O‘zbekiston | 21:40 / 02.07.2024
4935
6 daqiqa o‘qiladi

2 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Shavkat Mirziyov Qozog‘istonga tashrif bilan boradi, tungi vaqtdagi shovqinlar uchun jarimalar miqdori oshirilmoqda, budjet defitsiti oshib bormoqda va uchta tumanda hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz. 

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga boradi

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev taklifiga binoan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va "ShHT plyus" formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun 3–4 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.

Sammit kun tartibidan ShHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning muhim jihatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ilish yakunida Ostona deklaratsiyasi hamda iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya, energetika, turizm va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan. 

Tundagi shovqinlar uchun jarimalar oshirilmoqda

O‘zbekistonda tunda fuqarolar osoyishtaligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Hujjat bilan bilan fuqarolar osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Qonun loyihasi bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilanmoqda.

Tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 9:00 gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Bunga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Ayni paytda mazkur huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori fuqarolarga 113 ming so‘m, mansabdor shaxslarga esa 113 ming so‘mdan 226 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi. 

Budjet defitsiti oshib bormoqda

2024 yilning birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari 115,8 trln so‘m, xarajatlari esa 149,8 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 34 trln so‘mga yetgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 27 foizga ko‘p.

Birgina iyun oyida davlat budjeti daromadlari – 23 trln 233,4 mlrd so‘m, xarajatlari esa 27 trln 879,9 mlrd so‘m bo‘lgan. Salbiy farq – 4 trln 646,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Umumiy hisobda o‘tgan olti oylikdagi davlat budjeti taqchilligi 34 trln 49 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan 2023 yilning birinchi yarim yilligida davlat budjeti defitsiti 26,8 trln so‘m bo‘lgan. 

Uchta tumanda hokim o‘rinbosarlari pora bilan ushlandi

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh va Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanlari hokimlarining qurilish, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tezkor tadbirlarda pora bilan qo‘lga olindi. Ularning barchasiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Taxiatosh tumani hokimi o‘rinbosari hokimlik balansida bo‘lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga 35 million so‘m talab qilgan. Tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 32 mln so‘mni o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bo‘ston tumani hokimining o‘rinbosari tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o‘simligi yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Bo‘ka tuman hokimi o‘rinbosari 2022 yilda qurilgan ko‘p qavatli uy uchun «Qurilishi tugallangan obektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida davlat qabul qilish dalolatnomasi»ni tasdiqlatib berish evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Mavzuga oid