Jahon | 21:14 / 04.01.2025
6795
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Oqtov yaqinida halokatga uchragan AZAL samolyoti «qora qutilari»ni rasshifrovka qilish boshlandi

Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqiniga qulagan Azerbaijan Airlines samolyoti «qora qutilari» Braziliyaga topshirilgan. Hozirda mutaxassislar uning rasshifrovkasi bilan shug‘ullanmoqda.

Foto: Anadolu Agency

Braziliyada 3 yanvar kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyotining «qora qutilari»ni rasshifrovka qilish boshlandi, deb xabar beradi Euronews.

Qayd etilishicha, samolyot bortidagi o‘ziyozar uskunadagi ma’lumotlar rasshifrovkasi uchta davlat ekspertlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Guruhdan Qozog‘iston, Ozarboyjon va Rossiya tergovchilari o‘rin olgan.

Braziliya Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, uchuvchilarning ovozlari va samolyotning butun parvoz davomidagi holatiga oid ma’lumotlar saqlangan «qora qutilar» qisqa fursatda o‘rganilib, tahlil qilinadi.

Yakuniy hisobotda e’lon qilingan xulosalar Qozog‘iston rasmiylariga topshiriladi.

25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatda 38 kishi halok bo‘ldi. Avvalroq Qozog‘iston Transport vazirligi AZAL halokati bo‘yicha tergovning dastlabki natijalari 30 kun ichida ommaga e’lon qilinishini bildirgan edi.

Azerbaijan Airlines Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 samolyoti halokatga uchraganidan so‘ng «xavfsizlik muammolari» tufayli Rossiyaning qator shaharlariga parvozlarni to‘xtatdi. Bu haqda prezident Ilhom Aliyev 29 dekabr kuni AZTV Ozarboyjon telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«AZAL Rossiyaning yetti shahriga parvozlarni noma’lum muddatga to‘xtatdi. Shu bilan birga, biz Rossiyaning uch shahridan Ozarboyjonga havo qatnovini to‘xtatib qo‘ydik. Xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi», dedi u. Aliyevning ta’kidlashicha, u bu shaharlarga parvozlar qachon tiklanishini bilmaydi, biroq Boku «Rossiya havo hududi xavfsizligi masalalarini» hisobga oladi.

Mavzuga oid