Jahon | 08:40 / 16.04.2025
1942
2 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi Odessada: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etadi

Ryutte Zelenskiy bilan birga Odessaga tashrif buyurdi va alyans Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda sobitligini bildirdi. U Rossiyaning Ukrainada tinch aholiga qarshi davom etayotgan hujumlarini qoraladi.

Foto: X / SecGenNATO

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan mamlakat janubidagi Odessaga tashrif buyurdi va Shimoliy Atlantika alyansi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda sobit bo‘lishini aytdi. Ryutte Ukraina shahriga tashrifi haqida 15 aprel, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

«Bugun men Zelenskiy bilan birga Odessaga tashrif buyurdim. Ukraina xalqi juda ko‘p narsalarni boshdan kechirdi — yakshanba kuni Rossiyaning Sumiga qilgan hujumini ham», deb yozdi u. «NATOning qo‘llab-quvvatlashi (Ukraina uchun) so‘nmas. Biz Ukrainaga yordam berishda davom etamiz, toki u bugun o‘zini himoya qila olsin va kelajakdagi tajovuzni to‘xtata olsin, adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlasin», — deya qo‘shimcha qildi alyans rahbari.

Ryuttening tashrifi 13 aprel kuni Rossiyaning Sumi shahriga 35 kishi halok bo‘lgan va 100 dan ortiq kishi jarohatlangan raketa zarbasi ortidan Kiyev bilan birdamlik namoyishi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters.

Ryutte Zelenskiy bilan matbuot anjumanida chiqish qildi. NATO rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp uchun Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va barqaror tinchlik o‘rnatishga intilish «oson bo‘lmaganini» ta’kidladi va Rossiyaning Ukraina fuqarolik obektlari va infratuzilmalariga «dahshatli hujumlari»ni qoraladi.

Mavzuga oid