Jahon | 11:16 / 24.03.2025
1643
2 daqiqa o‘qiladi

Belgrad Serbiya NATO yoki KXShTga a’zo bo‘lmasligini ma’lum qildi

Bosh vazir o‘rinbosari Vulin: Serbiya NATO yoki KXShTga a’zo bo‘lmaydi.

Foto: Reuters

Serbiya Shimoliy Atlantika ittifoqi yoki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga qo‘shilmaydi. Bu haqda Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Vulin ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Belgrad harbiy betaraflik siyosatiga qat’iy rioya qiladi va hech qanday harbiy blokdagi ishtirokini kengaytirish niyatida emas. Vulinning so‘zlariga ko‘ra, Serbiya hamma bilan, birinchi navbatda, o‘ziga yaqin davlatlar bilan eng yaxshi munosabatlarni saqlashga harakat qiladi. Shuning uchun mamlakat NATO yoki KXShTga a’zo bo‘lmaydi.

Vulinning qayd etishicha, serblar o‘z xavfsizligini kafolatlashi kerak, bu oson ish emas. Ammo o‘zi haqida mustaqil qaror qabul qilish eng adolatli yo‘ldir.

19 mart kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich kelajakda Serbiya va NATOni yaxshi hamkorlik kutayotganini aytdi.

18 dekabr kuni Vuchich NATO ittifoqchilari qo‘mondoni admiral Styuart Manch bilan uchrashuvdan so‘ng Serbiya harbiy betaraflikni saqlagan holda Shimoliy Atlantika alyansi bilan hamkorlikni rivojlantirishda davom etishini aytdi.

Mavzuga oid