Jahon | 19:39 / 15.04.2025
10125
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «Ko‘k kit» o‘yini asoschisi 9 yilga qamaldi

Voyaga yetmaganlarni o‘z joniga qasd qilishga undashga qaratilgan ushbu destruktiv o‘yin asoschisi, rossiyalik Ilya Pogiblovga sud hukmi o‘qildi.

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning Novosibirsk shahri Leninskiy tuman sudi ijtimoiy tarmoqda «Ko‘k kit» (Siniy kit) deb nomlangan «o‘lim guruhi» yaratuvchisi Ilya Pogiblovni 9 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Sud hukmi bilan I.V.Pogiblov aybdor deb topildi... unga elektron va/yoki axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari, jumladan, internet tarmog‘idan foydalangan holda veb-saytlarni boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanishni 4 yilga taqiqlash sharti bilan 9 yilga rejimi kuchaytirilgan koloniyada jazoni o‘tash tayinlandi», deyiladi xabarda.

Sud Ilya Pogiblov «boshqa odamlarning o‘limidan patologik manfaatdor bo‘lib», Internet orqali cheksiz miqdordagi odamlarni, shu jumladan voyaga yetmaganlarni o‘z joniga qasd qilishga undashga qaratilgan faoliyatni tashkil qilgan va boshqargan, ya’ni «Ko‘k kit» jamoat kanalini yaratgan, deb topdi. Shuningdek, u o‘smirni jinoiy faoliyatga jalb qilganlikda aybdor deb topildi.

Novosibirsk viloyati sud departamentining tushuntirishicha, Pogiblov tomonidan tashkil etilgan guruh messenjerlar orqali ehtimoliy jabrlanuvchilarni o‘z joniga qasd qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur bo‘lgan vazifalarni bajarishga, xususan, o‘ziga hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazishga undagan va ishontirgan.

«Biroq Pogiblov I.V. va boshqa shaxs huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani sababli o‘z joniga qasd qilishga yo‘naltirilgan niyatini oxiriga yetkaza olmadi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Pogiblov sud majlisida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Hukm hali kuchga kirmagan.

«Ko‘k kit» o‘yini Rossiyada 2015 yilda paydo bo‘ldi va qisqa vaqt ichida o‘yin domiga tushgan 130 nafarga yaqin bola o‘z joniga qasd qildi.

«Ko‘k kit» o‘yini 2017 yilda O‘zbekistonda ham tarqaldi. Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilgan tadbirda 31 ta maktab va 5 ta kollej o‘quvchilari ushbu o‘yin ishtirokchisi ekani aniqlandi.

Keyinchalik, Samarqand transport prokuraturasi tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish maqsadida «Ko‘k kit» o‘yiniga qarshi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

O‘zbekistonda bu o‘yindan jabrlangan bolalar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Mavzuga oid