100 mingga yaqinlashgan ma’muriy qamoq, 5 barobar oshgan deportatsiya - O‘zbekistonda huquqbuzarliklar statistikasi
2024 yilda O‘zbekiston bo‘ylab sudlarda 600 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘rib chiqildi. Ayblanuvchilarning yarmidan ko‘piga jarima qo‘llangan, 88 ming kishi ma’muriy qamoqqa olingan. Haqorat qilish va tan jarohati yetkazish huquqbuzarligi kamaymoqda, mayda bezorilik esa oshgan. O‘zbekistondan deportatsiya qilinganlar soni bir yilda 5 barobarga o‘sgan.

Foto: Shutterstock
Oliy sud 2024 yil davomida birinchi instansiya sudlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlarining ko‘rilishi statistikasini ochiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar soni oshib bormoqda.
Xususan, 2020 yilda O‘zbekistonda ma’muriy huquqbuzarliklarga doir 341 mingdan ortiq ish 426 ming kishi ishtirokida ko‘rilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib sudlarda ko‘rilgan bu toifadagi ishlar soni 613 mingdan oshgan – qariyb ikki barobar. Bu sudlarda 740 994 kishi ishga jalb qilingan.
Hududlar miqyosida eng ko‘p ma’muriy huquqbuzarlik ishlari poytaxt Toshkent shahrida ko‘rilgan – 95 mingta ishda 113 mingdan ortiq shaxs qatnashgan. Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Toshkent va Farg‘ona viloyatlari – 71 ming va 62 ming ish. Bu 3 ta hudud 2024 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlari soni bo‘yicha ham top-uchlikni tashkil etadi.
Boz ustiga, bu hududlarda jinoiy va ma’muriy huquqbuzarlik ishlari soni so‘nggi 5 yilda ham eng yomon natijalarni ko‘rsatib kelmoqda. Hozircha bunga ushbu hududlarda aholi sonining ko‘proq ekanidan boshqa izoh yo‘q.
Eng kam ma’muriy huquqbuzarlik ishlari esa Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida ko‘rib chiqilgan.
2021-2024 yillarda ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari tahliliga ko‘ra, shaxslar kesimida erkaklar qatorida ayollar soni ham ortib, 100 minglik chegarani kesib o‘tgan. Masalan, 2021 yilda 431 ming erkak va 96 ming nafar ayol ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgan. 2024 yilda esa erkaklar 605 mingdan, ayollar soni 135 ming nafardan oshgan.
Oliy sud, shuningdek, yuqoridagi raqamlar ichida 18-30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar kesimini ham alohida keltirgan. Unga ko‘ra, 2021 yilda 184 ming yoshlar ma’muriy huquqbuzarlikda ayblangan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 264 minggacha oshgan.
Oliy sud 6 ta turdagi keng tarqalgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha raqamlarni keltirgan.
Haqorat qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar 2021 yilda eng ko‘p qayd etilgan – 59 128 kishi. 2024 yilga kelib bunday huquqbuzarliklar soni 51 mingtagacha kamaygan. O‘tgan yili haqorat qilish bilan bog‘liq ishlar eng ko‘p – Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ko‘rilgan.
Yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ham yillar kesimida kamayib bormoqda – 37 mingdan 24 minggacha.
Huquq faollari va advokatlar tomonidan «navbatchi modda» sifatida nom qozongan «Mayda bezorilik» (MJtK 183-modda) huquqbuzarligi esa, yildan yilga oshib bormoqda.
Masalan, 2020 yilda 39 ming kishi bu modda bilan ayblangan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqamlar 95 mingdan oshgan. 2024 yilda sodir etilgan mayda huquqbuzarliklarning 35 foizdan ortig‘i Toshkent viloyati va poytaxtga to‘g‘ri kelmoqda – 34 465 ta holat.
Transport vositasini mast holda boshqarish huquqbuzarligi ham yildan yilga oshib bormoqda.
2020 yilda 23 mingta holatda mast haydovchi sudga olib kelingan bo‘lsa, 2024 yilda 26 mingdan ortiq mast haydovchi ustidan sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan. Eng ko‘p mast haydovchilar – Samarqand (4204), Xorazm (2768) va Qoraqalpog‘istonda (2669) aniqlangan. Eng kam holatlar esa Namangan (757) va Sirdaryo (562) viloyatlarida qayd etilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 23-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 7 turdagi ma’muriy jazo bor. Bular:
- jarima;
- ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish;
- ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan ashyoni musodara qilish;
- maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish;
- haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish;
- ma’muriy qamoqqa olish;
- chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish (deportatsiya).
2024 yilda sudlar tomonidan eng ko‘p qo‘llangan ma’muriy jazo – jarimalar. 379 mingta holatda jarima tayinlangan. Keyingi o‘rinlarda ma’muriy qamoq va maxsus huquqdan mahrum qilish jazolari.
Ma’muriy qamoq jazolarini qo‘llash amaliyoti so‘nggi yillarda shiddat bilan oshmoqda. Xususan, 2020 yilda 34 ming kishi ma’muriy qamoqqa olingan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqamlar 88 mingdan oshgan.
Oliy sud ma’muriy qamoq jazolarining muddati (sutkalari), shuningdek, erkaklar va ayollar kesimida qo‘llanishi borasida raqamlarni ochiqlamagan. Ma’lumot uchun, MJtKga ko‘ra, umumiy hollarda ma’muriy qamoq 15 sutkadan oshishi mumkin emas (favqulodda holat tartibi amalda bo‘lganda – 30 sutka).
Ma’muriy qamoq jazosi 2024 yil hududlar kesimida eng ko‘p Toshkent shahrida qo‘llangan – 25 388 kishi. Keyingi o‘rinlarda yana o‘sha Toshkent va Farg‘ona viloyatlari, mos ravishda – 13,5 ming va 9,3 ming kishi ma’muriy qamoqqa olingan.
Eng kam ma’muriy qamoqlar – Navoiy (1546 kishi), Jizzax (1741) va Xorazm (1830) viloyatlarida qo‘llangan.
2024 yilda qo‘llangan jazo turlari orasida aslida eng katta o‘sish mamlakat hududidan majburiy chiqarib yuborish – deportatsiya jazosi bilan bog‘liq.
2023 yilda 112 kishi O‘zbekistondan deport qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 528 kishiga yetgan. Yillik o‘sish qariyb 5 barobar.
O‘zbekistondan kimlar deport qilinyapti, bu qaysi omillarga bog‘liqligi izohtalab masala.
O‘tgan yillar davomida ko‘rilgan va jazo tayinlangan yuz minglab ma’muriy huquqbuzarlik ishlari doirasida ish yurituvi tugatilgan ishlarning ham salmog‘i anchagina.
Masalan, 2024 yilda 271 ming shaxs ishtirokidagi 203 mingdan ortiq ma’muriy ishlar tugatilgan. Ularning 6203 ta holatida huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q, deb topilgan. Bundan tashqari, 2024 yilda 94,8 ming kishi qatnashgan 55 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari taraflar yarashgani munosabati bilan tugatilgan.
Alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, aslida 2024 yilda ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir umumiy ishlar biz keltirgan raqamlar – 740 mingdan ancha ko‘p. Chunki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning XVIII bobiga asosan, 48 ta davlat organida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni taalluqliligi bo‘yicha ko‘rish vakolati bor.
Jumladan, IIV xodimlari ma’muriy ishlar yuzasidan eng ko‘p qaror chiqarib, bayonnoma tuzadi. Bunga, asosan, yo‘l harakati qoidabuzarliklari, xususan radarlar qayd etayotgan qoidabuzarliklar kiradi. Masalan, O‘zbekistonda 2024 yilning o‘zida haydovchilar tomonidan qariyb 20 millionga yaqin qoidabuzarliklar qayd qilingan. Ushbu materialda ko‘rib chiqilgan raqamlar esa faqat sudlar tomonidan ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlariga doir.
Tavsiya etamiz
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?
O‘zbekiston | 18:04 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
O‘sishdan to‘xtashi mumkin - mutaxassis bolalarda uyqu yetishmasligi oqibatlaridan ogohlantirdi
Jahon | 13:12 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Afsonaviy Toshkent suvi qaytmoqda
O‘zbekiston | 17:00
-
Aprelda ob-havo qanday bo‘lishi kutilmoqda?
O‘zbekiston | 16:26
-
2025 yilda 30 trillion so‘mlik davlat mulkini sotib, budjetga 10 trillion so‘m tushirish vazifasi qo‘yildi
O‘zbekiston | 16:21
-
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha dunyoda 64-o‘rinni egalladi
O‘zbekiston | 16:11
Mavzuga oid

16:11
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha dunyoda 64-o‘rinni egalladi

21:58 / 25.03.2025
O‘zbekiston brendi dunyo davlatlari orasida 55-o‘rinda qayd etildi

23:42 / 24.03.2025
Venesuelaga AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarning birinchi guruhi yetib keldi

16:53 / 24.03.2025