Uzun tumanidagi Chaqar mahallasida yashovchi bir nechta fuqaro Kun.uz’ga murojaat qilib, mahalladagi hokim yordamchisi Jahongir Rahmonov ularning nomlariga kredit olganini bildirdi. Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, bugunga kelib bank xodimlari ularni “yemagan somsaga pul to‘lashga” majburlamoqda.
“Qishlog‘imizga bank xodimlari kelib, ko‘pchilikka kreditlaring bor, to‘langlar, deyishdi. Odamlar hayron. Keyin bilsak mahallamizdagi hokim yordamchisi nomimizga kredit olib, to‘lab kelayotgan ekan. Ammo shu kunlarda hokim yordamchisi yo‘qolib qolgan. Bank xodimlari endi odamlardan pul so‘rayapti. Summa katta, aytishlaricha millardlar haqida gap ketyapti”, deya ta’kidlaydi murojaatchilardan biri.
Masalan, Chaqar mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan Oydin Berdiyeva nomiga 2022 yil sentabr oyida 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga yillik 14 foizlik kredit ajratilgan. Kredit summasi 31 mln 178 ming so‘mni tashkil qiladi. Onlayn ravishda rasmiylashtirilgan kredit fuqaroga issiqxona yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun berilgan. Shartnoma elektron kalit orqali imzolangan.


Hokim yordamchisi Jahongir Rahmonov ta’minotchi tomonidan mahsulot yetkazib berilganini monitoring qilish bo‘yicha 40-sonli dalolatnomani imzolab, elektron tizimga biriktirgan. Unda mahsulot sifatli yetkazib berilgani, kredit ajratilishi maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
“Mahsulot (xizmat) yetkazib berish bo‘yicha Yagona elektron platformada yaratilgan «marketpleys» tizimida “KAMRONBEK OZODBEK SARDORBEK” MChJ bilan 07.09.2022 yilda 677662-sonli 31 100 000 so‘mlik (Issiqxona) shartnoma tuzilgan.
Yetkazib berilgan mahsulot (xizmat) uchun 09.09.2022 yilda 5-sonli elektron hisobvaraq-faktura imzolangan va arizachi tomonidan qabul qilingan.
Hokim yordamchisi tomonidan shaxsan arizachining faoliyat joyiga borib o‘rganilganida mahsulotlar (xizmatlar) to‘liq va sifatli yetkazib berilgani hamda arizachi to‘liq qoniqish hosil qilgani aniqlandi.
Joyiga chiqib o‘rganish natijasida mahsulot (xizmat) arizachiga to‘liq miqdorda va sifatli yetkazib berilgani tasdiqlandi va kredit shartnomasi shartlariga to‘liq mos keladi, ushbu mahsulotlar (xizmatlar) pulini kredit hisobidan to‘lab berish maqsadga muvofiq”, deya ko‘rsatilgan dalolatnomada.





















