Jahon | 13:09 / 10.03.2025
3266
9 daqiqa o‘qiladi

Elektrdan uzilgan G‘azo, Sudjaga gaz quvuri orqali hujum va Tramp kelishi bilan yanada boyigan rossiyalik milliarderlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azoda elektr ta’minotini to‘xtatdi

Isroil G‘azo sektorida elektr energiyasi uzatilishini to‘xtatdi. Bu qaror energetika vaziri Eli Koen tomonidan qabul qilindi va HAMASga bosimni oshirish hamda garovga olingan 59 nafar shaxsni ozod etish maqsadida amalga oshirildi.

Koenga ko‘ra, Isroil o‘z fuqarolarini qaytarish va HAMAS hukmronligini yo‘q qilish uchun barcha vositalardan foydalanadi. Avvalroq, Isroil G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini ham to‘xtatgandi.

Tel Aviv HAMASni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichini uzaytirishdan bosh tortganlikda aybladi. Hukumat bu kelishuv muddati tugashi bilan Isroil armiyasi eksklavni tark etishi kerakligini ta’kidlagan edi. Netanyahu esa muzokaralar natijasidan kelib chiqib, G‘azoda elektr ta’minotini butunlay uzib qo‘yish ehtimolini ham istisno etmadi.

Shuningdek, Isroilning hujumlari G‘azodagi 1244 ta masjiddan 1109 tasiga zarar yetkazgani ma’lum qilindi. Ularning orasida Umar buyuk masjidi va Al-Holdiy masjidlari ham bor. G‘azoning islomiy meroslari vayronalarga aylantirilgan, deyiladi G‘azodagi vaqf va din ishlari bo‘yicha vazirligi ma’lumotnomasida.

Razvedka ma’lumotlarisiz Ukraina yo‘qotishlarga uchramoqda

AQShning Ukrainaga razvedka ma’lumotlari yetkazishni to‘xtatishi Rossiyaga frontning muhim nuqtalarini bosib o‘tish imkonini berdi va Ukraina armiyasida og‘ir yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi.

Time nashriga ko‘ra, bu qaror natijasida yuzlab ukrainalik harbiylar halok bo‘lgan. Ukrainalik bir ofitserning ta’kidlashicha, AQSh o‘z majburiyatlaridan voz kechgani sababli Ukraina armiyasi bir qator asosiy qurollardan foydalana olmayapti, bu esa jangchilarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, Rossiyaning Kursk oblastida vaziyat og‘irlashgan. Ukraina rahbariyati ushbu hududni Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralarda mustahkam pozitsiya sifatida ko‘rib kelayotgan edi. Prezident Zelenskiy Kurskni Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun strategik hudud deb hisoblab kelayotgandi.

Ammo AQSh razvedka ma’lumotlarining yo‘qligi ukrainaliklarni rossiyalik bombardimonchi va hujumchi samolyotlarini oldindan aniqlash imkonidan mahrum qildi, bu esa harbiylar va tinch aholi uchun jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.

Rossiya askarlari Sudjaga gaz quvuri orqali hujum qildi

Rossiyalik harbiylar Kursk oblastida Ukraina kuchlari ortidagi hududga «Urengoy-Pomari-Ujgorod» gaz quvuri orqali yashirincha o‘tgani haqida xabar qilinmoqda.

Harbiy Telegram-kanallar ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik askarlar 13 km masofani diametri 1,4 metrlik quvur ichida harakat qilib bosib o‘tgan. Ular kislorod ballonlari va suv zaxiralari bilan ta’minlangan holda Ukraina bosib olgan hududiga kirib borgan.

Bu usul Rossiya armiyasiga Sudja hududida to‘satdan paydo bo‘lishi va Ukraina kuchlarini himoyasiz holatda ushlash imkonini bergan.

Ukraina Genshtabi quvurdan foydalanilganini tasdiqladi, ammo keng miqyosli hujum haqidagi xabarlarni rad etdi. The Telegraph ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya front chizig‘ini ikki yo‘nalishda buzib o‘tgani bois 10 ming ukrain harbiysi qurshovda qolish xavfiga duch kelgan.

AQSh Rossiya flotini kuzatishdan bosh tortdi

Keyingi qarorlari ko‘proq Rossiya manfaatini ko‘zlab chiqarilayotgan AQSh hukumati Kanadaning Rossiya «yashirin floti»ni kuzatish uchun G7 ning maxsus guruhini tuzish to‘g‘risidagi taklifini rad etdi.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, taklif G7 sammitida muhokama qilinishi lozim bo‘lgan va AQSh nafaqat unga veto qo‘ygan, balki qo‘shma bayonotdan Rossiyaga nisbatan «sanksiyalar» jumlasini ham chiqarib tashlashni talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, G7 sammiti 12-14 mart kunlari Kanadada bo‘lib o‘tadi.

Fevral oyida Financial Times gazetasi ham Vashington G7 bayonotida Rossiyani «bosqinchi» deb atashga qarshi chiqqanini xabar qilgandi.

Shuningdek, 4 mart kuni AQSh Kanada tovarlariga 25 foiz boj joriy etdi. Ottava javoban AQSh mahsulotlariga shunday chora ko‘rdi. So‘ngra yana bu qaror bir oyga surildi. Donald Tramp Kanadaga qarshi bojlarni ikki barobar oshirishni va’da qilgan, Jastin Tryudo esa uni savdo urushi boshlayotganlikda aybladi.

Ilon Mask Ukraina frontini qulatish bilan tahdid qildi

Ilon Mask Starlink tizimi Ukraina armiyasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar u o‘ziga tegishli sun’iy yo‘ldoshli aloqani o‘chirsa, Ukraina qo‘shinlarining front chizig‘i bir zumda qulaydi.

Mask Ukraina urushi yillar davom etgan «boshi berk ko‘chaga kirib qolgan qonli to‘qnashuv» ekanini aytdi va mamlakat oxirida mag‘lub bo‘lishini taxmin qildi. «Buni tushunadiganlar ushbu qirg‘inni to‘xtatishni istaydi», — dedi u.

Ukraina Starlink terminallarini birinchi marta 2022 yil fevralda olgan. SpaceX ushbu xizmatni Ukraina armiyasi va fuqarolik infratuzilmasi uchun taqdim etgan va urush davomida u hal qiluvchi aloqa vositasiga aylangan.

Bu orada Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskning boyligi Tesla va boshqa kompaniyalar aksiyalari kotirovkasining pasayishi tufayli yil boshidan beri 102 milliard dollardan ortiqqa kamaygani ma’lum qilindi.

Tramp kelishi bilan rossiyalik milliarderlar yanada boyidi

Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytganidan so‘ng Ilon Mask 100 mlrd dollaridan ayrilgan bo‘lsa, shu muddat ichida Rossiyadagi milliarderlarning umumiy boyligi 16,5 mlrd dollarga oshgan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta o‘sish Alisher Usmonov aktivlarida kuzatilgan — uning boyligi 3,19 mlrd dollarga oshib, endilikda 16,4 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Vladimir Potaninning boyligi 2,22 mlrd dollarga oshib, 30,1 mlrd dollarga yetdi. Federatsiya kengashi a’zosi Sulaymon Kerimov esa 1,68 mlrd dollar daromad qildi.

Umumiy hisobda, 2024 yil davomida eng boy 25 rossiyalikning umumiy boyligi 18,5 mlrd dollarga oshgan edi.

Rasmiy Vashington Moskva bilan munosabatlarni yaxshilashni ko‘rib chiqmoqda. AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Rossiya bilan aloqalarni tiklash muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va bojlar joriy etish masalasini o‘rganmoqda.

AQSh sudi: Xitoy Covid-19 uchun javobgar

AQShning Missuri shtati sudi Xitoy hukumatini Covid-19 tarqalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirganlikda aybdor deb topib, 24 mlrd dollar jarimaga tortdi.

Sud qaroriga asosan, rasmiy Pekin pandemiya xavfini kamaytirib ko‘rsatgani, shaxsiy himoya vositalarini yig‘ib, ularni monopoliya qilgani va dunyoda virusga qarshi choralar ko‘rishni qiyinlashtirgani aytiladi.

Missuri bosh prokurori 2020 yilda ushbu da’voni kiritgan. Sud qaroridan so‘ng shtat rasmiylari Xitoy aktivlarini musodara qilish orqali jarimani undirishga va’da bermoqda. Xitoy hukumati esa ayblovni rad etmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2019 yil dekabrda Uhanda pnevmoniya tarqalgani haqida ma’lumot olgan. 2020 yil martda Covid-19 pandemiya deb e’lon qilindi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 7 milliondan ortiq kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

AQShda 15 yil ichida ilk marta jinoyatchi otildi

AQShning Janubiy Karolina shtatida 67 yoshli Bred Kit Sigmon otuv yo‘li bilan qatl qilindi. Bu AQShda so‘nggi 15 yil ichida ilk marotaba ushbu usulda ijro etilgan o‘lim jazosi bo‘ldi.

Mahkum 2001 yilda o‘zining sobiq sevgilisining ota-onasini beysbol tayoqchasi bilan o‘ldirgani uchun o‘limga hukm qilingan edi.

Sigmon elektr kursisi yoki o‘limga olib keladigan inʼeksiyadan bosh tortib, otuvni tanladi. U maxsus stulga o‘tqizilib, devordagi maxsus teshiklar orqali o‘q uzildi.

AQShda otuv orqali qatl kam uchraydigan jazo shakli bo‘lib, bu mamlakatda 1977 yildan beri to‘rtinchi holatdir.

Ushbu qatldan avval qamoqxona oldida jamlangan namoyishchilar o‘lim jazosiga qarshi plakatlar ko‘tarib chiqishdi.

Mavzuga oid