29 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘qishga o‘tishning minimal ballari, 15 foizga oshirilgan kontrakt summasi, 7 yilga qamalgan pasport stoli sobiq boshlig‘i, 47 fuqaroni aldab pulini olgan shaxs ushlandi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘tish ballari o‘zgarmadi
Davlat qabul komissiyasi tegishli bayoni bilan 2024-2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga minimal o‘tish ballari tasdiqlandi.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga davlat granti bo‘yicha minimal o‘tish balli – 68 ball (maksimal 189 ballning 36 foizi), to‘lov-kontrakt bo‘yicha minimal o‘tish balli – 56,7 ball (maksimal 189 ballning 30 foizi) etib belgilandi.
Mazkur talabni bajarmagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok etmaydi.
Yangi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi
Yangi o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘rtacha 15 foizga oshirildi. Qayd etib o‘tish kerak, so‘nggi bor kontrakt miqdorlari 2019/20-o‘quv yilida oshirilgan edi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, to‘lov-kontrakt miqdorlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari hamda ta’lim shakllariga (kunduzgi, sirtqi, kechki) qarab farqlanadi.
Davlat oliy o‘quv yurtlarida 2023/24 o‘quv yilidagi to‘lov-kontrakt miqdorlari bilan solishtirilsa, to‘lov summalari o‘rtacha yaxlitlangan holda 15 foizga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ayni damda 111 ta davlat oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda.
Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant kvotasi
Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 2000 ta davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti e’lon qilindi.
Kvotalar aniq va tabiiy fanlar, texnika fanlari va tibbiyot fanlari yo‘nalishlariga ajratilgan. Bu sohadan ortib qolgani qolgan sohalar uchun ajratiladi. Buni jadvalda aniq ko‘rish mumkin.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga ajratiluvchi davlat granti umumiy kvotaning 4 foizini tashkil etadi. Unga talabgorlar tavsiyanomani Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasidan oladi.
Tavsiyanomani kam ta’minlangan, to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, nogironligi bo‘lgan ota-onaning farzandlari kabi bir qator toifalarga mansub xotin-qizlar olishi mumkin. Ular alohida tanlov doirasida kirish imtihonlarida qatnashadi, eng yuqori ball olgan 2 ming xotin-qiz tavsiyanoma asosida, faqat kunduzgi bo‘limga davlat grantiga o‘qishga qabul qilinadi.
Yana bir grant kovtasi
2024/25 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy o‘quv yurtlarida davlat granti asosida o‘qish uchun 1200 ta kvota ajratildi. Bu avvalgi yilgidan 200 taga ko‘p.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida ajratilgan o‘rinlarning oliy ta’lim tashkilotlari kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
“Pasport stoli” boshlig‘i 7 yilga qamaldi
2022 yilning aprelidan 2023 yilning martiga qadar Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan shaxs Z.A. Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga pul evaziga, noqonuniy tarzda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxs guvohnomasi (ID karta) hamda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirib bergani aniqlandi.
Ushbu “xizmati” uchun jinoiy sheriklar chet el fuqarolaridan 4 ming dollardan 15 ming dollargacha pul mablag‘ini olib, o‘zaro taqsimlab olishgan.
Shunisi e’tiborliki, Z.A. bu ishlarning ayrimlarini lavozimidan bo‘shatilganidan so‘ng, IIVning har qanday elektron tizimlardan foydalanish vakolatiga ega emasligiga qaramasdan o‘ziga biriktirilgan elektron kalitni belgilangan tartibda topshirmasdan amalga oshirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, Z.A. Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Pasportlarni noqonuniy qo‘lga kiritgan chet el fuqarolariga 48 mln so‘mdan 124,5 mln so‘mgacha jarima jazolari berilgan.
47 kishini aldagan fuqaro ushlandi
Samarqandda 47 kishini aldab, chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami 37 ming 160 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan fuqaro ushlandi.
Oqdaryo tumanida daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan fuqaro V.I. ikki fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Angliya davlatiga ishga yuborishi evaziga 4500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, tadbir davomida 1,2 mln so‘m va 700 AQSh dollarini qaytarib bergan chog‘ida ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro V.I. 47 nafar fuqaroni yuqoridagi kabi aldab, chet davlatlarga ishga yuborishi evaziga jami 37 ming 160 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan firibgarlik ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Mavzuga oid
20:01 / 12.11.2024
12 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:00 / 11.11.2024
11 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024