“Ayrim fermerlar qamatib yuborish bilan qo‘rqitilyapti”. Mutaxassislar – paxta narxi pasayishi haqida
Klasterlar istagi, hukumatning qo‘llovi va ma’muriy bosimlar ostida paxtani fermerlardan sotib olish narxi pasaytirilmoqda. Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromovga ko‘ra, ko‘plab fermerlar qilgan xarajatlariga kuyib qolyapti. Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, birgina noto‘g‘ri qaror avvalgi davrni eslatuvchi uzun muammolar zanjirini yaratmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda terimchilar paxta dalalarida paxta terishdan bosh tortayotgani haqida videolar tarqalyapti. Bunga paxta narxi tushib ketgani vaji bilan klasterlar fermerlar bilan yil boshida tuzilgan shartnomalarni fermerlar zarariga o‘zgartirishni talab qilayotgani sabab bo‘lyapti. Hukumat esa fermerlarga emas, klasterlarga subsidiya bilan yordam berishga qaror qildi. Mutaxassislar davlatning fermerlar va klasterlar munosabatiga aralashuvi boshqa jiddiy muammolarni tug‘dirayotganini aytyapti. Kun.uz masalani tahlil qilish uchun iqtisodchi Otabek Bakirov va Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov bilan suhbatlashdi.
Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda paxta dalalarida terimchilar paxta terishdan bosh tortayotgani aks etgan videolar tarqalyapti, chunki terimchilarga o‘tgan yilgidan ham kamroq pul – kilogrammiga 1600 so‘mdan to‘lanyapti. Masalaning ildizi shundaki, fermerlar va klasterlar o‘rtasida yil boshidan tuzilgan shartnomalarda paxta narxlari 7 800-8 000 so‘m atrofida shakllangan, paxta kotirovkalari 6 500-7 000 so‘mgacha pasayib ketishi oqibatida esa klasterlar fermerlarni qayta shartnoma tuzishga majburlanyapti. Kun.uz’ga murojaat qilgan fermerlar qayta shartnoma tuzishga majburlanayotgani, bosimlar bo‘layotgani va klasterlar paxta pulini vaqtida to‘lamayotganidan shikoyat qilmoqda.
– Kamoliddin aka, bir necha kun oldin joriy yilgi paxta narxlari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Avvalo mana shu qarordagi asosiy nuqtalarga to‘xtalib o‘tsak.
– 574-sonli hukumat qarorida [jahon bozorida] paxta narxlari tushib ketgani uchun minimal narxlar [7800 so‘mdan] 6800 so‘mga o‘zgartirildi. Lekin u qo‘shimcha kelishuv uchun narx bo‘ldi. Aslida bu fevralda tuzilgan fyuchers shartnomalari o‘zgartirilishi kerak degani emas. Hujjatda bunaqa narsa yozilmagan. Avgust oyida ayrim klasterlar bosim bilan fermerlardan qo‘shimcha kelishuv qilib, 6000 so‘mdan, hatto undan ham arzon shartnomalar qilgan. Bizga shuning oldini olish uchun 6800 so‘m deb belgilandi, degan ma’lumot keldi.
Joylarda fermerlarga bosimlar bo‘lyapti. Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ko‘p fermerlar bilan o‘rtacha 9000-9500 so‘mdan fyuchers savdosi bo‘lgan. 6,8 mln so‘mdan qayta shartnoma qilmasang, subsidiya berilmaydi, terim puli uchun kreditlar ajratilmaydi deb bosim qilinyapti. Fermerlar avvalgi narxga ishonib, tijoriy kreditlar olgan, maksimal foyda ko‘rishni o‘ylab, shunga yarasha xarajat qilgan, hozir ular kuyib qolyapti.
Ikkinchi masala, o‘z mablag‘iga paxta yetishtirgan fermerlar bor, ularda subsidiya masalasi biroz osilib qolgan. 205-sonli prezident farmonida o‘z mablag‘iga yetishtirgan fermerlar o‘zi qayta ishlab sotishi mumkinligi belgilangan, lekin VMning 574-sonli qaroridan shunday xulosa kelib chiqyaptiki, faqat birja orqali sotgandagina subsidiya berilyapti. Qayta ishlab sotganlarga subsidiya ko‘zda tutilmayapti. Bunday fermerlar juda ko‘p, 4 mingdan ortiq fermerlar o‘z mablag‘iga paxta yetishtirdi. 29 mingdan ziyod fermer bo‘lsa, bu ularning 10-15 foizini tashkil qiladi. Ular 200 mln dollardan ziyod bu sohaga investitsiya kiritdi. Bularning ham o‘zining rag‘batlari ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak edi.
– Otabek aka, hukumat qaroriga paxta xomashyosi yetishtiruvchilar, ya’ni fermerlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida deb nom berilgan. Lekin siz bu hujjat klasterlarni qo‘llashga qaratilganini aytdingiz. Shu fikringizni batafsil tushuntirib bera olasizmi?
– Davlatning qishloq xo‘jaligidagi tovar ishlab chiqaruvchilar – klaster va fermerlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga aralashuvi hamisha zarar bilan yakun topadi. Ma’muriy va siyosiy resurslari kam bo‘lgan tomon, ayni holatda fermerlar zarar ko‘radi. Birinchi navbatda aytishim kerak bo‘lgan narsa, shu qaror garchi avvaliga ezgu maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lsa ham – bunga menda to‘la ishonch yo‘q – fermerlarning ziyoniga ishlayapti. Agar fermerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinganida edi, fermerlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam ko‘rsatilgan bo‘lardi. Fermerlarning o‘zining haqidan olish hisobiga emas.
Misol uchun, fermer va klaster o‘rtasidagi shartnomada 1000 so‘mlik subsidiya bu – klaster fermerga to‘lashi kerak bo‘lgan summa. Garchi to‘lovni fermer olayotgan bo‘lsa ham, pul uning hisobvarag‘iga tushayotgani bilan bu klasterning fermer oldidagi to‘lov summasini kamaytiryapti. Bu degani, ushbu qaror ortidan keladigan benefitsiarlik klasterlarda degani.
Biror bir fermer menga shu tarzda qo‘llab-quvvatlov kerak deb hukumatga murojaat qildimi? Menda bunday xabar yo‘q. Men oxirgi 10 kunda nechta fermer bilan gaplashgan bo‘lsam, sizlardan kimdir hukumatga chiqdimi, bizga shunaqa qo‘llab-quvvatlov kerak degan murojaat bo‘ldimi desam, yo‘q deyishyapti. Tasavvur qiling, qanday qilib, fermerlar o‘zi murojaat qilmagan bo‘lsa, fermerlarga yordam berish maqsadida buni qabul qildik, deb hisoblash mumkin? Bunday “yordam” fermerlarga kerak emasdi. Fermerlarga eng katta yordam – fevralda tuzilgan fyuchers shartnomalarga qat’iy amal qilishga yordami bo‘lgan bo‘lardi. Agar hukumat fermerlarga yordam bermoqchi bo‘lsa, klasterlarga qarab aytishi kerak edi: “O‘rtoq klasterlar, shartnoma bu har qanday narsadan, sening reputatsiyangdan ham yuqori turadi. Fevralda shartnomani tuzdingmi, bajarishing kerak, uning har bir bandiga amal qilishing kerak”, degan narsa bo‘lishi kerak edi. Mana shu davlatning qo‘llovi bo‘lgan bo‘lardi.
Amalda mingta vaj bilan aslida biz fermerni qo‘llab-quvvatlashni istagandik, deyish bilan amalda resurslar klasterlar tarafida. Klasterlarning orqasida hokimiyat turibdi. Klasterlarning juda katta qismi sobiq yoki amaldagi davlat organlari rahbarlari va amaldorlari bilan chatishib ketgan. Begona klaster yo‘q. Tabiiyki, siyosiy, ma’muriy, moliyaviy resurslar klasterlar tomonda turibdi. Tarozining pallasida og‘irlik klaster tomonida.
Shuning uchun ham bugungi kunda ma’muriy resurslar fermerlarni majburiy tarzda imzolashga qaratilgan, bosim o‘tkazilyapti. Agar shartnoma tuzmaydigan bo‘lsang, terim pulini ololmaysan, tergan paxtaning o‘zing saqlashga haqqing yo‘q deb turib bosim qilinyapti. Ko‘rganim yo‘qki, birorta hokim, uning yonida sektor rahbarlari, ichki ishlar yurib turib: “Ey klaster, sen fermerga zug‘um o‘tkazyapsan, fermer qo‘shimcha shartnoma imzolashga majbur emas, xohlasa imzolaydi, xohlamasa imzolamaydi”, deb tushuntirish berganini ko‘rganim yo‘q. Biror bir fermerdan ham eshitganim yo‘q bunaqa holatni. Mana shunaqa vaziyat.
Busiz ham juda qiyinchilik bilan shakllanib kelayotgan munosabatlarga davlat aralashib, fermerlarning og‘ir vaziyatini yanada og‘irlashtirdi. Oxirgi aytadigan gapim, agar haqiqatan davlat subsidiya bilan yordam bermoqchi bo‘lsa (o‘zi budjetimizning aholi shundog‘am g‘ir), shu subsidiyani paxta terimchilariga berishi kerak edi.
– Hozir subsidiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga bormaydi demoqchimisiz?
– Yo‘q, subsidiya fermerning hisobvarag‘iga tushadi, bu maxsus hisobvaraq. Fermer undan erkin foydalana olmaydi. Bu pul kredit bo‘yicha to‘lov, soliq bo‘yicha to‘lovlarga ketadi.
Hukumat yordam bermoqchi bo‘lganida, eng katta yordam, paxta terimiga 1500 so‘mdan to‘layotgan fermerlarga shuning yoniga yana 1000 so‘m qo‘shib berganida, paxta 20 kunga qolmay terib tugatilgan bo‘lardi. Sifatliroq paxta terilgan bo‘lardi. Hozir hech qanaqa rag‘bat yo‘q, 1300 so‘mdan 1500 so‘mgacha amalga oshirilyapti.
Kamoliddin Ikromov: Terim puli uchun kredit ajratish degan narsa o‘zi yo‘q edi. Shartnoma bo‘yicha, topshirilgan paxtaning puli 3 kunda tushishi kerak edi, shu pulning 20 foizini fermer terimchilarga berishi kerak edi. Hisobotlarda hozirgacha 700 ming tonna paxta terildi deyilyapti, lekin negadir fermerlar hali qo‘liga pul ushlagani yo‘q. Ustiga ustak kreditni yopishni so‘rashyapti. Aslida, o‘zining puli klasterda bor.
Birinchi 119-sonli qaror chiqdi, o‘zi paxta ekkan klasterlarga terim puli uchun kredit berilsin deyildi, keyin 574-sonli qaror bilan terim uchun kredit fermerlarga ham berilsin deyildi. Terim puli, paxtani saqlash va boshqalar siyosiy richagga ham aylanib qoldi, ixtiyoriy-majburiy ravishda 6800 so‘mdan shartnoma qilishga majburlanyapti. Juda ko‘p fermerlar kuyib qolyapti.
Otabek Bakirov: Bugun ertalab (suhbat 20 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan – tahr.) ko‘zim tushdi, respublika bo‘yicha 22 foiz terib topshirilgan. Bu degani fermerlar shartnomada ko‘zda tutilgan mablag‘larning 16 foizini olgan bo‘lishi kerak edi. Janubiy viloyatlarda 55-60 foiz paxta topshirilgan degan hisobot topshirilgan. Bitta viloyat bor nomini aytmayman, 150 ming tonnadan ziyod paxta topshirgan, bu degani 150 ming tonna paxta uchun fermerlar pulini olishi kerak edi. Birortasi hali pulini olgani yo‘q. Yana qaytarib aytaman, agar biz fermerga yordam bermoqchi bo‘lsak, amaldagi qonun-qoidalarga, shartnomaviy majburiyatlarga amal qilinishini nazorat qilaylik, shuning o‘zi kifoya. Eng katta yordam shu bo‘ladi.
Paxta terimining borishi va topshirilayotgan paxtaning kunlik hisobotiga qaraydigan bo‘lsak, respublika bo‘ylab 22 foiz paxta terib topshirildi. Agar buni “pripiska” emas, to‘g‘ri axborot deb hisoblasak, respublika bo‘yicha 16 foiz, janubiy viloyatlarda 40-45 foiz fermerlar mablag‘ini tushirib olgan bo‘lishi kerak edi.
– Ya’ni klasterlar qo‘shimcha shartnoma qilmaganing uchun paxta pulini ham bermayman deyapti, shundaymi?
Otabek Bakirov: Xuddi shunaqa. Fermerlarni byurokratik tarzda fermerlar kengashi jamlab turadi. Biror marta fermerlar kengashi chiqib turib, fermerlar ustidan shunaqa zug‘um bo‘lyapti, bosim bo‘lyapti, mana bu joyda qonun-qoidalar buzilyapti, shartnomaviy munosabatlar buzilyapti deb chiqish qilgani yo‘q. Vaholanki, Fermerlar kengashi raisi O‘zLiDePning raisi ham. Hozir [saylovda] partiyaning birinchi raqamli nomzodi.
Kamoliddin Ikromov: Ayrim joylarda fermerlar kengashi fermerlarni chaqirib, qo‘shimcha shartnomalar imzolashga majburlashyapti. Bu undan ham dahshatli narsa.
Otabek Bakirov: Ya’ni himoya qilishi kerak bo‘lgan kengash fermerlarni majburlayapti.
– Bir narsani yana aniqlashtiraylik: fermerlarning hisobvarag‘iga subsidiya tushadi deylik, u baribir majburiy to‘lovlarga ketib qoladi, deyapsiz. Bularni fermerlar to‘lashi kerak edi-ku?
Otabek Bakirov: To‘g‘ri to‘lashi kerak, lekin tasavvur qiling, agar shuni davlat bermaganida, klaster to‘lashi kerak edi. Klaster to‘lashi kerak bo‘lgan 3,5 trln so‘mni davlat biz soliq to‘lovchilar hisobidan budjetdan olib to‘lab beryapti.
Narx tushishi – bu tomonlarning riski. Tomonlarning – sotib oluvchini ham, sotuvchining ham riski. Yil boshida oltin narxi 1800 dollar edi, hozir 2600 dollar. 9500 so‘mdan fyuchers shartnomasini tuzgan fermer shu narxdan kelib chiqib foyda marjasini hisoblab, ish haqlarini hisobga olib xarajat qilgan. Hosilim yaxshi bo‘lsin deb turib, ishchiga yaxshi oylik to‘lagan, yaxshi o‘g‘it ishlatgan, yaxshi defoliant ishlatgan, mexanizatsiyani vaqtida qilgan. Paxtani tonnasini 9,5 mln so‘mdan sotaman deb hisoblab, shunga qarab xarajat qilgan. Fermerning ham hisob-kitobi bor. Klasterlar narx 9500 so‘mligini kecha emas, fevralda bilishgan. Bu klasterlarning doimiy bahonasi – narx tushib ketishi. Ammo bu o‘zlarining no‘noqliklarini doimiy ravishda paxta narxiga va fermerlar zimmasiga yuklashadi. Vaholanki, biror bir klaster paxta eksport qilmaydi. Paxtani biz eksport qilganimizda ham jahon bozorida narx tushib ketdi, klasterlar bankrot bo‘ldi, desak bo‘lardi. Klasterlar hech bo‘lmasa kalava yoki mato eksport qilishi kerak.
Oxirgi 3 yilda klasterlar tomonidan kredit mablag‘lari samarasiz ishlatilgani, suiiste’mol qilingani... Nechta klaster qamaldi, qochib yuribdi? Davlat bergan imtiyozli kreditlarni texnika olishga, fermerlar bilan hisob-kitob qilishga ishlatmay, domlar, ofislar qurilgani hisobiga. O‘rganish kerak, klasterlarning moliyaviy ahvoli yomonlashganiga narxlar sabab bo‘ldimi, fermerlar sabab bo‘ldimi yoki o‘zlarining moliyaviy no‘noqligi sababmi?
Bu bilan hamma klaster shunaqa demoqchi emasman, bor shunday klasterlar, o‘z hisob-kitobini joyiga qo‘ygan, tiyinigacha to‘g‘ri hisob-kitob qiladigan, moliyaviy samaradorlik ustida ishlaydiganlar bor. Bularning birortasi paxta narxi tushib ketdi, shuning uchun iqtisodiy ahvolim yomon degani yo‘q.
Kamoliddin Ikromov: Qarorda ham paxta narxi tushib ketdi deyilgan, lekin biz bunga qo‘shilmaymiz. Chunki paxta narxini oladigan bo‘lsak, jahon bozori emas, O‘zbekiston birjasini qarasak, paxta tolasining narxi 21 ming so‘m, chigit narxi 5 ming so‘m. Vazirlar Mahkamasi chiqargan formulaga qo‘yadigan bo‘lsak, hozirgi narx qayta ishlash xarajati bilan, biz aytayotgan real qayta ishlash narxi paxtaning kilosiga 700 so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, demak, paxta narxi 9000 so‘mga boradi.
Boshqa tomondan oladigan bo‘lsak, o‘rganib chiqdim, minimal narx o‘rnatish dunyoda shu narsa 4 ta davlatda bor ekan – Xitoy, Hindiston, Pokiston va O‘zbekistonda. Eng past minimal narx O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. O‘zbek so‘miga o‘girganda Pokistonda 10 700 so‘m, Hindistonda 11 500 so‘m (QQS bilan, u yerda qishloq xo‘jaligi sohasidagilarga QQS imtiyozlar bor). Xitoyda 12 ming so‘mdan baland. O‘zbekistonda esa 6800 so‘m bo‘lib turibdi.
– Kamoliddin aka, hozir fermerlar oldida arzon narxda qo‘shimcha shartnoma tuzmaslikdan boshqa yo‘l ham bormi?
– Aslida yo‘l bor, qonuniy olsa, tuzmaslikka haqqi bor. Agroplatformada shunday joyi bor: fermer paxtani o‘z mablag‘i hisobidan yetishtirgan bo‘lsa yoki fyuchersdan oshiqcha paxta yetishtirgan bo‘lsa, o‘zi ombor tashkil qilib yoki klasterning omborida saqlab turishi mumkin. Lekin fyuchers shartnomasi bo‘yicha, belgilangan hajmda paxta topshirishi kerak va narxi aslida o‘zgarmasligi kerak edi. Lekin hozir bosimlar bo‘lyapti. Guruhlarga kirib o‘qigan bo‘lsangiz, ayrim fermerlar “imzolamasam ichki ishlardan kelib olib ketdi, qamataman deb bosim qilyapti”, deb aytishyapti. Organ xodimlari orqali bosim qilinyapti. Shunaqa tasavvur borki, birdaniga o‘rta asrlarga qaytib qoldik, bosimlar qilish bu aqlga sig‘maydigan narsa.
To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
12:32
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37 / 20.11.2024