Jahon | 19:32 / 27.12.2024
7457
16 daqiqa o‘qiladi

Oqtovdagi aviahalokat: hozircha javobi yo‘q savollar

Qozog‘istonda Azerbaijan Airlines avialayneri halokatga uchraganidan ikki kun o‘tgan bo‘lsa ham, ushbu aviahodisada aniqlik kiritish lozim bo‘lgan bir necha muhim jihatlar qolmoqda.

Foto: AR/TASS

25 dekabr kuni Embraer E190 samolyoti Bokudan Grozniyga J28243-reysini amalga oshirayotgandi. Omon qolgan yo‘lovchilarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, ikki bor qo‘nishga muvaffaqiyatsiz urinishdan keyingi uchinchi urinish vaqtida ular portlashga o‘xshagan kuchli ovozni eshitishgan.

Shundan keyin samolyotni boshqarish qiyinlashganiga qaramay, uchuvchilar uni Qozog‘istonning Kaspiy dengiz bo‘yidagi Oqtov shahrigacha olib borishgan, samolyot qo‘nishga urinish vaqtida yerga urilib, qismlarga ajralgan va bir qismi yonib ketgan.

Samolyot bortida 67 kishi bor edi, shundan 38 nafari halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida — samolyotning ikki uchuvchisi ham bor.

Internetda samolyot Grozniy hududida zenit qurilmasidan otilgan raketa zarbasiga uchragani haqidagi versiya ommalashmoqda, tarqalgan kadrlarda uning dum qismida raketa zarbasiga xos izlar qolgan

Reuters agentligining Ozarboyjondagi manbalari, jumladan, aviahalokat tergovining dastlabki natijalaridan xabardor bo‘lgan manba bu versiya ehtimoli yuqori ekani va mamlakatdagilar aynan shu versiyaga ishonayotganini va Rossiya bu masalada rasmiy bayonot berishini kutishayotganini aytgan.

«Hech kim bu ataylab qilingan deb da’vo qilmaydi. Ammo, aniqlangan faktlarni hisobga olgan holda, Boku Rossiya tomoni Ozarboyjon samolyotini urib tushirganini tan olishini kutmoqda», — degan agentlik manbasi.

Ammo payshanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlardan «tergov xulosasigacha qandaydir farazlar yaratmaslik»ni so‘radi.

Rossiya nashrlarida hodisaning boshqa versiyalari ko‘rib chiqilmoqda — qushlar galasi bilan to‘qnashuv yoki bortdagi nosozlik.

BBC rus xizmati aviahalokat haqidagi hozircha javobi yo‘q bo‘lgan savollarni to‘pladi.

Avialayner yerdan o‘qqa tutilganmi?

Bu aviahalokat bo‘yicha asosiy masala. Samolyot qulaganidan keyin butun qolgan dum qismida aniqlangan shikastlanishlar tabiati ham u o‘qqa tutilgani haqidagi versiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Samolyot qoplamasida zenit raketaning shikastlovchi elementlari tegishi natijasida hosil bo‘ladigan teshiklar yaqqol ko‘rinib turibdi.

Bundan tashqari, omon qolgan yo‘lovchilar qo‘nishga urinish chog‘ida portlash ovozini eshitganini aytishgan.

Ulardan biri — Subhonqul Rahimov — RT muxbiri bilan suhbatda pilotlar bortni Grozniyga qo‘ndirish uchun uch marta uringani, ammo «uchinchi safar nimadir portlagani»ni aytgan: «Portlash bo‘ldi — men u samolyot ichkarisida bo‘ldi deya olmayman. Men o‘tirgan joy yonidagi qoplama uchib ketdi».

Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi 27 dekabr kuni Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyot halokatiga «tashqi jismoniy va texnik ta’sir» sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Grozniy aeroporti yopilganmidi?

Rossiya matbuoti va Rosaviatsiya matbuot kotibi Artyom Korenyakoning telegram-kanaliga ko‘ra, 25 dekabrga o‘tar kechasi mahalliy hukumat ukrain dronlari hujumi xavfi tufayli Qozon aeroportini yopgan.

Tongda rossiyalik harbiylar tun davomida Bryansk, Belgorod, Voronej, Kursk va Tambov oblastlari, shuningdek, Azov dengizi uzra 59 ta dron urib tushirilgani haqida hisobot bergan.

Shuningdek, Grozniy, Ingushetiyaning Malgobek va Shimoliy Osetiyaning Vladikavkaz shaharlariga ham dronlar uchib kelgani to‘g‘risida xabarlar berilgan.

Ammo Rossiya axborot agentliklari va Artyom Korenyakoning telegram-kanalida keyingi shaharlardagi aeroportlar yopilgani to‘g‘risida xabar berilmagan.

Parvozning so‘nggi soniyalari videoyozuvida uchuvchilar qo‘nishga tayyorlanib, shassini chiqarishgani, ammo samolyot boshqaruvga bo‘ysunmaganini ko‘rish mumkin 

Regnum agentligi Grozniydagi «Shimoliy» aeroporti bosh direktori Alvi Shaxgiriyevning Ozarboyjon borti tuman va bulutlar pastlikda bo‘lgani tufayli qo‘na olmagani, «Kover» rejasi esa u uchib ketganidan keyin joriy etilgani haqidagi so‘zlarini keltirgan.

«Bu samolyot „Kover" rejasi joriy etilishidan oldinroq bizdan uchib ketdi. Samolyot aeroportimiz hududiga kirdi va uch marta qo‘nish yo‘liga kirdi, ammo yomon ob-havo tufayli qo‘na olmadi — tuman va past bulutlar tufayli. Havo kemasi komandiri zaxira aerodromiga ketish bo‘yicha o‘zi qaror qabul qildi. Bizning dispetcherlarga Bokuga ketishini xabar qilgan. Keyin qarorini o‘zgartirgan va Oqtovga yo‘l olgan», — deya aeroport direktorining so‘zlarini keltirgan agentlik.

U havo hujumidan mudofaa tizimlari faoliyati va urib tushirilgan dronlar haqida hech narsa demagan, uning «Kover» rejasi kiritilgani haqidagi so‘zlarini boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

«Kover» rejasi osmonda istalmagan uchar obektlar payqalganida yoki shunday obektlar uchib kelishi xavfi yuzaga kelganida e’lon qilinadi.

Bu holatda shunday reja joriy etilgan havo hududida bo‘lgan barcha samolyotlar uni tark etishi va yoki zaxira aerodromlarga yo‘l olishi yoki boshqa hududda kutib turishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, aeroportda reyslar bekor qilinadi.

Javob topish kerak bo‘lgan ikkinchi muhim savol shuki — Grozniyda havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushganida aerodrom yoki havo kengligi yopilganmi? Dronlarga qarshi qanday vositalar qo‘llangan?

Ulardan biri nishonga olingani aks etgan videoyozuvda uchib borgan raketa ko‘rinmaydi, ammo yozuv u qadar sifatli emas.

VChK-OGPU telegram-kanali o‘z ixtiyoriga ekipajning Grozniydagi dispetcher bilan suhbati rasshifrovkasi kelib tushgani haqida xabar bergan. Kanal samolyot Grozniyga qo‘nish uchun uch bor uringani, ammo radioelektron kurash vositalari tufayli buning iloji bo‘lmagani va Bokuga qaytishga qaror qilganini tasdiqlaydi.

Shundan keyin kanal ekipaj «qushlar bilan to‘qnashuv» va boshqaruv yo‘qotilgani haqida xabar bergani haqida yozgan. Samolyot parvozining trayektoriyasiga qaraganda, uni chindan ham boshqarish qiyinlashgan.

Agar aeroport yopilmagan bo‘lsa, bu regionda dronlar hujumi vaqtida samarali ogohlantirish tizimi bo‘lmaganini anglatadi.

Agar fuqarolik aeroporti faoliyatini davom ettirgan bo‘lsa, unda nima uchun havodagi nishonlarni yo‘q qilish uchun o‘t ochishga ruxsat berilgan?

Agar aeroport yopiq bo‘lgan bo‘lsa, unda yo‘lovchi layner qanday qilib havo hujumidan mudofaa tizimlari harakatlangan hududga borib qolganini izohlashga to‘g‘ri keladi.

Samolyot nima uchun Qozog‘istonga yo‘l olgan?

Flightradar24 servisida ko‘rinmay qolganidan Kaspiy dengizi ustida uchayotganida paydo bo‘lguniga qadar muddatda samolyot bilan nima bo‘lganini omon qolgan yo‘lovchilarning hikoyalaridan, shuningdek, uchuvchilarning Grozniydagi dispetcher bilan muzokaralari matni mazmunidan bilish mumkin.

Yo‘lovchilar portlash sifatida ta’riflagan, ekipaj esa uchuvchilar bilan to‘qnashuv tufayli boshqaruvni yo‘qotish deb atagan hodisadan keyin, samolyot Oqtov tomonga uchgan. Ammo, u darhol shunday tanlov qilmagan bo‘lishi mumkin.

Ozarboyjonda qurbonlar xotirasiga motam e’lon qilindi

Alvi Shaxgiriyev Regnum agentligi bilan suhbatda ekipaj avvaliga Bokuga uchishni xohlagani, keyin esa yo‘nalishni Oqtovga o‘zgartirganini aytgan — bu ma’lumotni VChK-OGPU kanali xabari ham tasdiqlaydi.

Xuddi shu kanal e’lon qilgan dispetcher bilan muzokara matnida ekipaj boshqa aeroportlardagi ob-havo sharoiti haqida so‘ragani aks etgan.

Ekipaj avvaliga Mineralniye Vodi shahri aeroportidagi vaziyat bilan qiziqqan, keyin esa Mahachqal’aga yo‘l olmoqchiligini bildirgan.

Shu bilan birga, ekipaj yangi nosozlik haqida xabar beradi — samolyot boshqaruvida ishtirok etadigan gidravlik ishlamay qolganini. Ma’lum vaqt o‘tib samolyot Rostov-na-Dondagi dispetcher bilan bog‘lanadi.

Buyog‘iga nima bo‘lgani noma’lum, samolyot boshqa aeroportlarga qo‘nmoqchi bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Atrofda yuqorida tilga olingan Mahachqal’a va Mineralniye Vodidan tashqari, Vladikavkaz, Nalchik va Nazrani shaharlarida ham aeroportlar bo‘lgan.

Ammo bunday vaziyatda samolyotni qayerga qo‘ndirishni hal qiladigan havo kemasi komandiri Kaspiy dengizi orqali 400 kilometr masofadagi Oqtov shahriga uchishga qaror qilgan.

U bu yo‘nalishni qanday sabab bilan tanlagani noma’lum.

Euronews Ozarboyjon hukumatidagi manbaga tayanib, ularning fikricha, ekipajning favqulodda qo‘nish bo‘yicha so‘rovlariga qaramasdan, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagani haqida xabar qilgan.

Bu esa amaliyotga zid. Odatda qo‘nish joyini havo komandiri tanlaydi va qiyin holatdagi samolyotga bunday imkoniyat rad etilmaydi.

Kislorod balloni portlaganmi?

Qozog‘iston transport vaziri Marat Qoraboyev payshanba kungi brifingda qo‘nishdan oldin avialayner bortida kislorod balloni portlaganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rostovdagi dispetcherlar layner bilan aloqani Oqtovdagi dispetcherlarga topshirganidan keyin sodir bo‘lgan.

10 daqiqa o‘tib, mahalliy vaqt bilan soat 10:53 da «„Rostov" reys boshqaruvchisi Oqtovdagi hamkasbiga yo‘lovchilar bo‘lmasida kislorod balloni portlagani, yo‘lovchilar hushini yo‘qotgani haqida qo‘shimcha ma’lumot berib, qo‘ngandan keyin yo‘lovchilarni jonlantirish choralarini tayyorlab turishni so‘radi», degan vazir.

Qozog‘istonlik vazirning so‘zlariga asoslangan xabar Rossiya axborot agentliklarida tarqatildi, ammo bu xabarlarda samolyot yerdan o‘qqa tutilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiya eslab o‘tilmagan.

Agar salon ichkarisida chindan ham shunday portlash ro‘y bergan bo‘lsa, hozircha u samolyot boshqaruv tizimiga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligi noma’lum.

Samolyot Flightradar24 xaritasida paydo bo‘lgan mahalda dengiz ustida, Oqtov tomon harakatlanayotgan bo‘lgan.

Servis ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot muntazam ravishda parvoz balandligi va yo‘nalishini o‘zgartirib turgan. Bu boshqaruv tizimi ishlamay qolgani tufayli bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Fotosuratlarda samolyotning balandlik va pasayishida muhim rol o‘ynaydigan dum qismida ko‘plab teshiklarni ko‘rish mumkin va layner shu shikastlanishlar tufayli boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Parvozning so‘nggi daqiqalardagi trayektoriyasida uchuvchilar Oqtov aeroportiga qo‘nishga uringani, ammo buning imkoni bo‘lmagani va ular yana bir bor urinib ko‘rgani aks etgan. Uchuvchilar ikkinchi urinishni yakunlay olishmagan — samolyot yerga qulagan.

Tergov

Aviahalokat yuzasidan tergovni Qozog‘iston hukumati komissiyasi olib bormoqda. Hukumat saytidagi xabarda aytilishicha, Qozog‘iston bunda Ozarboyjon bilan hamkorlik qilmoqda.

Odatda aviahodisalarni tergov qilishda u ro‘y bergan mamlakat va samolyot mansub bo‘lgan mamlakat vakillari, shuningdek, samolyot ishlab chiqarilgan mamlakat vakillari ishtirok etadi. Embraer E190AR Braziliyada yasalgan.

Aviahodisa Rossiya hududi ustida boshlangani tufayli unda rossiyalik mutaxassislar ham ishtirok etishi mumkin. Ammo asosiy tekshiruvni baribir Qozog‘iston rasmiylari o‘tkazadi.

«Rossiya va Ozarboyjon huquq-tartibot organlari kriminalistik tekshiruvlarga qo‘yilmaydi, ammo aviahodisani tekshirishda qatnashishi mumkin», — deya Qozog‘istonning Mang‘istov oblasti transport prokurori Abilaybek Ordabayevning so‘zlarini keltirgan Anadolu agentligi.

Aviahodisa tergovi halokat sabablari va sharoitlarini aniqlashga qaratilgan, ammo aybdorlarni va ularning aybi darajasini belgilamaydi.

Samolyot parchalari orasidan ikkita qora quti ham topilgan — birida parvozning turli parametrlari qayd etilgan, ikkinchisida ekipaj kabinasidagi muzokaralar yozib olingan.

Ozarboyjon Rossiyaga bosimni kuchaytirmoqda

Ozarboyjon parlamenti deputati Rasim Musabekov 26 dekabr kuni mahalliy Turan nashriga bergan intervyusida Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. U «vaziyatga adekvat munosabatda bo‘lish va uzr so‘rash» o‘rniga Rossiyadagi «ba’zi odamlar o‘z izlarini yashirish uchun ommaviy axborot vositalarida muayyan harakatlar qilayotgani»ni ta’kidlagan. «Buni sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak, odamlar o‘limi va qurbonlar uchun tovon puli to‘lanishi kerak, agar bunday bo‘lmasa, munosabatlar, albatta, boshqa darajaga o‘tadi», degan u.

Day.az nashrining Ozarboyjon prezidenti ma’muriyatidagi manbasi esa Azerbaijan Airlines samolyoti halokatida vafot etganlarning oilalari Checheniston hukumatidan hech qanday yordamga muhtoj emasligini ma’lum qildi. «Fuqarolarimizga zarur yordamni o‘zimiz ko‘rsatmoqdamiz va ko‘rsatamiz. Ozarboyjon faktni tan olishni, uzr so‘rashni va tegishli tovon to‘lashni talab qiladi», degan manba.

26 dekabr kuni Checheniston hukumati raisi Hasan Hakimov respublika rahbari Ramzon Qodirovning topshirig‘iga binoan aviahalokatda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oila a’zolariga moliyaviy va «ular muhtoj bo‘lgan barcha yordamlarni ko‘rsatilishi»ni aytgandi. 

BBC Ozarboyjon xizmati muharriri Kenul Xalilova Ozarboyjon davlat nashrlarida «xato»ni tan olishga qaratilgan chaqiriqlar orqali Rossiyaga bosim o‘sib borayotganiga e’tibor qaratgan. Hukumat ta’siridagi telekanallar sharhlovchilari Boku Moskva samolyotni urib tushirganini tan olishini kutayotgani haqida gapirishmoqda.

26 dekabr kuni kechqurun Ozarboyjon hukumatining qat’iy nazoratida bo‘lgan bir necha telekanalda Qozog‘istonning Oqtov shahriga qo‘nish chog‘ida qulab tushgan Azerbaijan Airlines samolyoti Rossiya tomonidan urib tushirilgani ehtimoli yuqori ekani haqida gapirgan ekspertlar bilan intervyular berilgan.

«Ozarboyjon rahbariyati Vladimir Putinni g‘azablantirmaslikka intilmoqda, shuning uchun Moskva o‘zi tan olmagunicha, aybni Rossiya zimmasiga yuklash juda qiyin bo‘ladi. Aftidan, ozarboyjonlik va qozog‘istonlik rasmiylardan tuzilgan tergov komissiyasi allaqachon bunga dalillar topgan, ammo ular Rossiya tomoni bu haqda o‘zi aytishini kutishmoqda.

Moskva Rossiya agar bu hududda harbiy harakatlar ketayotgan bo‘lsa, nima uchun o‘z havo kengligini yopmagani yoki nima uchun samolyotga birinchi imkoniyatda qo‘nishga ruxsat berish o‘rniga uni Oqtovga yo‘naltirgani to‘g‘risidagi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi», degan jurnalist.

Mavzuga oid