AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni boshlamoqda
Ukraina unga taklif etilmagan. Yevropa ham.

Foto: Evelyn Hockstei / Reuters / Scanpix / LETA
18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Rossiya va AQSh o‘rtasida Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kerak. Ukraina unda ishtirok etmaydi.
Delegatsiyalar tarkibi simmetrik bo‘lishi kutilmoqda: tashqi siyosat idoralari rahbarlari (Marko Rubio va Sergey Lavrov), prezidentlarning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilari (Maykl Uols va Yuriy Ushakov), tashqi razvedka xizmatlari rahbarlari (Jon Retkliff va Sergey Narishkin) — qolaversa oxirgi vaqtlarda diplomatik rolni bajara boshlagan bir nafardan ishbilarmonlar (Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev).
Rubio va Lavrov 15 fevral kuni qo‘ng‘iroqlashib, «oliy darajadagi Rossiya-Amerika uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish»ni muhokama qilishgandi. Ya’ni fevral oyi oxirigacha Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Vladimir Putin va Donald Tramp uchrashuvini.
Shu kunlarda iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko rahbarligidagi ukrain delegatsiyasi ham Ar-Riyodda bo‘lib turibdi. Sviridenkoning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoniga tashrifini tayyorgarlamoqda.
Zelenskiyning o‘zi 17 fevral, dushanba kuni BAAga yetib bordi, shundan keyin u Saudiya Arabistoni va Turkiyaga ham boradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha uchrashuvlarining asosiy mavzusi asirlarni almashish va Rossiya tomonidan deportatsiya qilingan bolalarni Ukrainaga qaytarish bo‘ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina o‘rtasida hech qanday kontakt ko‘zda tutilmagan. Zelenskiy BAAdaligida shunday bayonot berdi: «Ukraina [bu muzokaralarda] ishtirok etmaydi. Ukraina bu haqda hech narsa bilmasdi. Ukraina bo‘yicha Ukrainasiz har qanday muzokaralarni samarasiz deb bilamiz va o‘zimiz haqdagi o‘zimizning ishtirokimizsiz hech qanday kelishuvni tan ololmaymiz».
NBC ma’lumotiga ko‘ra, amerikaliklar umumiy uchrashuvni tashkillashtirishdan oldin rossiyaliklar va ukrainaliklar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishni niyat qilgan. Ar-Riyodda Ukraina-Aamerika uchrashuvi Zelenskiy shu yerdaligida o‘tkazilishi yoki yo‘qligi noma’lum. Tramp Zelenskiy muzokaralarga «jalb etilishi»ni aytgandi, ammo aynan qanday yo‘l bilan ekaniga aniqlik kiritmagandi.
Zelenskiyning Amerikadagi yangi ma’muriyat bilan munosabatlari yaxshi kechmayapti. 2024 yil oktyabr oyida u G‘arb ittifoqchilariga harbiy yordam evaziga Ukrainaning «muhim resurslari» (uran, titan, litiy va boshqalar)dan foydalanishni taklif qilgandi. Tramp Oq uyga qaytishi bilanoq, bu taklifni eslatdi. 12 fevral kuni Zelenskiyning Kiyevda AQSh moliya vaziri Skott Bessent bilan uchrashuvidan bir necha soat oldin Ukraina prezidentiga amalda amerikaliklarga mamlakatdagi foydali qazilmalarning yarmiga egalik qilish huquqini beruvchi kelishuv loyihasi taqdim etildi. Zelenskiy uni imzolashdan bosh tortdi.
Shu kuni Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi — va muzokaralar jarayoni boshlandi, unda Ukraina ham, uning Yevropadagi ittifoqchilarining ham ishtiroki minimal darajada bo‘lishi ko‘zda tutilgan. AQSh va Rossiya yetakchilari tez fursatda uchrashishga, rasmiy tashriflar almashishga kelishib olgan. AQSh mudofaa vaziri esa bu orada Ukrainaning 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytishi va NATOga a’zo bo‘lishi noreal maqsadlar ekanini e’lon qilgan. Keyingi kuniyoq Tramp Rossiya G7’ga qaytishidan xursand bo‘lishini aytdi.
14-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Amerika vakillari bunday keskin siyosiy burilish haqida savollarga ko‘mib tashlandi. Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Yevropa davlatlari muzokaralarga taklif qilinmasligini ochiq aytdi. AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning nutqi esa Amerikaning yangi ma’muriyati umuman yevropalik ittifoqchilarga sovuq va, ehtimol, biroz mensimasdan munosabatda bo‘lishini aniq ko‘rsatdi.
Yevropaliklar imo-ishorani tushunishdi. Britaniya bosh vaziri Kit Starmer The Telegraph gazetasidagi maqolasida Britaniya qo‘shinlarini Ukrainaga tinchlikparvar sifatida yuborishga tayyorligini e’lon qildi. Biroq Myunxendagi Amerika rasmiylari, The Economist nashri yozishicha, Yevropa tinchlikparvar kuchlariga shubha bilan qarashgan va bunday missiyaga Braziliya yoki Xitoy kabi mamlakatlarni jalb qilish yaxshiroq bo‘lishini aytishgan.
Bu g‘oya avvalroq mustaqil ekspertlar tomonidan bildirilgan edi. Mantiq oddiy: agar Rossiya qo‘shinlari Italiya yoki Niderlandiya tinchlikparvarlari bilan otishmaga kirishsa va shu bilan birga Rossiyaning NATO bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvidan qochishga muvaffaq bo‘lsa, unda Rossiya bundan hech narsa yo‘qotmaydi, chunki uning Yevropa davlatlari bilan munosabatlari shundoq ham umidsiz tarzda buzilgan. Agar otishma Hindiston yoki Xitoydan kelgan tinchlikparvar kuchlar bilan sodir bo‘lsa, bu butunlay boshqa masala.
Faqat savol shundaki, Hindiston, Xitoy yoki Braziliya o‘z askarlarini Ukrainaga yuborishni xohlaydimi? Xitoy vositachi-yarashtiruvchi roliga da’vogarlik qilishga urindi, ammo bu o‘ziga xos tenderda Saudiya Arabistoni g‘olib chiqdi (katta ehtimol bilan Qatar va BAAning sahna ortidagi qo‘llab-quvvatlashi bilan). Hindiston va Braziliya esa urushning uch yili davomida hech bir tomonga yon bosmayapti va umuman bo‘layotgan voqealarga iloji boricha kamroq munosabatda bo‘lishga harakat qilmoqda.
Myunxenda Vens Zelenskiy bilan uchrashdi. Foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv yana muhokama qilindi — va yana kelisha olishmadi.
Rossiyaliklar va amerikaliklar Ar-Riyodda aynan nimani muhokama qilishi noma’lum. Katta ehtimol bilan, gap hududiy o‘zgarishlar, tinchlikparvar kuchlar, sanksiyalar, Ukrainaning maqomi va NATOning Sharqiy Yevropadagi harbiy infratuzilmasi haqida boradi.
2022 yilda AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jo Bayden Polsha va Ruminiyaga 20 mingga yaqin amerikalik askarni joylashtirgandi. Bu esa albatta, Rossiyani asabiylashtirardi. Agar Tramp ularni u yerdan olib chiqsa, NATOga a’zo boshqa davlatlar o‘z harbiylari uchun xavf juda katta va sharqdan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tajovuzni qaytarish uchun kuchlar yetarli emas deb hisoblashi mumkin — va ular ham qo‘shinlarini olib chiqib ketishadi.
2021 yil dekabr oyida Putin 1997 yildan keyin alyansga a’zo bo‘lgan mamlakatlardan NATO qo‘shinlari va harbiy infratuzilmasini olib chiqib ketishni talab qilgandi. Yuqoridagi ssenariy, albatta, bu ultimatumning ijrosi bo‘lmaydi, lekin Putinning maqtanadigan narsasi bo‘ladi.
Bloomberg agentligi anonim manbaga asoslanib, Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi otashkesimga Pasxagacha erishishdan (bu yil bayram g‘arbdagi xristianlarda ham, pravoslavlarda ham 20 aprelga to‘g‘ri keladi) umid qilayotganini yozgan.
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Namanganning “Ibratli sudya”si xavfli retsidivist fohishaxona saqlovchini ozod qildi. Qo‘shmachi hokimning qizimi?
O‘zbekiston | 17:55
-
Xitoy Tayvan yaqinida harbiy o‘quv mashg‘ulotlarini boshlab, orol prezidentini «parazit» deb atadi
Jahon | 17:41
-
Toshkentning ayrim hududlarida issiq suv vaqtinchalik o‘chiriladi
Jamiyat | 17:23
-
China Southern Airlines O‘zbekistonga parvozlar sonini ko‘paytiradi
O‘zbekiston | 17:14
Mavzuga oid

09:38
YeI diplomatlari Rossiyani Ukrainada hech qanday sharsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

08:51
«U Putindan cho‘chimadi» - Kreml Zelenskiyni chetlatish orqali Ukrainani bo‘ysundirishga intilyapti

01:11
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi

20:11 / 31.03.2025