Jahon | 07:31 / 06.06.2024
4160
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada poyezd halokatga uchrashi oqibatida to‘rt kishi vafot etdi

Pardubitse shahri yaqinida yo‘lovchi poyezdi va yuk poyezdining to‘qnashuvi natijasida bir vagon relsdan chiqib ketdi. Hududda transport harakati to‘xtab qolgan. Hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Foto: Jiri Sejkora/via REUTERS

5 iyun, chorshanba kuni kechqurun Chexiyada yo‘lovchi poyezdining halokatga uchrashi oqibatida kamida to‘rt kishi vafot etdi. Viloyat gubernatori Martin Netolitski Facebook’da RegioJet poyezdi va yuk poyezdining to‘qnashuvi haqida yozdi. «Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv natijasida 4 kishi halok bo‘lgan, qolganlarning ahvoli og‘ir, o‘nlab kishilar yengil tan jarohatlari olgan», — deyiladi xabarda.

Voqea joyiga yetib kelgan Chexiya Respublikasi ichki ishlar vaziri Vit Rakushanning tushuntirishiga ko‘ra, 20 kishi yengil tan jarohati olgan, 3 nafari o‘rtacha og‘irlikda. Turli manbalarga ko‘ra, Chexiya poytaxti Pragadan Slovakiyaning Koshitse shahriga ketayotgan Regiojet xususiy temiryo‘l kompaniyasining tungi ekspressida 200 nafardan 300 nafargacha odam bo‘lgan. ČT24telekanali xabariga ko‘ra, voqea Pragadan 100 kilometr sharqda joylashgan Pardubitse shahridagi asosiy vokzal yaqinida sodir bo‘lgan. 

Hodisa sababi hozircha oshkor etilmayapti. Ehtimoliy versiya - mashinist xatosi

Qutqaruv ishlari hamon davom etmoqda, dedi Pardubitse qutqaruv xizmati matbuot kotibi Alena Kisiala. Nashr etilgan fotosuratlar va videolarga ko‘ra, to‘qnashuvdan so‘ng Regiojet tezyurar poyezdining lokomotivi orqasidagi birinchi vagon relsdan chiqib, qisman ag‘darilib ketgan, yuk poyezdining lokomotivi shikastlangan. 

«Pardubitseda ikkita poyezdning to‘qnashuvi - katta fojia. Barchamiz halok bo‘lganlar uchun qayg‘udamiz», - deb yozdi Chexiya bosh vaziri Petr Fiala X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Hodisa sabablari hozircha o‘rganilmoqda. Zdopravy.cz portaliga ko‘ra, avariyada ikkala poyezd mashinisti ham omon qolgan. «Hammasi to‘qnashuv RegioJet mashinisti xatosi tufayli sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidladi portal voqeaning o‘z versiyasini keltirib.

Baxtsiz hodisa transport harakatini to‘xtatib qo‘ydi 

«Yuk poyezdi kalsiy karbidini olib ketayotgan edi, biroq dastlabki ikkita vagon bo‘sh edi, shuning uchun boshqa hech qanday jiddiy hodisa yuz bermadi», dedi Pardubitse tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi matbuot kotibi Vendula Horakova ČT24 telekanaliga. 

«Chexiya temiryo‘llari» kompaniyasi avtohalokat yo‘l qismidagi harakatni to‘xtatib qo‘yganini aytdi. Temiryo‘lchilar Pardubitsedagi yo‘l bo‘ylab harakatlanish ertalab soat sakkizda tiklanishini kutishmoqda. Kompaniya ma’muriyati yo‘lovchilardan Pardubitsega yoki Pardubitse orqali poyezd safarini kamida 6 iyun kuniga kechiktirishni so‘radi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid