar qilinishicha, Xo‘jayev bu haqda 24 may kuni, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 8-yig‘ilishida aytib o‘tgan.

“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadida sobit turibdi va bu yo‘nalishda ilgarilash uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, – degan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari.

Jamshid Xo‘jayev ishchi guruh a’zolarini O‘zbekistonning a’zolik jarayoniga “sarmoya kiritish va qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirgan, ularning “hamkorligi, malakasi va yordami” muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topishi uchun juda imuhimligin ta’kidlagan.

Ishchi guruh raisi, Janubiy Koreyaning JSTdagi elchisi Yun Sung Dok muzokaralar jadallashganini qayd etgan.

“Bugun biz 7-uchrashuvimizdan atigi 6 oy o‘tib yana uchrashyapmiz. Ishchi guruh uchrashuvlari oralig‘idagi qisqa vaqt ishimiz shubhasiz tezlashganini ko‘rsatmoqda. Ishonchim komilki, bu – a’zolik jarayonini boshqarish va muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida o‘tgan yili kiritilgan institutsional o‘zgarishlar natijasi”, dedi u.

Yun Sung Dokning so‘zlariga ko‘ra, 23 may kuni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektorini qo‘llab-quvvatlash borasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston ishchi guruhning o‘tgan yili noyabrda bo‘lib o‘tgan 7-uchrashuvidan keyingi oylarda tashkilotning 33 a’zosi ikki tomonlama faol muzokaralar olib borgan; Dominik Respublikasi, Isroil, Yaponiya va Urugvay bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz ishchi guruhning avvalgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston prezidentining JST bo‘yicha maxsus vakili Aziz Urunovga qator savollar bilan murojaat qilgandi.

Top