Tinchlik umididagi dunyo: ortda qolayotgan haftada nimalar sodir bo‘ldi?
Navbatdagi yakshanbada ham sizga haftalik dayjest loyihasini taqdim etayotganimizdan xursandmiz. Bundan roppa-rosa 584 yil avval muqaddas zaminimizda, temuriylar saroyi mulozimi G‘iyosiddin Muhammad degan odamning oilasida Alisher degan yigit dunyoga keladi. Keyinchalik dunyo uni Alisher Navoiy deb taniydi. Yillar o‘tgach esa bu inson butun boshli millat ramziga aylanadi.
9 fevral arafasida butun mamlakatdagi ta’lim muassasalarida (ko‘pincha xo‘jako‘rsinga) navoiyxonlik tadbirlari o‘tkaziladi. Balki shu uchun ko‘pchilik millatdoshlarimiz bu insonning tamaddundagi o‘rnini tushunib yetmagandir. Yo‘q, biz «byurokratik marafon»ga qo‘shilib Navoiy haqida shablon ta’riflarni, shablon musiqa fonida o‘qib bermoqchi emasmiz. Shunchaki sizga bu inson uning zamonida boshqa tilda gapirish moda bo‘lgan bir vaqtda siz-u biz gaplashadigan tilda ham zamonasining kazo-kazo adiblariniki kabi katta asarlar, butun boshli «Xamsa» yozish mumkinligini isbotlaganini eslatmoqchimiz. Navoiy buyuk adib bo‘lganidan tashqari davlat arbobi sifatida vijdoniga xiyonat qilmagan.
Bundan 5 asr avval – ustozimiz Alisher Navoiy yashagan davrda ham bizning tilimizda ko‘p narsa qilib bo‘lmaydi deydiganlar bo‘lgan, afsuski hozir ham bundaylar oz emas. Lekin ishoning, bunday emas, bizning tilimiz juda chiroyli. Shunchaki undan foydalanishni bilish kerak.
O‘zi bugun tilimizning bayrami. Ammo siz tilimiz haqida faqat biror belgilangan kunda emas, har kuni qayg‘uring. Farzandingiz chet tilini o‘rgansa, albatta, yaxshi, lekin ularga eng avvalo o‘zbek tilini o‘rgating. Milliy g‘urur, atrofdagi millatdoshlarga mehr, yashayotgan yurtga bo‘lgan sadoqat inson yuragiga ona tili orqali kiradi. Bir so‘z bilan aytganda Navoiy mukammal ekanini isbotlagan tilda gapirishingizdan faxrlaning. Biz mana shu go‘zal tilimizda ortda qolayotgan haftada notinch dunyomizda nimalar sodir bo‘lganini yodga olamiz.
Netanyahuning AQShga safari
Ushbu haftada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShga borib, do‘sti Donald Tramp bilan uchrashdi. Ikki siyosatchi shunaqangi gaplarni gapirishdiki, bu dahshatning o‘zginasi. Trampning aytishicha, Isroil kulini ko‘kka sovurgan G‘azo aholisi boshqa arab davlatlarga ko‘chirilib, bo‘lgada katta qurilish kompaniyalari sohilbo‘yi ko‘ngilochar binolar, uylar qurarkan. Bu borada hatto dunyodagi yirik qurilish kompaniyalari bilan muzokara ham o‘tkazilgan ekan.
Trampning taklifiga ko‘ra qo‘shni davlatlarga ko‘chirilgan G‘azo aholisi keyinchalik bu qurilgan yangi shaharga qaytadi deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, adashasiz. Tramp G‘azoni to‘laligicha AQSh nazoratiga olib, o‘zi aytgan qurilishlarni amalga oshirmoqchi.
Trampning bu taklifi butun dunyoda tanqidga uchradi. Saudiya Arabistoni g‘azoliklarni ko‘chirish taklifiga qarshi chiqdi. Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon Ar Riyozning Falastin davlatini tuzish bo‘yicha pozitsiyasi qat’iy ekanini ma’lum qildi. Netanyahu esa bunga mazxaraomuz javob berdi. «Saudiya Falastin davlatini tuzmoqchi bo‘lsa, o‘z yerlarida tuzaversin, ularning yeri katta», dedi Isroil bosh vaziri.
Vashingtonga tashrifi davomida Netanyahu amerikalik do‘stiga ikkita peyjyer sovg‘a qildi. Ulardan biri oddiy, biri oltin bilan bezatilgan. Biz bu haqda video ham tayyorladik, uni YouTube kanalimizdan topishingiz mumkin. Netanyahu shu orqali Livandagi «Hizbulloh» harakatiga qarshi o‘tkazgan peyjyer operatsiyasiga ishora qilgan. AQSh maxsus xizmati peyjyerni obdon tekshirib ko‘rayotgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, Tramp Isroilning do‘sti, lekin aytib bo‘ladimi, bu Mossad deganlaridan har narsani kutsa bo‘ladi.
Moskvada kriminal avtoritet o‘ldirildi
Hafta boshida Moskvada donbasslik mashhur kriminal avtoritet, uch yildan buyon Rossiya tomonda turib Ukrainaga qarshi urushayotgan Armen Sarkisyan portlatib o‘ldirildi. Uning yonida 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Rossiyaga qochgan Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukoviching sobiq qo‘riqchisi va Rossiya tomoniga o‘tib ketgan qrimlik sobiq harbiy ham bo‘lgan.
Suiqasdda ikki versiya ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi versiyaga ko‘ra, ijrochi tabiiyki, Ukraina maxsus kuchlari. Chunki Sarkisyan «Arbat» degan butun boshli batalyon tuzib, Ukrainaga qarshi urushgan. Boshqa versiyaga ko‘ra, Sarkisyanni biznes bo‘yicha raqobatchilari o‘ldirgan. Biz bu suiqasd haqida alohida video tayyorlaganmiz. Uni tomosha qilib, vaziyat haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
AQSh va Isroil BMTga «sabotaj qildi»
Ushbu haftada AQSh va Isroil BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqib ketdi. Avvaliga Tramp AQSh bu kengashdan chiqishini e’lon qildi, uning orqasidan Isroil ham shunday qaror qabul qildi. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning aytishicha, bu kengash antisemitizmni qo‘llagan va inson huquqlarini himoya qilmagan. Tabiiyki, bu bayonot kengash Isroilning G‘azodagi agressiyasini doimiy qoralagani bilan bog‘liq.
AQSh inson huquqlari bo‘yicha kengashdan tashqari BMTning Falastinga yordam bo‘yicha agentligidan ham chiqdi va uni moliyalashtirishni ham to‘xtatdi.
Tramp Ukrainaga yordamni tikladi va evaziga...
Esingizda bo‘lsa, o‘tgan haftada AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatgani haqida xabar bergandik. Bu qaror Tramp butun dunyo davlatlariga yordamni 90 kunga muzlatgani fonida sodir bo‘lgandi. Ushbu haftada AQSh Ukrainaga qurol yuborishni tikladi. Biroq bu Tramp tomonidan taqdim etilgan yangi paket emas, bunaqasi bo‘lmasa ham kerak. Shunchaki yangi ma’muriyat Bayden davrida ajratilgan harbiy yordam yuborilishini tiklagan.
Tramp bu yordamlar o‘rniga Ukrainadan nodir metallar va boshqa mahsulotlar olmoqchi ekanini aytdi. Biznesmen-prezidentning fikricha, Ukrainaga harbiy yordam beg‘araz bo‘lmasligi kerak va Kiyev buning uchun Vashingtonga nimadir berishi lozim. Amerika nashrlariga ko‘ra harbiy yordam evaziga nodir metallarni berish taklifi Zelenskiydan chiqqan va Trampga ma’qul bo‘lgan. Shuningdek, Ukraina Amerikaga qurol-yarog‘ evaziga Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi ba’zi harbiy kontingenti o‘rniga o‘z qo‘shinlarini joylashtirishni ham taklif qilgan.
Xitoy AQShga qarshi bojlar e’lon qildi
Hafta boshida AQSh yangi prezidenti Donald Tramp Xitoy mollari importi uchun joriy qilgan 10 foizlik boj kuchga kirdi. Pekin esa bunga javoban AQShdan kelayotgan tovarlarga javob bojlari e’lon qildi. Xususan, endi Amerika korxonalari Xitoyga suyultirilgan gazni 15 foiz, neft, qishloq xo‘jaligi texnikalari va kuchli dvigatelli avtomobillarni 10 foiz qo‘shimcha boj bilan olib kiradi. Bu tartib 10 fevraldan kuchga kiradi.
Putin va Zelenskiy uchrashishga tayyor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan hech qanaqasiga gaplashmayman, u nolegitim, deb turgandi. Lekin Amerika prezident ma’muriyati vakillari Kreml vakillari bilan muloqot qilganidan keyin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Zelenskiy bilan uchrashuvga tayyor ekanini aytdi. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev avvalo bu uchrashuvga tayyorligini bildirishi, Putin bilan muzokara o‘tkazishni taqiqlovchi cheklovini bekor qilishi kerak.
Avvalroq Ukraina prezidenti Zelenskiy ham Putin bilan uchrashishga tayyor ekani, bu sulh uchun yagona chora ekanini aytgandi. Zelenskiyga ko‘ra Putin bilan gaplashishining o‘zi murosa hisoblanadi. Aftidan, Trampning vakillari urushni tugatish bo‘yicha yomon ishlamayapti. Putin va Zelenskiy o‘zaro uchrashuvga rozi bo‘lganining o‘zi katta gap axir.
Kurskka hujum kuchaydi
Kiyev va Moskva o‘rtasida muzokaralar tobora real ko‘rinayotgan bir vaqtda Ukraina ruslarning Kursk oblastiga bosqinni kuchaytirdi. Bilasiz, o‘tgan yil 6 avgust kuni Ukraina Kurskka bostirib kirgan va 1,2 ming kilometr kvadratdan kattaroq hududni bosib olgandi. Keyinchalik ruslar bu yerlarning yarmidan ko‘prog‘ini qaytarib oldi, lekin Ukraina muzokaralarda foydalanish uchun Kurskka katta kuch tashlab, hududni ushlab turibdi.
Ukraina Kursk yo‘nalishida yana bir necha km odimlagani aytilmoqda. Zelenskiyga ko‘ra, ukrainlar Kurskda yangi operatsiya boshlashdan avval u yerdagi boshqaruv punktini yo‘q qilgan. Oqibatda 20 nafar ofitser, xususan, shimoliy koreyalik harbiy halok bo‘lgan. Ukraina prezidenti anchadan buyon frontda ko‘rinish bermayotgan KXDR harbiylari oxirgi kunlardagi Kursk jangida yana paydo bo‘lgani haqida gapirdi.
Rossiya Toretskni egalladi
Tennischasiga aytganda, Ukraina Kurskda yangi hududlarni egallab «breyk qilgan» bir vaqtda Rossiya ham «breyk bilan javob berib», Donetsk oblastidagi Toretsk shahrini egallab oldi. Rossiya mudofaa vazirligi bu haqda 7 fevral kuni e’lon qildi. Kiyev shahar boy berilganini tasdiqlamagan. Ukrainlar shahar markazi qo‘ldan ketgani, lekin chekka hududlarda janglar davom etayotganini ma’lum qilgan. Ammo markaz boy berilishi shahar qulashiga olib kelishini hamma biladi. Bunday vaqtda «kambek qilish» imkonsiz.
Oxirgi vaqtlarda Rossiya Donetsk oblastiga hujumni kuchaytirdi. «Shtorm Z» otryadlariga qo‘shimcha 30 ming odam jalb qilingani aytilmoqda. Aftidan, Rossiya uchun Kurskni qaytarib olishdan ko‘ra yangi Ukraina qishloqlarini egallab olish muhimroq ko‘rinadi. Balki Moskva Kursk muzokaralar davomida aniq qaytarilishiga ishonayotgandir.
MRBda tozalash
Donald Tramp dunyodagi eng qudratli razvedka tashkiloti – AQSh Markaziy razvedka boshqarmasida katta tozalash boshlamoqchi. Wall Street Jorunal nashrining yozishicha, idoraning barcha xodimlariga o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shash taklif etilgan. Bunga rozi bo‘lgan xodimlarga 8 oylik maoshlari to‘lab beriladi va ularga berilgan barcha imtiyozlar saqlab qolinadi.
Shunga o‘xshash taklif qolgan federal idora xodimlariga ham berilgan. Hozirgacha 20 mingdan ortiq davlat xizmatchisi bu taklifga rozi bo‘lgan. Kasaba uyushmalari esa buni ishchilarga bosim o‘tkazish deb hisoblab, Tramp ma’muriyati ustidan da’vo arizalari kiritgan.
Olimlar «aqlli asfalt» yaratdi
Britaniyada bir guruh olimpar chililik hamkasblari bilan birgalikda qayta tiklanadigan asfalt ishlab chiqardi. Bu uchun oddiy asfaltga o‘simliklar tiklanishida ishtirok etadigan ba’zi moddalar qo‘shilgan. Tajriba davomida ushbu asfalt yorib ko‘rilgan. Bir soat o‘tgach kichik yoriqlar o‘zi qayta tiklangan. Katta yoriqlar aynan kichik yoriqlarga suv kirishidan hosil bo‘lishi hisobga olinsa, bu juda zo‘r kashfiyot bo‘lishi mumkin. Tajriba muvaffaqiyatli chiqishiga aynan o‘simliklar xususiyatidan kelib chiqib qo‘shilgan moddalar yordam bergan.
Buyuk Britaniya har yili yo‘llardagi yoriqlarni yamashga 143 million funtdan ko‘proq mablag‘ ajratarkan. Bu tajriba amalga kiritilsa, xarajatlar yaxshigina tejaladi.
Olimlar yangi asfaltni yaratishda o‘simliklar yoriqlari qanday tiklanishini o‘rganishgan. Bu jarayonni tahlil qilishda ularga sun’iy intellekt yordam bergan.
Yangi asfalt ekologik toza ekani ham qayd etilgan. Oddiy asfalt ishlab chiqarish uchun ko‘p miqdorda zaharli gazlar havoga chiqadi, Britaniya esa 2050 yilga borib uglerod chiqindisi darajasini nolga yetkazishni maqsad qilgan. Shu uchun bu kashfiyot hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
Qushlar uchun qo‘riqxona
Angliyadagi qirollik qushlarni himoya qilish jamiyati Kambriya grafligida qushlar uchun 50 km kvadrat maydonda qo‘riqxona yaratish rejasini e’lon qildi. Angliya shimolidagi bu graflik shundog‘am go‘zal tabiati bilan ajralib turadi. Tabiat himoyachilari hududdagi botqoqliklar, o‘rmonlar yo‘qolib borayotgani uchun u yerlarda yashovchi yovvoyi qushlarga yangi manzil kerak deb hisoblagan. Shu maqsadda Gelsdeyldagi qo‘riqxonani yanada kattalashtirish rejasi taqdim etilgan. U yer qushlar uchun jannat bo‘ladi, demoqda tashkilotchilar.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning so‘nggisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Tavsiya etamiz
AQSh 43 davlat, jumladan Rossiya va Belarus fuqarolarining kirishini cheklashi mumkin
Jahon | 17:13 / 15.03.2025
Siyosat va futbol: to‘p yana Trampda
Jahon | 21:48 / 14.03.2025
Toshkentda bitta xonadon narxi necha yillik ijara haqiga teng?
O‘zbekiston | 20:15 / 14.03.2025
Toshkentda popkorn sotuvchilarini “panohiga olgan” profilaktika inspektori pora olganlikda ayblandi
Jamiyat | 19:19 / 14.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Panamada energiya ta’minoti blekautdan so‘ng tiklandi
Jahon | 13:18
-
Sog‘liqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori – Senat
O‘zbekiston | 13:14
-
Yamanga hujum, Ilon Maskka qarshi namoyishlar va armiya Bosh shtabi rahbarini almashtirgan Ukraina - kun dayjesti
Jahon | 13:14
-
Ispaniya O‘zbekistonda yirik nasos stansiyalarini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazadi
Iqtisodiyot | 13:13
Mavzuga oid

14:43 / 16.03.2025
Dushmani o‘zgargan Rossiya, «mashina bozorga aylangan» Oq uy – hafta dayjesti

16:13 / 09.03.2025
Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti

17:40 / 23.02.2025
Urushning uch yilligi, Trampning tahdidlari va arra ko‘targan Ilon – hafta dayjesti

13:30 / 16.02.2025