Iqtisodiyot bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofoti AQSh universitetlarida ishlovchi uch iqtisodchi Daron Ajemo‘g‘li, Saymon Jonson va Jeyms Robinsonga mamlakatlar o‘rtasidagi boylikdagi tafovut, xususan, Yevropa mustamlakasi ba’zi mamlakatlarning boy bo‘lishiga, boshqalari esa kambag‘al bo‘lib qolishiga olib kelganini ko‘rsatuvchi tadqiqotlari uchun berildi.

O‘zbek jamoatchiligi Ajemo‘g‘li va Robinsonni o‘zbek tiliga o‘girilgan “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi orqali taniydi. 2012 yilda nashr etilib, bessellerga aylangan kitobning to‘liq nomi – “Nima uchun xalqlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi: kuch, farovonlik va qashshoqlikning kelib chiqishi”. Bu ularning eng mashhur kitobi. Saymon Jonson esa Daron Ajemo‘g‘li bilan birgalikda “Kuch va taraqqiyot: Texnologiyalar va farovonlik uchun ming yillik kurash” kitobini yozgan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutni kamaytirish – eng katta muammolardan biri

Foto: Getty Images

Nobel qo‘mitasiga ko‘ra, laureatlarning tadqiqotlari qonun ustuvorligi past bo‘lgan jamiyatlarda aholini ekspluatatsiya qiluvchi institutlar taraqqiyotga g‘ov bo‘lishini ko‘rsatib bergan.

“Mamlakatlar o‘rtasida daromadlardagi katta tafovutni kamaytirish zamonamizning eng katta muammolaridan biridir. Mukofotlanganlar ushbu maqsadga erishishda davlat institutlarining muhimligini ko‘rsatib berishdi”, deb yozadi iqtisodiyot bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Yakob Svensson o‘z bayonotida.

Ajemo‘g‘li Massachusets texnologiyalar universitetida makroiqtisodiyot va siyosiy iqtisod bo‘yicha mutaxassis. Jonson esa ushbu universitetning Sloan menejment maktabida global iqtisodiyot va menejment guruhini boshqaradi. Robinson Chikago universiteti qoshidagi Harris davlat siyosati maktabida global konflikt tadqiqotlari professori.

Nyu-York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, bu olimlarning, ayniqsa Daron Ajemo‘g‘lining ertami-kechmi Nobel bilan taqdirlanishi aniq edi.