Jahon | 16:46 / 31.12.2024
12853
6 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qulagan Ozarboyjon samolyoti: Rossiyaning xatosi nimada?

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uzʼdagi kolonkasida mana shu aviahalokat fonida possovet hududidagi geosiyosiy vaziyatni tahlil qilish muhimligi haqida fikr yuritdi.

25 dekabr kuni tongida Qozog‘istonning Mang‘istov oblasti markazi Oqtov shahriga Embraer-190 samolyoti qulab tushdi. Bu samolyot Ozarboyjon havo yo‘llariga tegishli bo‘lib, Bokudan Grozniyga uchgan edi. Unda ekipajning besh nafar a’zosi bilan jami 67 kishi bo‘lgan. Shundan 38 kishi halok bo‘lib, faqat 29 kishi omon qolgan.

Samolyot Grozniyga qo‘nishga uch marta harakat qiladi va uchinchi urinishda qulaydi. Samolyot Rossiya hududida shikastlangan, Ozarboyjon tomoni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, unga yaqin atrofdagi biror aeroportga qo‘nishga ruxsat berilmagan va Kaspiy dengizi ustidan uchib, Qozog‘istonning Oqtov shahri aeroportigacha yetib boradi.

Bu vaqtda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev MDH sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga uchayotgandi va fojiali xabardan keyin Moskva oblastiga yetganda samolyotini ortga qaytargan.

Aliyev Rossiya tomonidan rasmiy va asosli munosabatni uch kun kutdi va Rossiya propagandasining «balki qushlar urilgan», «yoki kislorod balloni portlagan» qabilidagi bahonalaridan so‘ng, 29 dekabr kuni Ilhom Aliyev Rossiyani qattiq tanqid qilib chiqdi.

«Ko‘rinib turibdiki, samolyotni Rossiya urib tushirdi. Boshqa variantni hech kim isbotlab bera olmaydi» dedi Ilhom Aliyev va Rossiya tarafiga bir qancha shartlarini bildirdi. Jumladan, Rossiya qilgan ishini tan olishi, Ozarboyjon davlati va xalqidan kechirim so‘rashi, samolyotni urib tushirishda aybdor bo‘lganlarni jazolash hamda qurbonlarning oilalariga kompensatsiya to‘lashi talab qilindi.

Qo‘shimcha ravishda, rasmiy Boku Rossiya fuqarolariga Ozarboyjonda bo‘lish tartibini qattiqlashtirdi, Ozarboyjon samolyotlarining Rossiya ustidan parvozlarini chekladi.

29 va 30 dekabr kunlari Putin va Aliyev ikki marta telefonlashgan. Putin «Rossiya hududida sodir bo‘lgan aviahalokat uchun uzr so‘rashi»ni aytdi, lekin «urib qo‘yganimiz uchun» demadi, samolyot nega Rossiyaning boshqa shaharlariga qo‘ndirmaganini ham sharhlamadi.

Mana shunday aviahalokatlar davlatlarning huquqiy va siyosiy tafakkurini yaxshi ochib beradi. O‘zini hurmat qiladigan davlatlar bo‘lgan voqeani tezda e’tirof etadi, aybini tan oladi va yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplashga va’da beradi. Ba’zi davlatlar esa mas’uliyatdan qochadi, boshqalarni aybdor qilishga urinadi.

Taqqoslash uchun, 2020 yil 8 yanvarida Eron poytaxti Tehron aeroportidan endi ko‘tarilgan samolyot urib tushirilgandi. Bu eron harbiylarining xatoligi bilan bo‘lgandi. Samolyotdagi 176 kishining barchasi halok bo‘ladi. O‘shanda Eron hukumati bu ishni bosti-bosti qilish yo‘lini tanlamagandi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy shu zahoti xatoni tan oladi, bo‘lgan voqeani ro‘y-rost aytadi, halqaro komissiya tuzishga va kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ladi.

Lekin Rossiya – Eron emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Azaldan ushbu davlat o‘z aybini tan olmaslikka va boshqalarni aybdor qilishga harakat qiladi. 2014 yilda Ukrainaning Donbass oblasti ustidan uchib o‘tayotgan MH 17 raqamli «Boing» samolyoti urib tushirilgan edi. Bu samolyotni Donbassdagi ayirmachilar urib tushirgani keyinroq isbotini topadi. Xalqaro tekshiruvlarda Rossiya ta’siridagi ayirmachilarga «Buk» zenit-raketa kompleksini RF bergani ham isbotlangan. Lekin Rossiya haligacha bu jinoyat uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Mana shu aviahalokat fonida possovet hududidagi geosiyosiy vaziyatni tahlil qilish muhim. Bu aviahalokat Rossiya-Ukraina urushi sababli kelib chiqdi. Chunki, Rossiyaning Ukrainaga xujumlari sabab Ukraina dronlari Grozniy atrofida uchib yurgandi va rossiyaliklar o‘sha dronlarni urib tushirishga uringanida Ozarboyjon samolyotini «urib qo‘yishdi».

Rossiya Ukrainadagi urush sababli Suriyadagi mavqeyini yo‘qotdi va bu zaiflashuvni dunyo davlatlari ko‘rib turibdi. Ukrainadagi urush sababli Rossiya Kavkazda va Markaziy Osiyoda ham o‘z obro‘si va salohiyatini yo‘qotmoqda.

Ushbu aviahalokat fonida Ozarboyjon va Qozog‘iston hamkorligi – tahsinga loyiq. Bu davlatlar Rossiya oldida o‘zini tili qisiq his qilayotgani yo‘q, Putinga tanbeh berishda dadil turishibdi. Moskva o‘sha samolyotning «qora qutisi»ni so‘radi. Lekin Qozog‘iston va Ozarboyjon «qora quti»ni qoidasiga ko‘ra Braziliyaga, samolyot ishlab chiqarilgan davlatga berishga qaror qildi, bu qaror esa Putinga yoqmasligi tayin.

Qolaversa, aviahalokat fonida nafaqat Ozarboyjon, balki, Qozog‘iston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar ham o‘z samolyotlarining Moskvaga parvozlarini ma’lum muddatlarga bekor qilishdi. Bu oddiy xalq tilida «sen xavfsiz davlat emassan» deganidir. Va bu ham Rossiya reputatsiyasiga katta zarba.

Aviahalokat fonida ko‘ryapmizki, Rossiyaning Kavkazdagi va Markaziy Osiyodagi ta’sir doirasi juda katta hajmda qisqarib bormoqda. Yaqinda rasmiy Moskvadan qo‘rqib, uning ra’yiga qarab gapiradigan respublikalar bugun baralla Putinga mutlaq yoqmaydigan bayonotlar, tanbehlar bermoqda, o‘zining haqiqiy suveren respublikalar ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi – sobiq ittifoqni qaytadan tuzishga emas, Rossiyaning mintaqadagi qolgan ta’siri ham susayishiga sabab bo‘lmoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid

E`lonlar