Toshkent shahridagi avtobuslarda 2025 yil 1 yanvardan yo‘lkirani naqd pulda qabul qilish to‘xtatildi. Hozirda yo‘l haqi transport, bank kartalari va bir martalik QR-chiptalar orqali amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, yangi tizimga moslashuv jarayoni qanday ketmoqda? Kun.uz poytaxt ko‘chalarida ayni mavzuda so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnomada qatnashgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi yo‘lkirani bank plastik kartalari orqali to‘layotganini ma’lum qildi. Naqd pulsiz to‘lov tizimiga moslashish bilan bog‘liq tushunmovchiliklar esa asosan maktab o‘quvchilari va keksa yoshlilar orasida kuzatilyapti. Ular bunga sabab sifatida mobil ilovadan foydalanishni bilishmasligi, plastik kartalarining mavjud emasligi, shuningdek, barcha bekatlarda infokiosklar yo‘qligini keltirdi.
“Shahar ichida joylashgan avtobekatlarning barchasini infokiosklar bilan to‘liq ta’minlash jarayoni qaysi vaqtda yakunlanishi borasida aniq muddat belgilanmagan, jarayon doimiy ravishda davom etadi. Ayni paytda infokiosklar bekatlar atrofiga 300 metrgacha bo‘lgan radiusda joylashtirilyapti. Masalan, bir bekatga kelganda uning yonidan infokiosk topa olmasangiz, qurilma bekatning o‘ng yoki chap tomoniga 50-100 metrdan 300 metrgacha bo‘lgan masofa orasida o‘rnatilgan bo‘ladi.
Hozirda Toshkent shahrida 2600 ta avtobekat mavjud bo‘lsa, ularning atrofida 5 000 dan ortiq infokiosklar faoliyat yuritmoqda. Tizim yangi bo‘lgani uchun hali o‘rganish ishlari olib borilmoqda, qayerda ehtiyoj ko‘proq bo‘lsa, o‘sha nuqtadagi bekatlarga 2-3 tadan ham infokiosklarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan”, – deydi Transport nazorati inspeksiyasi matbuot kotibi Firdavs Xayriddinov.
Naqd pulsiz to‘lov transport qatnovidan tushadigan mablag‘larning to‘liq va shaffof tarzda jamg‘arilishi, avtobuslarning bekatlarda uzoq payt ushlanib qolmay A nuqtadan B nuqtaga o‘z vaqtida yetib borishi uchun samarali usul. Ammo tizimni realizatsiya qilishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim jihatlar bor. Bulardan biri barcha bekatlarda ham infokiosklar mavjud emasligi bo‘lsa, ikkinchisi mazkur qurilmalardan chek olishda kuzatiladigan noqulayliklardir. Masalan, Paynet infokiosklaridan avtobusga chipta xarid qilish uchun 1 ta 2000 so‘mlik va 1 dona 1000 so‘mlik yoki 3 dona 1000 so‘mlik qog‘oz pulni kiritishingiz kerak. Markaziy bank 2022 yildan 1000 so‘mlik qog‘oz va banknota shaklida chiqarilmasligi va tanga ko‘rinishida muomalaga kiritilishini e’lon qilganidan buyon aholi vakillari orasida 1000 so‘mlik kupyura anqoning urug‘idek kamaygan. Bankomat esa tangani qabul qilmaydi.













