O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azoda humanitar fojia cho‘qqiga yetdi

So‘nggi 50 kun davomida G‘azo sektoridagi chegaralarning yopilishi ikki milliondan ortiq odam hayotiga tahdid solmoqda. «HAMAS» harakati bu holatni xalqaro hamjamiyatning inqirozga javob bera olmaganini ko‘rsatuvchi dalil sifatida baholadi.

Harakatning bayonotiga ko‘ra, Isroilning qamal qilish siyosati tufayli sektor yana oziq-ovqat, ichimlik suvi, yoqilg‘i va dori-darmonlar taqchilligiga duchor bo‘lgan. Hatto bolalar uchun mo‘ljallangan vaksinalar ham kiritilmayapti.

HAMAS buni misli ko‘rilmagan gumanitar fojia deb atadi. Har kuni tinch aholiga nisbatan tajovuz va jazolash amaliyotlari sodir etilayotgani qayd etildi. Bayonotda ta’kidlanishicha, 2,5 mln fuqaroning ochlik va muhosaraga uchratilishi xalqaro normalarga zid ravishda olib borilayotgan jinoiy urushdir.

Qatar va Misrdan 7 yillik tinchlik taklifi

Qatar va Misr Isroil hamda HAMAS o‘rtasida 5–7 yillik to‘liq otashkesimni nazarda tutuvchi yangi tinchlik taklifini ilgari surdi. BBCning yozishicha, rejada garovda ushlab turilgan barcha insonlarni almashish, Isroil armiyasini to‘liq G‘azodan olib chiqish va mintaqada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilgan.

HAMAS delegatsiyasi Qohiraga yetib bordi va muzokaralar davom etmoqda. Isroil hozircha javob bergani yo‘q.

18 martdan buyon Isroil havo hujumlarini qayta boshladi. Oxirgi oyda 1500 dan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. Isroil tanklari Rafahda bufer hudud yaratishni boshladi.

Manbalarga ko‘ra, HAMAS boshqaruvni milliy kelishuv asosidagi yangi falastinlik hukumatga topshirishga rozi. Ammo Isroil hali ham bu taklifni qabul qilmayapti. Muzokaralar natijasi mintaqa kelajagini belgilab berishi mumkin.

Kashmirda turistlar otib tashlandi

Hindistonning Kashmir shtatida turistlarga qilingan qurolli hujum oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy nashrlar.

Otishma Pahalgam shahri yaqinidagi Baysaran vodiysida yuz bergan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiy formadagi bir necha shaxs turistlarga qarata o‘t ochgan. Hujum natijasida 20 dan ortiq kishi yaralangan.