Makron siyosiy kelishmovchiliklar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini aytdi
Fransiya prezidenti parlament saylovlarini o‘tkazish borasidagi qarori tufayli yuzaga kelgan siyosiy ziddiyat bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yozda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish borasidagi qarori tufayli yuzaga kelgan siyosiy ziddiyat bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mazkur qadam «tinchlikdan ko‘ra, ko‘proq beqarorlikka» olib kelgan.
«Tan olishim kerakki, tarqatib yuborish fransuz xalqi uchun yechimlardan ko‘ra ko‘proq bo‘linishlarga olib keldi. Men buni to‘liq tan olaman», — deydi Makron o‘z murojaatida.
Fransiya prezidenti, shuningdek, aholiga «muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishni» so‘ragan. FT’ning qayd etishicha, gap 2025 yilda o‘tkaziladigan referendum to‘g‘risida bo‘lishi mumkin.
Elabe konsalting kompaniyasining dekabr oyidagi so‘rovlari natijasiga ko‘ra, Makronning xalq orasidagi mashhurligi rekord darajadagi 21 foizga tushib ketgan. Prezidentning raqibi, «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen Yangi yil murojaatida «to‘liq obro‘sizlangan davlat rahbarining kechikkan afsuslari yoki rasmiy iltimoslari hech narsani o‘zgartirmasligini» ta’kidladi. U Makronni muddatidan oldin prezident saylovlari o‘tkazishga ochiq chaqirmadi, ammo 2025 yil «hal qiluvchi» bo‘lishini va Fransiya o‘z muammolarini faqat «demokratik qarorlar» orqali yechishi mumkinligini ma’lum qildi.
2024 yilda Fransiya hukumati to‘rt marotaba almashdi. Yanvar oyida jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan pensiya islohotini ilgari surgan Elizabet Born hukumat rahbarligidan ketgandi.
2024 yil iyunda esa Makron Yevroparlament saylovlarida Le Pen partiyasi g‘alaba qozonganidan keyin Milliy Assambleyani tarqatib yubordi. Sentyabr oyida Makron konservator Mishel Barneni bosh vazir etib tayinlandi. Birorta partiya ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘la olmagani bois yangi hukumat uch blokka bo‘lindi. 2025 yil budjeti uchun yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab mahkama ishonchsizlik votumi orqali iste’foga jo‘natildi.
13 dekabr kuni Fransiyada hisob bo‘yicha to‘rtinchi hukumat shakllantirildi. Makron o‘z ittifoqchisi Fransua Bayruni bosh vazir etib tayinlandi.
Mavzuga oid
00:58 / 04.01.2025
Le Figaro: fransuzlarning 60 foizdan ortig‘i prezident Makronning iste’fosi tarafdori
22:20 / 03.01.2025
Fransiyadagi qamoqxonada mahbus besh kishini garovga oldi
14:03 / 01.01.2025
Rossiyaparast hakerlar Fransiyaning qator shaharlari saytlariga hujum uyushtirdi
10:52 / 31.12.2024