Hindiston Rossiyaga taqiqlangan texnologiyalarni yetkazib bermoqda - Bloomberg
Hindiston Xitoydan keyin Rossiyaga ikki maqsadli texnologiyalarning ikkinchi yirik yetkazib beruvchisiga aylandi. Bu boradagi ko‘rsatkichlarda Hindistondan faqat Xitoy oldinda.
Hindiston Xitoydan keyin Rossiyaga ikki maqsadli texnologiyalarning ikkinchi yirik yetkazib beruvchisiga aylandi. Bu haqda Amerika va Yevropa amaldorlariga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Qayd etilishicha, Hindiston Rossiyaning eksport qilishi cheklangan tovarlarni — mikrochiplar, mikrosxemalar va stanoklar yetkazib bermoqda. 2024 yilning aprel va may oylarida ushbu mahsulotlar eksporti 60 million dollardan oshgan — bu joriy yilning oldingi oylariga nisbatan taxminan ikki barobarga yuqori. Iyulda eksport 95 million dollargacha yetgan bo‘lib, undan faqat Xitoy oldinda.
Bu boradagi ko‘rsatkichlarning oshishiga Hindistonga neft sotish orqali Rossiyada to‘planib qolgan ulkan miqdordagi rupiy zaxirasi sabab bo‘lgan.
Bloomberg manbasining so‘zlariga ko‘ra, eksport to‘g‘risidagi ma’lumotlar Rossiya tomonidan harbiy-sanoat majmualarida foydalanilayotgan texnologiyalarning qariyb beshdan bir qismi Hindiston orqali kirib kelayotganini bildiradi.
Ushbu masalani ko‘tarayotgan Ukraina vakillari hindistonlik hamkasblaridan deyarli hech qanday javob olmagan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi holatga izoh berishdan bosh tortgan.
2024 yil 8 iyul kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Moskvaga tashrif buyurgan edi. Putin bilan uchrashuvda u o‘z mamlakati Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlikni o‘rnatish yo‘lida har qanday yordamga tayyorligini bildirgan. Bundan tashqari, Modi Putin bilan rus armiyasidagi Hindiston fuqarolarining xizmatdan bo‘shatilishiga kelishib olgan.
Shuningdek, avgust oyida Modi Kiyevga ham tashrif buyurgan. Uning matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan ma’lumotda aytilishicha, Modi «prezident Volodimir Zelenskiy bilan o‘tgan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi suhbatni davom ettirish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqda».
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024