Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil maxsus topshiriqli bo‘linmasining G‘azo markazidagi Nusayrat qochqinlar lagerida garovdagi 4 nafar isroillikni qutqarish bo‘yicha o‘tkazgan amaliyoti bir necha hafta davomida rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Garchi garovdagilarning ozod etilgani Isroilda katta xursandchilik bilan kutib olingan bo‘lsa-da, reyd davomida falastinliklar halok bo‘lgani aytilmoqda.

HAMAS matbuot xizmati reyd oqibatida 274 kishi, jumladan, bolalar va tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Yoz urug‘lari» deb nomlangan reydni amalga oshirish orqali maxsus bo‘linma nafaqat shturm vaqtida, balki chekinishda ham tavakkalchilik qilishiga to‘g‘ri kelgan.

TsAHAL matbuot kotibi, kontr-admiral Daniel Hagarining so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda Isroildan G‘azoga kirib borgan maxsus topshiriqli bo‘linma bir vaqtning o‘zida «Nusayrat»dagi ikkita turar joy kvartaliga hujum qilgan, bu hududlarda garovdagilar ushlab turilgan bo‘lgan.

Ichkariga bostirib kirgan guruhlar garovdagilarni ozod etgan va ularni ko‘chada turgan harbiy mashinalarga olib chiqishgan, bu yerda ular qurollangan falastinliklarning qattiq qarshiligiga duch kelishgan.

HAMAS garovdagilarni ushlab turgan joyda yashovchi falastinliklarga ko‘ra, qutqaruv amaliyoti chog‘ida hudud intensiv ravishda bombardimon qilingan va og‘ir qurollardan o‘qqa tutilgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ikki soatlik amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan 86 kishining familiyasini e’lon qilgan.

Qutqaruv operatsiyasiga munosabat

Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos o‘zi «Isroil kuchlari tomonidan sodir etilgan qonli qirg‘in» deb atagan hodisa yuzasidan zudlik bilan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirgan.

Yevropa ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel G‘azodagi amaliyot davomida qurbonlar soni ko‘p bo‘lganini tanqid ostiga olib, bu holatni «qat’iy tarzda qoralashi»ni aytgan.