Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xonanda AQSh-Kanada o‘yinida Kanada madhiyasi so‘zlarini o‘zgartirib kuyladi
Xokkey o‘yinida qo‘shiqchi Shantal Kreviazuk Kanada milliy madhiyasi so‘zlarini o‘zgartirib kuyladi. Keyinchalik buni Tarmpning Kanadani qo‘shib olishni nazarda tutuvchi tahdidli bayonotlariga nisbatan norozilik deb atadi.
Qo‘shiqchi Shantal Kreviazuk 20 fevral kuni o‘tkazilgan AQSh – Kanada xokkey o‘yinida Kanada madhiyasi so‘zlarini o‘zgartirib kuyladi. O‘yin «To‘rt millat Kubogi» finali doirasida bo‘lib o‘tdi va unda kanadaliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. CNN nashrining yozishicha, Kreviazukning qilmishi ikki davlat o‘rtasidagi keskin siyosiy vaziyatni yanada kuchaytirdi.
Kreviazuk Kanada madhiyasidagi «Haqiqiy vatanparvarlik tuyg‘usi har birimizga buyuradi» so‘zlarini o‘zgartirib, «Haqiqiy vatanparvarlik tuyg‘usini faqat biz buyuramiz», deb kuyladi. Keyinchalik, xonanda buni prezident Donald Trampning Kanada haqidagi bayonotlariga norozilik sifatida qilganini ijtimoiy tarmoqlarda tan oldi. Avvalroq, Tramp Kanada Qo‘shma Shtatlarning 51-shtati bo‘lishi kerakligini aytgan edi.
Kreviazuk ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchilikka ishora qilib, shunday yozdi: «Agar biz anneksiya qilinsak, yaxshiroq bo‘lardik, deb o‘ylasangiz, uzr so‘rayman. Gap shundaki, men uchun san’at bizning haqiqatimiz ifodasidir. Va bu juda g‘alati va muhim daqiqada o‘rnimizdan turishimiz, ovozimizni baland qilib, o‘zimizni himoya etishga harakat qilishimiz kerakligiga ishonaman… Yo‘q, biz hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlarida o‘z g‘azabimizni bildirishimiz kerak. Men nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qisman sodiq bo‘lgan jasur ovozlardan ilhomlangan musiqa bilan o‘sganman. Kanada ham Ukraina kabi suveren davlat. Nuqta. Bizning boshqalardan farq qiladigan o‘z madaniyatimiz bor. Biz qadriyatlarimizda birlashganmiz. Biz g‘amxo‘rlik qilamiz. Biz mehribonmiz. Biz kuchlimiz».
Prezidentlik davri boshlanganidan beri Tramp Kanadani Qo‘shma Shtatlarning 51-shtati bo‘lishini ko‘rish istagini bir necha bor ta’kidlagan, ushbu mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudoga so‘z hujumini uyushtirgan va Kanada iqtisodiyotiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan katta tariflarni joriy etish bilan tahdid qilgan.
Kanada terma jamoasi so‘nggi voqealar zamirida o‘ta prinsipial ahamiyat kasb etgan o‘yinda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan so‘ng Kreviazuk ijtimoiy tarmoqda mushtini ko‘targan suratini joylashtirdi va unga «Va adolat g‘alaba qozonadi» degan yozuv qo‘ydi.
Tryudo o‘yindan keyin AQSh va Kanada o‘rtasidagi so‘nggi mojarolarni nazarda tutib, ijtimoiy tarmoqda shunday deb yozdi: «Siz bizning mamlakatimizni egallab olmaysiz va bizning o‘yinimizni ham egallab olmaysiz».
Muz ustida shaybali xokkeyning vatani Kanada hisoblanadi.
Mavzuga oid
17:53 / 08.06.2026
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurmoqchi
10:30 / 08.06.2026
AQSh poytaxtida o‘zbek tadbirkorlari uchun maxsus dastur ishga tushirildi
09:30 / 08.06.2026
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
08:50 / 08.06.2026