Jahon | 20:27 / 01.10.2024
3154
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l kompaniyasi ofisi ochildi

Mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov temir yo‘lni «asr qurilishi» deb atadi.

Foto: gov.kg

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l kompaniyasi ofisi ochildi. Unda mamlakat Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov ishtirok etib, loyihaning o‘ta muhimligini ta’kidladi.

«Biz ushbu loyihani yuqori baholaymiz va uni asr qurilishi deb ataymiz. Bu Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi butun mintaqada, xususan, Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

«Ushbu tarixiy voqeaga erishish uchun katta va samarali ishlar qilindi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, bu loyihani to‘liq amalga oshirishning faqat birinchi bosqichidir. Shu bilan birga, Xitoy va o‘zbekistonlik hamkasblarimizning boy tajribasiga tayangan holda, biz bu ishni samarali va o‘z vaqtida yakunlaymiz, deb ishonch bilan ayta olamiz», dedi Oqilbek Japarov.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi» MChJ ochilishida Xitoyning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi Du Dyuyen va O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov ham ishtirok etdi.

Mavzuga oid