Jahon | 21:46 / 19.08.2024
9412
3 daqiqa o‘qiladi

«Starlink uchun ham rahmat» - Ramzon Qodirov va Ilon Mask bahsi davom etdi

Avvalroq, Qodirov Ilon Mask tomonidan Cybertruck elektromobili sovg‘a qilinganini aytgan edi. Bu safar Starlink sun’iy yo‘ldoshi uchun minnatdorlik bildirdi.

Ilon Mask va Ramzon Qodirov

Rossiyaning Checheniston hududi rahbari Ramzon Qodirov va amerikalik milliarder Ilon Mask o‘rtasidagi «bahs» davom etdi.

17 avgust kuni Ramzon Qodirov tomiga avtomat o‘rnatilgan Cybertruck elektromobilini haydadi va uni Ilon Mask sovg‘a qilganini ta’kidladi. U Ilon Mask egalik qiladigan Tesla kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Qodirov elektromobil urush zonasiga yuborilishini ham aytdi.

Keyinchalik Mask sovg‘a da’vosini rad etdi. U ijtimoiy tarmoqda shu haqda berilgan savolga kinoya bilan javob qaytardi.

«Men rus generaliga Cybertruck sovg‘a qildim deb o‘ylaysanmi? Shunchalik qoloqmisan? Bu hayratlanarli», deb yozdi Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida jurnalist Set Abramson postiga izoh berib. Yana bir xabarida Mask: «Sizlar eskirgan ommaviy axborot vositalarining yolg‘on gapirishiga yana bir misolsiz», deb qo‘shimcha qildi.

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov bu bilan to‘xtab qolmadi. U Ilon Maskning raddiyasiga javoban Starlink sputnik interneti uchun ham minnatdorlik bildirdi.

«Starlink uchun alohida rahmat. MHO [urush] zonasida aloqa tezligi mutlaqo zo‘r! Jangchilardan alohida hurmat», deb yozdi Qodirov. «Sizning ishlanmalaringiz bizga katta yordam beradi», deb qo‘shimcha qildi Checheniston rahbari va Maskka «qoloq va tashabbussiz odamlar va korrupsion ommaviy axborot vositalariga» e’tibor bermaslikni tavsiya qildi.

Tesla kompaniyasi Cybertruck elektromobili sotuvini 2023 yil dekabr oyida boshlagan. Avtomobilning eng hamyonbop versiyasi 60 ming dollar turadi. Sanksiyalar tufayli uning sotuvi Rossiyada rasman yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu yil fevral oyida Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya frontda SpaceX tomonidan ishlab chiqilgan Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallaridan tobora ko‘proq foydalanayotganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik SpaceX asoschisi va rahbari Ilon Mask buni rad etdi. «Bizga ma’lumki, birorta ham Starlink Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita sotilmagan», deb yozdi u.

Mavzuga oid