20:42 / 07.06.2024
6776

Yaponiya kompaniyasi koinotgacha lift qurishni rejalashtirmoqda

Yuk va odamlarni orbitaga yetkazish arzonroq bo‘ladi, ammo bir qator texnologik qiyinchiliklar mavjud. 

Foto: Obayashi Corporation

Yaponiyaning Obayashi Corporation kompaniyasi 2050 yilgacha koinotga qadar lift qurishni rejalashtirmoqda. 

Kompaniya vakillari hozir liftni loyihalash, tegishli tadqiqotlar, korporatsiyalar va muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanmoqda. Qayd etish joiz, Obayashi bir qancha hayratlanarli loyihalarni amalga oshirgan, jumladan, dunyodagi eng baland Tokyo Skytree teleminorasini qurgan.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, koinot liftini qurish qiymati 100 milliard dollardan oshadi va qurilish ishlarining o‘zi 20 yildan ko‘proq vaqt olishi mumkin. 

Ilmiy va muhandislik hamjamiyatida koinot lifti g‘oyasi bo‘yicha faol munozaralar mavjud. Ko‘pchilik hozir texnik jihatdan bunday tuzilmani qurish mumkinligiga shubha bilan qaraydi. Birinchi navbatda materiallar bilan bog‘liq muammolar tufayli. 

Obayashi korporatsiyasi uglerodli nanoquvurlardan foydalanmoqchi, biroq hozircha ular yetarli darajada uzunroq qilib ishlab chiqarilmagan. Boshqa materiallardan foydalanish istisno qilinmaydi. Axir, lift kamida geostatsionar orbitaga, ya’ni 36 ming kilometrga cho‘zilishi kerak. Bu Yerning aylanishi bilan hamohang bo‘lishiga imkon beradi. 

Bunday ulkan qurilmaga ob-havo ta’sir qilish xavfini ham hisobga olish kerak. Shuningdek xavfsizlik tizimlarini ham alohida tarzda o‘ylab ko‘rish kerak. 

Obayashi korporatsiyasi ushbu muhandislik muammolarining barchasini hal qilish mumkinligiga ishonmoqda. Koinot lifti g‘oyasi jozibali iqtisodiy samaraga ham ega. Undan foydalanish yuklarni orbitaga yetkazish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kg yukni jo‘natish narxi 50 dan 500 dollargacha bo‘ladi. Taqqoslash uchun, hozir Space X o‘zining Falcon 9 raketasida 1 kg yukni 2500 dollarga tashimoqda. 

Bundan tashqari, Obayashi korporatsiyasining ta’kidlashicha, koinot lifti raketalarga qaraganda ancha xavfsizroq bo‘ladi, shuningdek, atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytiradi.

Top