19 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Jizzax viloyatiga tayinlangan yangi hokim, Qashqadaryoda is gazi qurboniga aylangan oila, Navoiydagi maktabda vafot etgan o‘quvchilar va Al-Azhar universiteti bilan imzolangan memorandum — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U 2019 yildan hozirgacha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
U 1968 yil 14 avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan va 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini «Moliya va kredit» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mustafoyev o‘z mehnat faoliyatini bank sohasida boshlab, bir qator mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. 2010–2016 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari, 2016–2017 yillarda Jizzax viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2017 yildan 2019 yilgacha «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan, 2019 yildan hozirgacha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.
Jizzax viloyatiga 2017 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Ergash Soliyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod etildi.
Navoiyda vafot etayotgan maktab o‘quvchilari
Karmana tumanidagi 30-umumta’lim maktabida shu yilning o‘zida uch nafar o‘quvchi vafot etdi.
18 dekabr kuni 9-sinf o‘quvchisi (o‘g‘il bola) o‘zini osib, joniga qasd qildi. Bir oy avval — 18 noyabr kuni shu maktabning 11-sinf o‘quvchisi (qiz bola) ham o‘z joniga qasd qilgan edi. Qizning ota-onasi shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi.
Shuningdek, 24 may kuni 6-sinf o‘quvchilari dars paytida cho‘milishga borganida, ulardan biri suvga cho‘kib halok bo‘lgandi.
Ushbu qayg‘uli hodisalar bo‘yicha hozirgacha rasmiy munosabat bildirilmagan. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari davom etayotganini ma’lum qilgan. Ammo natijalar haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilmadi.
Al-Azhar talabalar qabuli tartibga solinadi
O‘zbekistonlik yoshlarning Al-Azhar majmuasi va uning ta’lim muassasalariga qabul qilinishi tartibga solinadi. Bu O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Misrning Al-Azhar majmuasi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan.
Memorandum O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida qabul qilingan bo‘lib, u ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish: diniy ta’lim sohasida axborot va tajriba almashish, birgalikda xalqaro anjumanlar tashkil qilish va ekstremizmga qarshi targ‘ibot ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Kelishuv doirasida islom merosini o‘rganishga oid ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va diniy sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qashqadaryoda 4 kishi is gazi qurboni bo‘ldin
17 dekabr kuni Qarshi shahridagi Kunchiqar mahallasida 46 yoshli erkak va uning 18 yoshli o‘g‘li hamda 16 va 10 yoshlardagi qizlari is gazidan zaharlanib vafot etdi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, fojia uy yerto‘lasida o‘rnatilgan zamonaviy ikki konturli isitish qozonining umumiy havo tortish mo‘risiga ulangan qismidan is gazi sizib chiqishi tufayli yuz bergan.
Qarshi shahar prokuraturasi hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.
Mazkur fojia isitish tizimlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarurligini yana bir bor yodga solmoqda.
Pokiston bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Pokiston milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vaziri Rana Tanvir Husayn bilan o‘tkazgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir Rana Tanvir Husayn qishloq xo‘jaligi sohasi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning asosiy yo‘nalishi ekanini ta’kidladi. Hozirgi kunda tovar ayirboshlashning 70 foizi meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.
Uchrashuvda urug‘chilik, seleksiya, o‘simliklar himoyasi va karantini, yuqori mahsuldor chorva zotlarini yaratish va qishloq xo‘jaligi texnikasini birgalikda ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish rejalari belgilandi.
Shuningdek, mahsulot yetkazib berish jarayonini soddalashtirish, fitosanitariya ruxsatnomalari va bojxona jarayonlarini optimallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Kelgusida qishloq xo‘jaligi hamkorligini tizimlashtirish uchun «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish, sohaviy ishchi guruh tashkil etish va agrar texnikalar bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
21:10 / 18.12.2024
18 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:54 / 17.12.2024
17 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:30 / 16.12.2024
16 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:28 / 13.12.2024