Mamlakatimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

Aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 2024 yil 18 dekabrdagi 847-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Proaktiv davlat xizmati deyilganda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz vakolatli organlar tashabbusi bilan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari tushuniladi. Ushbu qaror bilan:

  • elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • tabiiy gazni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish;
  • xususiy bandlik agentliklarini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatilishi belgilandi.

Misol tariqasida, ichimlik suvini hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan (jismoniy shaxslar uchun – 8 yil, yuridik shaxslar uchun – 4 yil) o‘tkazish endilikda iste’molchilarning murojaatisiz amalga oshiriladi.

Bunda, ta’minotchi korxonaning mas’ul xodimi hisobga olish uskunasining davriy qiyoslov muddatiga 3 oy qolganda proaktiv shaklda hisobga olish uskunasi mulkdorining ishtirokida hisobga olish uskunasini yechib oladi va 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.

Shundan so‘ng, hisobga olish uskunasi ta’minotchi korxona tomonidan dalolatnoma bilan birga metrologiya xizmatiga topshiriladi va 3 ish kuni ichida metrologiya xizmati tomonidan qiyoslashdan o‘tkaziladi.

Hisobga olish uskunasi qiyoslashdan o‘tkazilgandan so‘ng, ta’minotchi korxona tomonidan 3 ish kuni ichida hisobga olish uskunasi fuqaroning ishtirokida o‘rnatilib, 3 nusxada dalolatnoma tuzilgan holda tamg‘alanadi.