O‘zbekiston | 19:54 / 13.03.2025
7685
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya strategik sherik bo‘ldi. Maqsadlar va manfaatlar nima?

11-12 mart kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifini amalga oshirdi. Bu tashrif chog‘ida tarixiy kelishuvga erishildi: O‘zbekiston va Fransiya respublikalari o‘rtasida Strategik sherikchilik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

O‘zbekistonda 2016 yilda hokimiyat o‘zgargach, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasida aynan Fransiya bilan munosabatlari eng dinamik, izchil ijobiy xarakterga ega.

Prezident Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida birinchi bo‘lib 2018 yilning oktyabrida Fransiyaga borgan edi. Keyingi yillarda O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari faqat o‘sib bormoqda. 2022 yilning noyabr oyida Mirziyoyev yana Fransiyaga tashrif buyuradi. O‘tgan 2024 yilda esa O‘zbekistonga Fransiya prezidenti Makron kelgan edi. Xo‘sh, Fransiya va O‘zbekistonning o‘zaro yaqinlashuvidan, strategik sherikligidan maqsadlar, manfaatlar nima?

Avvalo, Fransiya haqida. Fransiya – BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosidan biri. Yevropa Ittifoqidagi yagona yadroviy salohiyatga ega davlat. Yevropa Ittifoqidagi ikki yirik lider davlatning biri. Aholi soniga ko‘ra ham, yarim milliardlik Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida, 83 millionlik Germaniyadan keyingi ikkinchi davlat – Fransiya aholisi 67 milliondan oshadi. Iqtisodiy jihatdan esa, yalpi ichki mahsulot hajmiga ko‘ra, dunyoda birinchi o‘ntalikka kiradi.

O‘zbekiston esa, aholi soniga ko‘ra possovet hududidagi de-fakto ikkinchi yirik davlat, Rossiya Federatsiyasidan keyin turadi. Markaziy Osiyo aholisining salkam yarmi O‘zbekistonda yashaydi. Turkiy dunyoda ham O‘zbekiston Turkiyadan keyingi ikkinchi yirik davlat. Musulmon dunyosida ham, aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘ntalikda, Saudiya Arabistonidan oldinda turadi. Markaziy Osiyoning geosiyosiy kalitlari, aynan O‘zbekistonning qo‘lida. Chunki mintaqaning barcha davlatlari bilan chegaradosh yagona davlat – O‘zbekiston. Shuningdek, Afg‘oniston ham qo‘shnimiz. Iqtisodiy jihatdan, O‘zbekiston rivojlanish yo‘liga tushib oldi, va keyingi yillarda iqtisodiy potensiali faqat oshib boradi.

O‘zbekiston uchun, geosiyosiy va geoiqtisodiy diversifikatsiya – juda muhim. Faqat bir-ikki qudratli qo‘shni davlatlar bilan barcha iqtisodiy, geoiqtisodiy va geosiyosiy munosabatlarni bog‘lab qo‘yish – har qanday davlatning strategik manfaatlariga javob bermaydi. Fransiya, bu ayni paytda Yevropa Ittifoqining liderlaridan biri bo‘lar ekan, u bilan aloqalar – Yevropa kontinenti va Ittifoqi bilan aloqalarni yangi darajaga olib chiqish deganidir.

Ushbu tashrif mobaynida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 6,5 mlrd yevrolik sarmoya loyihalari imzolandi. Fransiyaning texnologiyalarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Qolaversa, birinchi ma’muriyat boshqaruvi davrida, O‘zbekistonning xalqaro reputatsiyasi ancha salbiylshib qolgan edi. Fransiya bilan, demakki, BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zosi va YeI liderlaridan hisoblanmish demokratik davlat bilan ijobiy munosabatlar – O‘zbekistonning global maydondagi ijobiy reputatsiyasining mustahkamlanishiga yordam beradi.

Fransiya uchun ham, O‘zbekiston bilan aloqalarning iqtisodiy, geosiyosiy, madaniy tomonlari bor. Fransiya elektr energiyasining 70 foizini atom elektr stansiyalaridan oladi. Buning uchun uran importiga muhtoj. Ushbu resursni Fransiya, jumladan, O‘zbekistondan ham sotib oladi. Qolaversa, fransuz kompaniyalari O‘zbekistonda yangi loyihalar orqali ko‘plab daromadli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.

Fransiya Markaziy Osiyo davlatlarining geosiyosiy mustaqilligini mustahkamlashdan ham manfaatdor. Markaziy Osiyo – geosiyosiy chorrahada joylashgan mintaqa. Shimolda – Rossiya Federatsiyasi, sharqda – Xitoy Xalq Respublikasi, g‘arbda – Bryussel va Vashington, janubda esa – Turkiya, Pokiston, Hindiston, Eron va arab dunyosi borki, ularning ham MO bilan o‘zaro aloqalari va manfaatlari mavjud. Mana shu fonda, Yevropa Ittifoqi, jumladan, Fransiya Markaziy Osiyo davlatlari “shimol-sharq geosiyosiy tandemi”ning bosimi ostida, monopoliyasi ostida qolib ketishini istamaydi. Mintaqada geosiyosiy diversifikatsiya, taqsimlanish bo‘lishidan manfaatdor.

Ushbu davlat tashrifi mobaynida O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan mukofotlandi. Bu orden, Fransiya imperatori Napoleon tomonidan 1802 yilda ta’sis qilingan. Bu ordenning bir qancha darajalari mavjud. Prezident Mirziyoyevga eng yuqori darajadagisi topshirildi.

O‘zbekiston ham Fransiyaga o‘xshab – respublika. O‘zbekiston ham, Konstitutsiyaga ko‘ra, huquqiy-demokratik davlat. O‘zbekiston huquqiy davlatchilik, demokratiya va inson huquqlari borasidagi islohotlarni olib bormoqda. Bu islohotlarning izchilligi, muvaffaqiyati – O‘zbekistonning global maydondagi raqobatdoshligini, reputatsiyasining ijobiyligini, davlatning qudratini belgilab beruvchi eng muhim omil bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid

E`lonlar