22:21 / 06.06.2024
3155

6 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrif buyurdi, prezidentga turk mudofaa sanoatidagi yutuqlar taqdimot qilindi. Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olib, zaxiralarni diversifikatsiya qila boshladi.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi

O‘zbekiston prezidenti “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu bilan davlat organlari va davlat ulushi 50 foizdan ortiq kompaniyalardagi tanish-bilishchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlandi. Hujjat asosida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi vakolatli organ deb belgilandi.

Qonunga ko‘ra, davlat xizmatchilarining yaqin qarindoshlari deganda ularning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari, turmush o‘rtog‘i hamda turmush o‘rtog‘ining farzandlari, ota-onasi, aka-ukalari va opa-singillari tushuniladi. Davlat xizmatchilari faoliyati davomida ushbu shaxslar va ularga aloqador kompaniyalarning manfaatiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar yuzaga kelganida, bu haqda tegishli tartibda xabar berishi va deklaratsiya to‘ldirishi kerak bo‘ladi.

Aks holda, davlat xizmatchilari bazaviy hisoblash miqdorining 3-5 barobari miqdorida jarimaga tortiladi. Huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 5-10 barobarigacha oshadi. Agar mansabdor shaxs o‘ziga ma’lum bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi holatini bartaraf etmasa, u birinchi marta BHMning 5-10 barobari miqdorida, takroriy holatda esa BHMning 10-15 barobari miqdorida jarimaga tortiladi. Agar huquqbuzarlik davlat xaridlariga doir bo‘lsa, u holda jarima miqdori kattaroq – BHMning 10 barobaridan 20 barobarigacha yetadi.

Imzolangan qonun 6 oydan keyin kuchga kiradi.

Firdavs Abduxoliqov Islom tsivilatsiyasi markaziga direktor bo‘ldi

Hozirgacha manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygani uchun jazoga tortilgan eng katta lavozimli amaldor Kinematografiya agentligining endilikda sobiq rahbari Firdavs Abduxoliqov hisoblanadi. 2022 yilda u o‘zining oila a’zolariga tegishli “Sevimli” telekanali bilan 1,8 mlrd so‘mlik shartnoma tuzib, bu haqda tegishli tartibda xabar bermagani uchun 8,1 mln so‘m jarimaga tortilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Abduxoliqov kecha o‘z lavozimini tark etgan.

O‘zbek kino sohasini salkam 5 yil boshqargan Firdavs Abduxoliqov faoliyatini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori sifatida davom ettiradi. Kinematografiya agentligida uning o‘rniga yozuvchi Shuhrat Rizayev vaqtincha rahbar bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Islom sivilizatsiyasi markazini shu paytgacha Shoazim Minovarov boshqarib kelayotgan edi. Uning yangi ish joyi hozircha ma’lum emas.

JST rahbari – O‘zbekistonda

Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi jarayoniga bag‘ishlangan konferensiyada ishtirok etdi. Davlat rahbari u bilan uchrashuvda O‘zbekiston tez fursatda tashkilotga a’zo bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekiston rasmiylari hamda Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi vakillari ishtirokida o‘tgan konferensiyadagi nutqida, a’zolikka nomzod davlatlar a’zolik jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashi uchun zarur 5 ta asosiy omilni sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda kuchli siyosiy iroda, idoralararo muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi, malakali texnik muzokarachilar, hamkorlarning yordami va amaliy harakatlarning vaqtlarini belgilovchi yo‘l xaritasining bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Konferensiyada so‘zga chiqqan prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishga qat’iy kirishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy sohalar rivoji va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlardan aslo ortga chekinmaydi. Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini tezlashtirishga qaratilgan muhim prezident farmoni imzolangan edi.

Shavkat Mirziyoyev – Turkiyada

Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Anqarada O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, shuningdek ikki mamlakat yetakchilari raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, mezbonlar Shavkat Mirziyoyevni Turkiyaning mudofaa sanoatidagi yutuqlari bilan ham tanishtirishdi. Davlat rahbari Anqarada Turkiya aerokosmik markazi – Turkish Aerospace Industries kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda O‘zbekiston prezidentiga Turkiya mudofaa sanoatining keng turdagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ishlab chiqarish salohiyati taqdimot qilindi. Shuningdek, zamonaviy turk aviatsiyasining namoyish parvozlari ham o‘tkazildi.

Yo‘llarda o‘layotgan bolalar

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ayol va uning ikki farzandini urib yubordi “KamAZ” urib ketdi. Oqibatda bolalarning ikkalasi ham voqea joyida vafot etgan, ona esa shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “KamAZ”ning 25 yoshli haydovchisi qamoqqa olingan.

Yosh bolaning o‘limi bilan bog‘liq avariya Samarqandning boshqa bir tumani Urgutda ham ro‘y berdi. Bu yerda 9-sinf o‘quvchisi Nexia-2 mashinasini boshqarib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 6 yoshli qizni urib yuborgan. Qiz og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. 9-sinf o‘quvchisi mashinani otasidan so‘ramay minib ketgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkentda esa MIB 200 ga yaqin qoidabuzarlik qilgan haydovchining Teslaʼsini xatladi. Qarzdorning 2023 yil iyun oyidan boshlab hozirgi kunga qadar 186 ta ijro ishi bo‘yicha 116 mln so‘m to‘lovi bo‘lgan. Hozirgi kunda xatlangan Tesla’ni sotuvga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

MB ilk marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oldi

O‘zbekiston Markaziy banki ilk marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga birlamchi investitsiya kiritish amaliyotlarini o‘tkazgan va tegishli portfellar shakllantirilgan. Bu jarayonga texnik jihatdan Jahon banki ekspertlari ko‘maklashgan.

Ma’lumot uchun, hozirga qadar O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining qariyb 80 foizi oltin shaklida, qolgan 20 foizi xorijiy valuta ko‘rinishida saqlab kelingan. Tahlilchilar fikricha, Markaziy bankning qimmatbaho qog‘ozlarga investitsiya kirita boshlashi – idora jahonda oltin narxi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi deb hisoblayotganidan darak beradi.

Top