O‘zbekiston | 14:05 / 10.03.2025
2123
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlarini tuman kesimida baholash tizimi – bu odamlarga nima beradi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishidagi nutqida barcha davlat xizmatlari tuman kesimida baholanadigan tizimni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi. Xo‘sh, u oddiy fuqarolarga nima beradi va uning ahamiyati nimada?

Foto: Kun.uz

Uchrashuvda davlat rahbari tomonidan jamiyat va davlat organlari oldida turgan ustuvor vazifalarga doir muhim mujdalar berildi, qator muhim tashabbus va takliflar ilgari surildi. Ulardan biri – barcha davlat xizmatlari tuman kesimida baholanadigan tizim yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi.

Mazkur taklif davlat xizmatlarining shaffofligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan muhim yangilikdir. Xo‘sh, u oddiy fuqarolarimizga nima beradi va uning ahamiyati nimada? Bu borada qo‘yidagilarni qayd etish mumkin.

Birinchidan, aholi o‘zlari olgan davlat xizmatlarini baholash imkoniga ega bo‘ladi. Ya’ni, odamlar qaysidir davlat xizmatidan qoniqmadimi, tabiiyki, o‘sha sohada ishlar, xizmat sifati yaxshi emas. Bu o‘sha “yomon” deb topilgan davlat idora va tashkilotlari rahbarlariga o‘ziga xos ko‘zgu vazifasini o‘taydi: u rahbarlik qiladigan sohadan aholi qoniqmayotganini, demakki, tegishli choralar ko‘rib, xizmatlar sifatini yaxshilash zarurligini anglatadi.

Ikkinchidan, bugun tuman va shaharlarda odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan masalalar – suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiyalar, pensiya va moddiy yordam olish bilan bog‘liqligi ko‘pchilikka ayon. Bu jarayonda turli idoralarga qatnab, sarson bo‘lish esa fuqarolar uchun muammo bo‘lib kelgan, va hozir ham bunday noqulayliklar kuzatiladi. Prezident taklifiga ko‘ra, endilikda bularning barchasi onlayn tarzda hal etiladigan tizim orqali yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni odamlar kutmaydi, sarson bo‘lmaydi, hujjat orttirib, idorama-idora yurishga majbur bo‘lmaydi.

Uchinchidan, bu o‘zgarishlarning ahamiyati shundaki, ular davlat xizmatlarini odamlar uchun yanada qulay, oson va shaffof qilishga qaratilgan. Fuqarolarga xizmat qiluvchi idoralar endi nafaqat qonunlar, balki haqiqiy ijtimoiy baholar asosida ham baholanadi. Bu tizim ishga tushishi bilan byurokratiya va ko‘zbo‘yamachilikka barham berishga qaratilgan aniq mexanizm yaratiladi. Boshqacha aytganda, aholiga xizmat qilishi kerak bo‘lgan idoralar, aksincha, aholini ovora qilishi mumkin emasligini anglatadi.

Mazkur yangilik xalqaro tajribada keng kuzatilayotgan jarayonlar bilan uyg‘undir. Bunday tajriba Janubiy Koreya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Finlyandiya va boshqa ko‘plab davlatlarda kuzatiladi.

Davlat xizmatlari sifatini baholash tizimining joriy qilinishi quyidagilar bilan ahamiyatli:

– davlat xizmatlari shaffofligi va xolisligini ta’minlaydi;

– aholining davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi;

– mazkur sohada korrupsiya elementlarini yo‘q qilishga ko‘maklashadi;

– davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “yashirin diskriminatsiya”ga (fuqarolarni ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra ajratish) yo‘l qo‘yilishiga imkon bermaydi.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining mazkur taklifi O‘zbekistonda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – inson qadrini ulug‘lash, aholini rozi qilish sari navbatdagi shahdam qadam, odamlarimizni qiynab kelgan muammolardan biriga samarali yechim bo‘ladi, deyish mumkin.

Adhambek Rashidbekov,
mustaqil tadqiqotchi

Mavzuga oid