U aynan kim bilan uchrashganiga aniqlik kiritmagan, Dmitriyev Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashgani norasmiy ravishda ma’lum qilingan.

«Biz [46-] prezident [Jo] Baydendan farqli o‘laroq, prezident Tramp ma’muriyati masalalarni hal qilishga intilayotganini aniq ko‘rmoqdamiz. Ular o‘zlarini juda hurmat bilan tutishadi, Rossiyaning pozitsiyasini tushunishadi, ko‘p savollar berishadi, murosaga kelishadi. Bu bizga berilgan ruh, yaratuvchanlik», – dedi u jurnalistlarga.

Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Amerika munosabatlarini tiklash muzokaralarning asosiy mavzularidan bo‘lgan.

«Prezident Tramp ma’muriyati Rossiya-AQSh munosabatlarining barcha masalalarini hal qilishni maqsad qilgan. Shubhasiz, ular geosiyosiy masalalarni hal qilishga intilishmoqda, ular Rossiyaning ko‘plab masalalar bo‘yicha pozitsiyasini eshitishmoqda», – deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Dmitriyov Rossiya va AQSh o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini tiklash imkoniyati haqida gapirdi, u kovid pandemiyasi boshida uzilib qolgan va Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, qayta tiklanmagandi.

«Aslida, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash ustida ish olib borilmoqda va biz bu masalada oldinga siljishga umid qilamiz», – dedi RFPI rahbari.

Dmitriyevning aytishicha, uchrashuvlarda Arktikadagi va kamyob yer metallarini qazib olishdagi hamkorlik muhokama qilingan, bu haqda Kremlning Tramp ma’muriyati bilan avvalgi aloqalaridan keyin aytib o‘tilgan.

«Biz barcha kelishmovchiliklarimizni hal qilishimiz uchun yana bir qator uchrashuvlar o‘tkazishimiz kerak», – dedi Rossiya prezidenti vakili.

Kirill Dmitriyev Ukrainada urush boshlanganidan beri Vashingtonga tashrif buyurgan eng yuqori martabali rossiyalik amaldor bo‘ldi.

Oq uy muzokaralar natijalariga hozircha izoh bermadi.

Bloomberg agentligining muzokaralar jarayonidan xabardor manbaga tayanib xabar berishicha, tomonlar keyingi harakatlarni boshlashidan oldin AQSh Dmitriyev Putinga tashrif natijalari haqida hisobot berishini kutmoqda.

Payshanba kuni Bloomberg Rossiya hali ham Donald Tramp Ukrainada maqbul tinchlik kelishuvini ta’minlashiga umid qilayotgani, biroq muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, urushni davom ettirishga tayyorligini yozgandi.