Jahon | 16:28 / 02.04.2025
4293
14 daqiqa o‘qiladi

Trampning uchinchi prezidentlik muddatiga nima to‘sqinlik qiladi?

Donald Tramp yana bir bor uchinchi prezidentlik muddati haqida gapirdi. Biroq, AQSh Konstitutsiyasi bir shaxsning uchinchi marta oliy lavozimga saylanishini to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlaydi. Tramp esa bu muammoni hal qilishning «yo‘llari» borligini aytmoqda. Ammo asosiy muammo AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatish bo‘lib, u mamlakat tarixida bu lavozimni ikki martadan ortiq egallagan yagona prezident Franklin Ruzvelt vafotidan ko‘p o‘tmay qabul qilingan.

Foto: Getty Images

Yakshanba kuni Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida Oq uyda uchinchi muddatga saylanishini istisno qilmadi.

«Ko‘pchilik shunday qilishimni xohlaydi, – dedi Tramp NBC News uchun intervyuda. – Ammo men ularga uzoq yo‘lni bosib o‘tish kerakligi, bunga hali erta ekanini aytyapman».

Jurnalistning aniqlik kiritish uchun hazillashmayapsizmi, deya berilgan savoliga javoban Tramp hazillashmayotganini aytgan. Ammo yana bir bor bu haqda o‘ylashga hali juda erta ekanini qo‘shimcha qilgan.

Tramp Konstitutsiyadagi 22-tuzatishni qanday qilib aylanib o‘tmoqchi ekani haqidagi savolga ham u mujmal qilib javob qaytargan. «Buni amalga oshirish mumkin bo‘lgan metodlar mavjud, buni siz bilasiz», – degan Tramp. NBC News jurnalisti hozirgi vitse-prezident Jyey Di Vens prezidentlikka nomzodini qo‘yib, keyin vakolatlarni Trampga topshirishi mumkin bo‘lgan ssenariy haqida so‘raganida, davlat rahbari bu ehtimoliy usullardan biri ekanini aytdi. «Ammo boshqa ssenariylar ham bor», – deya qo‘shimcha qildi Tramp. 

Tramp uchinchi muddat haqida avval ham gapirgan. U bu haqda dastlab 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi davridayoq aytgan, keyin esa saylanganidan keyin ham bu mavzuga qayta-qayta murojaat qilgan. 2020 yil kuzida, o‘zining birinchi prezidentlik muddati oxirida Tramp g‘alaba qozonsa, uchinchi marta ham nomzodini qo‘yishini bir necha bor ta’kidlagandi.

Bu intervyu ortidan Tramp ham, uning kongressdagi tarafdorlari ham uchinchi muddat haqidagi gaplarning hammasi hazil ekani, bu gaplar «demokratlarni g‘azablantirish» uchun aytilganini gapira boshlashdi. Ammo 2020 yilda ham ko‘pchilik bu bayonotlarga jiddiy yondashish kerak deb hisoblagan. «Prezident o‘z tarafdorlarining ehtimoliy reaksiyasini tekshirib, ularni aynan shunday ssenariyga jiddiy tayyorlayotganga o‘xshaydi», – deydi Vashingtondagi Brukings instituti katta eksperti Marvin Kalb BBC rus xizmatiga.

2025 yil yanvar oyida Trampning kongressmenlar orasidagi tarafdorlari ham bu borada o‘z takliflarini bera boshlagandi. Xususan, Tennessi shtatidan saylangan kongressmen Endi Ogls Vakillar palatasining Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qo‘shma rezolyutsiyasini taqdim etgandi. U 22-tuzatish matnini quyidagicha o‘zgartirishni taklif qilgan: «Hech bir shaxs uch martadan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emas, shuningdek, ketma-ket ikki muddatga saylanganidan keyin qo‘shimcha muddatga saylanishi mumkin emas». Bu taklif, bir tomondan, Trampning 2028 yilda qayta saylanishiga qaratilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, prezidentlik lavozimini qatorasiga ikki bor egallagan Barak Obamaning yo‘liga to‘siq qo‘yadi.

Jorj Vashingtonning vasiyati

Jorj Vashington 1789 yildan 1797 yilgacha AQSh prezidenti bo‘lgan

AQSh asoschilari bu haqda Mustaqillik deklaratsiyasi yozilishidan oldin ham o‘ylab ko‘rishgan bo‘lsa-da, «faqat ikki muddat» qoidasi XX asr o‘rtalarigacha rasman yozib qo‘yilmagan. Mamlakat tashkil etilgan davrda barqaror markazlashgan hokimiyat tarafdori bo‘lgan Aleksandr Gamilton davlat rahbariga umrbod vakolatlar berishni taklif qiladi. Uning raqibi Jorj Meyson esa bahsda buni «saylangan monarxiya» deb ataydi.

Gamilton va uning eng yaqin safdoshi, AQShning bo‘lajak 4-prezidenti Jyeyms Medisonning taklifi qabul qilinmaydi, ammo bu Jorj Vashington va boshqalarga nisbatan ishonchsizlik sifatida ko‘rilishidan cho‘chib, muddatlar sonini ham cheklashmaydi. Shuning uchun Konstitutsiyaning 2-moddasida prezidentlik muddati to‘rt yil bilan cheklanishi yozilgan, lekin bir kishi necha marta saylanishi mumkinligiga aniqlik kiritilmagandi.

AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington bir muddat bilan cheklanmoqchi edi, ammo 1792 yilda qarama-qarshi partiyalar o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni qolishga ko‘ndirishadi. Vashington rozi bo‘ladi, ammo 1796 yilda, ikkinchi muddatining oxirida, u navbatdagi saylovga nomzodini qo‘yishdan bosh tortishini ommaga e’lon qilishni lozim topdi. Vashington o‘zining «Vidolashuv maktubi»da o‘z xizmatlarini ahamiyatini kamaytirib, urg‘uni o‘z ma’muriyatiga qaratadi.

Ko‘pchilik qomusshunos huquqshunoslar fikricha, muddatlarning cheklangan soni to‘g‘risidagi norma yo‘qligi xato bo‘lmagan, balki qonunchilikdagi moslashuvchanlikning ko‘rinishi edi. Keyinroq bu AQShga Buyuk depressiya va Ikkinchi jahon urushi davrida an’anaviy amaliyotdan voz kechish va Ruzveltni Oq uyda rekord darajada uzoq vaqt qoldirish imkonini beradi.

Ruzveltning to‘rt prezidentligi

Ruzvelt 1940 yilgi ovoz berish kunida

Franklin Delano Ruzvelt uchinchi muddatga saylanishga qaror qilgan birinchi AQSh prezidenti emasdi. Qolaversa, birinchi Ruzvelt ham emas. Uning uzoq qarindoshi Teodor Ruzvelt 1912 yilda Oq uyga qaytishga harakat qilgan, ammo Vudro Vilsonga yutqazgandi.

1940 yilgi saylovlarga Franklin Ruzvelt Buyuk depressiyani yengib o‘tgan va o‘zining «Yangi yo‘li»ni temir qo‘l bilan olib borgan prezident sifatida keladi. Shu bilan birga, Ruzveltning ikkinchi muddatidan oldinoq uning muxoliflari prezidentni sotsialistik diktatura o‘rnatishga urinishda va biznes manfaatlarini hisobga olishni istamaslikda ayblashni boshlagandi.

«Vakolatlar qo‘lga kiritilgach va favqulodda holat aniq tugaganidan so‘ng, bizga agar hokimiyat bekor qilinsa, boshqa favqulodda holat joriy etilishini aytishdi. Boshqacha aytganda, hokimiyatning prezident qo‘lida to‘planishi vaqtinchalik favqulodda holat masalasi emas edi. Bu doimiy milliy siyosat bo‘lib qoldi», – degandi 1936 yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida Respublikachilar partiyasi nomzodi Alf Lendon.

Shunga qaramay, Ruzvelt ajoyib g‘alabaga erishadi va ikkinchi muddatga ham qoladi.

«Qol va ishni oxiriga yetkaz!» Ruzveltni to‘rtinchi muddatga qayta saylanishga chaqiruvchi tashviqot plakati

Navbatdagi saylovlar 1940 yil kuzida bo‘lib o‘tadi. Ammo bahordan boshlab ko‘pchilik Ruzvelt qolishi kerakligi haqida gapira boshlaydi. Yevropada urush davom etardi: yozgacha Hitler Germaniyasi Polsha va Chexoslovakiyadan tashqari Daniya, Belgiya, Niderlandiya va Fransiyani ham bosib oladi. Sentyabr oyida nemis samolyotlari Angliya shaharlarini bombardimon qilishga kirishadi.

Prezident jamoatchilikka hamda o‘z partiyasiga iyulgacha hech narsa demadi, demokratlar qurultoyida esa uchinchi bor o‘z nomzodini qo‘ydi. Va yana respublikachilarning tanqidiga uchradi. Ruzveltning raqibi Uendell Uilki shunday degandi: «Agar bitta odamni almashtirib bo‘lmasa, unda hech birimiz erkin emasmiz».

Ruzvelt Yevropadagi katta urushga qo‘shilmaslikka va’da beradi, Uilki esa, aksincha, Britaniyaga yordam berishga chaqiradi. Oxir-oqibat Ruzvelt yana g‘alaba qozonadi va bir yildan so‘ng baribir jahon urushiga qo‘shiladi.

Garri Trumen (chapda) 1945 yilda Ruzvelt vafot etganida prezidentlik vakolatlarini o‘ziga olgan

Uch muddat ortidan to‘rtinchisi ham bo‘ladi. 1944 yilga kelib endi Ruzveltni hokimiyatni o‘zlashtirib olishda ayblamay ham qo‘yishadi. Vaziyat haqiqatan ham favqulodda edi, buning ustiga prezident to‘rtinchi muddati oxirigacha yashashi dargumonligi hech kimga sir emasdi. Ruzvelt 1945 yil aprelda, saylovda g‘alaba qozonganidan besh oy o‘tib vafot etadi. Uning o‘rnini vitse-prezident Garri Trumen egallaydi.

22-tuzatish

Ruzveltning to‘rtta muddati xavfli pretsedentga aylandi. Har holda, 1947 yilda AQSh Konstitutsiyasiga yangi tuzatish kiritish tashabbusi bilan chiqqan amerikalik qonun chiqaruvchilar shunday deb hisoblashadi. Yakuniy ko‘rinishda ta’rif quyidagicha edi: «Hech bir shaxs ikki martadan ortiq prezident lavozimiga saylanishi mumkin emas». Bir shaxs saylangan lavozimda uning o‘rnini boshqa shaxs egallashi baribir birinchi shaxsga hisoblanishi alohida qayd etilgandi. Ya’ni prezidentlik muddati oxirida o‘ldirilgan Jon Kennedining o‘rnini egallagan vitse-prezident Lindon Jonson nazariy jihatdan yana ikki marta prezidentlikka saylanishi mumkin edi.

Respublikachi kongressmen Jozef Martin tuzatishni «xalqning g‘alabasi va totalitarizm hamda ozodlik dushmanlarining mag‘lubiyati» deb ataydi. Garri Trumen esa bu yangilikni „quruq qonun“ni hisobga olmaganda, Konstitutsiyaga kiritilgan eng yomon narsalardan biri» deb atagan.

Tuzatish kuchga kirishi uchun shtatlarning to‘rtdan uch qismi, ya’ni 48 tadan 36 tasi qonun chiqaruvchi organlar tomonidan ma’qullanishi kerak edi. Bunga yana uch yil ketadi.

Keyinchalik ko‘plab prezidentlar tuzatishdan noroziliklarini bildirishadi. 2003 yilda Oq uyda ikki muddat ishlagan Bill Klinton kongressmenlarga cheklovni bekor qilishni va uni «qatorasiga ikki martadan ortiq emas» deb talqin qilish taklifini beradi. 2011 yilda Rossiyada Putin va Medvedev Konstitutsiyaga nisbatan aynan shunday yo‘l tutganida, Klinton bu masalaga yana qaytadi. «O‘ylaymanki, amaliy nuqtayi nazardan, buni allaqachon muddatini o‘tab bo‘lganlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi», – deydi AQShning sobiq prezidenti MSNBC efirida.

Bill Klinton va Hillari Klinton 1997 yilgi inauguratsiyadan keyin tashkil etilgan balda

«Rokirovkaga qarshi tuzatish»

Tramp Jyey Di Vens yordamida prezidentlik lavozimiga qaytishning qaysi «usuli» haqida gapirganini aytish qiyin. Taxmin qilish mumkinki, gap «tandem» haqida ketmoqda: masalan, 2028 yilda Vens prezidentlikka, Tramp esa vitse-prezidentlikka nomzodini qo‘yadi. Keyin esa Vens u yoki bu bahona bilan o‘z lavozimini tark etadi va prezidentlik baribir Trampga qoladi.

Ammo bu AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 12-tuzatishga ziddir. Unda shunday deyiladi: «Konstitutsiyaviy talablarga ko‘ra, prezident lavozimiga saylanishga huquqi bo‘lmagan shaxs, vitse-prezident lavozimiga ham saylanish huquqiga ega emas».

Ushbu tuzatish 1804 yilda kuchga kirgan bo‘lib, prezident va vitse-prezidentni saylash tartibiga bag‘ishlangan. Shu paytgacha hech kim ikki tuzatishning o‘zaro ta’sirini amalda sinab ko‘rmagan. Ba’zi huquqshunoslar fikricha, 12-tuzatishda gap prezidentlikka nomzodning to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlardan boshqa yo‘l bilan davlat rahbari lavozimini egallash huquqi haqida emas, balki uning zarur malakasi va yoshi haqida boradi.

2015 yilda saylovoldi kampaniyasi paytida demokratlar nomzodi Hillari Klinton turmush o‘rtog‘i Bill Klintonni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqqanini tan oladi. U yaxshi vitse-prezident bo‘lgan bo‘lardi, lekin u Konstitutsiyaga ko‘ra bunga haqli emas. U ikki muddat xizmat qildi va menimcha, argument shundaki, vitse-prezident sifatida u hech qachon bu lavozimni egallay olmaydi – nima bo‘lganda ham menga shunday deyishdi», – deb noligandi Hillari Klinton.

Tuzatishni bekor qilish mumkinmi?

Hozircha AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishni bekor qilishning faqat bitta namunasi mavjud. «Quruq qonun» to‘g‘risidagi 18-tuzatishni bekor qilish uchun 1933 yilda 21-tuzatishni qabul qilishga to‘g‘ri kelgandi. Buning uchun esa shtatlarning to‘rtdan uch qismi ratifikatsiya qilishi kerak.

Agar ushbu ssenariy 22-tuzatishga tatbiq qilinsa, unda ssenariy quyidagicha bo‘lishi mumkin. Dastlab, tashabbus Vakillar palatasi va Kongress tomonidan kongressmenlarning uchdan ikki qismining ovozi bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Agar bu amalga oshsa, keyin tuzatishni 50 ta shtatning 38 ta qonun chiqaruvchi organi ratifikatsiya qilishi kerak bo‘ladi.

Hozirda demokratlar va Trampning Respublikachilar partiyasi o‘rtasidagi keskin siyosiy qutblashuv tufayli buning ehtimoli juda kam, deya ta’kidlaydi Reuters. Respublikachilarning ustunligi Vakillar palatasida ham (218-213), Senatda ham (53-47) minimal ko‘rinishda. Shuningdek, partiya 50 ta shtatdan faqat 28 tasining qonun chiqaruvchi organlarini nazorat qiladi. Bu esa eski tuzatishni bekor qilish va yangi tuzatishni qabul qilish uchun yetarli emas.

Mo‘jiza ro‘y berib, ikki prezidentlik muddatiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinsa ham, ratifikatsiya uchun yillar ketishi mumkin. 2028 yilda, navbatdagi prezidentlik saylovlarida Tramp 82 yoshga to‘ladi – va katta ehtimol bilan, uning ehimoliy qaytishidagi asosiy muammo 22-tuzatishda emas.

Mavzuga oid