Jahon | 20:31 / 02.07.2025
3347
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Venesuelada qurol va o‘q-dori ishlab chiqaradigan zavod ochdi

Mazkur zavodni qurishga 2006 yilda prezidentlar Vladimir Putin va Ugo Chaves kelishib olgandi. Ammo o‘tgan yillar davomida qurilish ishlari koronavirus cheklovlari, sanksiyalar, shuningdek, korrupsiyaviy mojarolar tufayli bir necha bor ortga surildi.

Foto: Rostex

Venesuelada Kalashnikov avtomatlari uchun mo‘ljallangan 7,62 millimetr kalibrli patronlarni ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. «Rostex»ning ma’lum qilishicha, «Rosoboroneksport» davlat korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi kompaniya tomonidan qurilgan korxona yiliga 70 milliontagacha o‘q-dori ishlab chiqara oladi.

«Rostex» ijrochi direktori Oleg Yevtushenkoning aytishicha, birinchi bosqich to‘rtta ishlab chiqarish liniyasini o‘z ichiga oladi. Ulardan ikkitasida po‘lat yadroli o‘q-dorilar, qolgan ikkitasida esa havoda iz qoldiradigan va paxtavon patronlar ishlab chiqariladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada Rossiya kompaniyasi qolgan ishlab chiqarish korpuslarini ham ishga tushiradi. Bu esa Venesuela hududida patronlar va Kalashnikov avtomatlarini (AK-103) to‘liq ishlab chiqarish siklini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Ushbu qurol Venesuela armiyasi, politsiyasi va boshqa kuch tuzilmalari tomonidan foydalaniladi.

Zavod quvvati bitta ish smenasida o‘n minglab patron ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. «Bu Lotin Amerikasidagi muhim sherigimiz bilan texnologik hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi», - deydi Yevtushenko.

Hozirda korxona chiqindilarni utilizatsiya qilish, o‘q-dorilar uchun mo‘ljallangan tarkibiy qismlar saqlanadigan omborlar, mahsulot sinovi uchun tir, shuningdek, o‘t o‘chirish rezervuari va boshqa qo‘shimcha inshootlarni o‘z ichiga olgan.

«Rosoboroneksport» bosh direktori Aleksandr Mixeyevning ma’lum qilishicha, ushbu loyiha RF va Venesuelaga qarshi joriy etilgan xalqaro sanksiyalariga qaramay, «butun dunyoga kompaniya o‘z sheriklari oldida doim o‘z majburiyatini bajarishini ko‘rsatib qo‘ygan».

Venesuelada AK-103 avtomatlari va 7,62 millimetrli patronlarni ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita korxona qurishga 2006 yilda prezidentlar Vladimir Putin va Ugo Chaves kelishib olgandi. Loyihani ishga tushirish 2009 yilda boshlangan.

Qurilish ishlari koronavirus cheklovlari, sanksiyalar, shuningdek, korrupsiyaviy mojarolar tufayli bir necha bor ortga surilgan. Xususan, 2015 yilda 1 milliard rubldan ortiq mablag‘ talon-toroj qilinishi ayblovi bilan harbiy zavodlar qurish bo‘yicha pudratchi kompaniya rahbari, sobiq senator Sergey Popelnyuxov hibsga olingandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid