Jahon | 20:16 / 18.03.2025
5309
3 daqiqa o‘qiladi

Sanksiyalar yumshatilsa ham G‘arb Rossiyaga pand berish uchun sabab topadi – Putin

Rossiya prezidenti so‘nggi voqealar zamirida sanksiyalar, iqtisodiyot, G‘arb kompaniyalarining qaytishi, Yevropa, «Katta yettilik» va BRICS haqidagi fikrlarini aytdi.

Foto: kremlin.ru

Vladimir Putin Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqining (RSPP) yalpi majlisida nutq so‘zladi. U sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri, xorijiy biznesning Rossiyaga qaytishi, Rossiya yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari bo‘yicha Yevropadan qanchalik oldinda ekanligi haqida gapirdi. «Vot Tak» nashri Putinning asosiy bayonotlarini e’lon qildi.

- Rossiyaga qarshi 28 595 ta sanksiya qo‘llandi. Bu boshqa mamlakatlarga kiritilgan sanksiyalarning umumiy miqdoridan ham ko‘p. Karrasiga ko‘proq. Ammo sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotida, jumladan, moliya sektorida ijobiy o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘ldi.

- Sanksiyalar yumshatilgan taqdirda ham G‘arb Rossiyaga pand berish uchun boshqa sabablarni topadi. G‘arb endi uyalmayapti va Moskvaga yangi sanksiyalar paketlari bilan ochiqchasiga tahdid qilmoqda, «ular bu paketlarni ketma-ket yaratmoqda».

- Dunyoda to‘liq savdo erkinligiga umid qilmaslik kerak. Endi ishlar hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi.

- Yevropaning aksar davlatlari o‘z suverenitetini yo‘qotib, ham iqtisodiyot, ham xavfsizlik sohasida muammolarga duch kelmoqda. Iqtisodiyotiga kelsak, ular odatda deyarli nolga teng o‘sish sur’atlariga ega yoki hatto retsessiyaga kirmoqda.

- BRICS mamlakatlari so‘nggi yillarda global o‘sish bo‘yicha yetakchi bo‘lib kelmoqda. 2024 yilda yevrohududda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 0,9 foizni, G7 mamlakatlarida 1,9 foizni, BRICS mamlakatlarida 4,9 foizni tashkil etdi. Rossiyada ikki yil ketma-ket 4,1 foiz.

- «Katta yettilik» nima uchun «katta» deb atalishi noma’lum. U xaritada ko‘rinmaydi.

- Rossiya o‘z bozoridan hech kimni quvib chiqarmadi, kompaniyalar o‘z ixtiyori bilan ketdi. Ba’zi kompaniyalar qaytishni rejalashtirmoqda, ammo xalaqit bermaslik uchun bu haqda hali gapirmaymiz.

- Rossiyada faoliyatini to‘xtatgan xorijiy kompaniyalar ro‘yxatini yangilash, shuningdek, mamlakatimizda biznesni vijdonli va mas’uliyatli olib borishning majburiy kafolatlari bilan ularning qaytishini muvofiqlashtirish tartibini ishlab chiqish zarur.

- Rossiyadagi aktivlarini tashlab ketgan G‘arb biznesiga bu aktivlarni arzon-garovga qayta sotib olishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

- Rossiya biznesi G‘arb kompaniyalarining Rossiya bozoridan chiqib ketishidan oqilona foydalandi va bozorning bo‘shagan joylarini egalladi. Joyi egallangan G‘arb kompaniyalari uchun «poyezd jo‘nab ketdi». Endi qaytib kelganlar uchun hech qanday imtiyoz yoki yon bosish bo‘lmaydi.

Mavzuga oid

E`lonlar