Dunyoning ko‘plab shaharlari iqlim ta’siri ostida o‘z hududlarining haddan tashqari qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘proq daraxt ekish tashabbusi bilan chiqmoqda. Biroq bu harakatlar muammoni hal qilishda ko‘pchilik o‘ylagandek samarali bo‘lmasligi mumkin.
UNSW Sidney tadqiqotchilari Kay Gao, doktor Jyey Feng va ilmiy professor Matteos Santamuris olib borgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, daraxtlarning issiqlikni yumshatish borasidagi foydasi jaziramada sezilarli darajada susayadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, an’anaviy iqlim modellari jaziramada daraxtlarning sovitish qobiliyatini 60 foizga oshirib baholagan.
“Yashil infratuzilmani qo‘shish, ayniqsa daraxtlar ekish, shahar hududida issiqlikni kamaytirish uchun keng tarqalgan chora. Ammo tadqiqotimiz issiqlik to‘lqini paytida shahardagi haroratni yumshatish uchun daraxtlarda ayrim limitlar mavjudligini ko‘rsatdi. Bu bilan daraxt ekish tashabbuslari issiqlikni kamaytirishda muhim rol o‘ynamaydi, deyish xato, lekin keng ko‘lamli daraxt ekish siyosatini diqqat bilan ko‘rib chiqish talab etiladi”, — deydi tadqiqot hammuallifi professor Santamuris.

Foto: Adobe Stock
Jaziramada sovitish uchun zarur transpiratsiya hodisasi sekinlashadi
Odatda, oddiy yoz sharoitida yashil infratuzilmaning haroratini pasaytirishga qo‘shadigan hissasi kun davomida 1-2°C ni tashkil qiladi. Bu jarayonning asosiy qismi transpiratsiya hodisasi tufayli yuz beradi. Transpiratsiya vaqtida daraxtlar bargi orqali suv bug‘ini chiqaradi, issiqlikni yutadi va atrofidagi havoni salqinlatadi.
Biroq daraxtlar namlikni saqlab qolish va tanasidagi ozuqaviy yelimni ushlab turish orqali suvsizlanishning oldini olish uchun issiqlik bosimi ostida ehtiyot choralarini ko‘radi. Bu esa transpiratsiya tezligini va natijada daraxtlarning sovitish qobiliyatini pasaytiradi – aynan mana shu hodisa hozirgi iqlim prognozlarida e’tibordan chetda qolgan.
Tadqiqot uchun mutaxassislar issiqlik to‘lqini paytida 700 dan ortiq daraxt turlarining transpiratsiyasidagi o‘zgarishlarni modellashtirish uchun global daraxt yelimi oqimini qayd etuvchi ma’lumotlar bazasidan foydalangan. Hodisani tasdiqlash maqsadida ular Sidneydagi evkalipt daraxtlar transpiratsiyasidagi o‘zgarishlarini o‘lchash uchun dala tajribasini ham o‘tkazdi.













