Jahon | 13:54 / 17.08.2024
5917
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga dronlar va qanotli raketa bilan hujum qildi

Sumi viloyatidagi turar joy binosi yaqiniga «Iskander-K» raketasining qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi, deya xabar bermoqda mahalliy hokimiyat. Ukraina Qurolli kuchlari ta’kidlashicha, barcha 14 ta dron urib tushirilgan.

Foto: Efrem Lukatsky/dpa/AP/picture alliance

17 avgust, shanbaga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga Shahed tipidagi 14 ta uchuvchisiz uchish apparati va «Iskander-K» qanotli raketasi bilan hujum qildi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk. Unga ko‘ra, barcha dronlar yo‘q qilingan. «Iskander-K» raketasi Sumi viloyatida turar joy binosi yaqiniga qulab tushdi, deb xabar berdi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksey Drozdenko Telegram-kanalida.

«Svoboda shohko‘chasi hududida oynalar shikastlangan, ko‘plab mashinalar yonmoqda», deb yozadi Drozdenko. Mahalliy politsiyaga ko‘ra, raketa hujumi oqibatida ikki kishi yaralangan. Jabrlanuvchilarni qidirish davom etmoqda. 10 ta avtomobilni qamrab olgan yong‘in o‘chirildi, deb xabar berdi Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati. 

Zaporijjya viloyati: Rossiya bir kunda 400 dan ortiq zarba berdi

Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov 17 avgust kuni ertalab Rossiya Qurolli kuchlari so‘nggi 24 soat ichida mintaqadagi 15 ta aholi punktiga jami 401 ta zarba berganini ma’lum qildi. Hujumlarda artilleriya, bir nechta raketa tizimlari va turli modifikatsiyadagi dronlardan foydalanilgan. 

Fedorovning so‘zlariga ko‘ra, «turar joy binolari va infratuzilma vayron bo‘lgani haqida 15 ta xabar» kelib tushgan.

Mavzuga oid