Ta’lim | 08:00 / 06.08.2025
2201
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar bog‘chasi uchun kimlarga subsidiya to‘lanadi?

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona va otalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanishda moddiy yordam to‘lash tartibi tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Hujjat bilan tegishli nizom tasdiqlangan bo‘lib, to‘lovlar prezidentning "Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan nazarda tutilgan.

Moddiy yordam oluvchilar reyestri yaratiladi, subsidiyalarni hisoblash va to‘lash esa avtomatlashtiriladi (inson ishtirokisiz).

2025 yil 1 sentabrdan boshlab yolg‘iz ona va otalar "Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi" axborot tizimi va YaIDXP orqali, shuningdek "Inson" ijtimoiy xizmat markazlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilib moddiy yordam olish uchun ariza berishi mumkin.

Mablag‘larni o‘tkazish oluvchilarning "ijtimoiy karta"siga, u mavjud bo‘lmaganda esa AT "Xalq banki"da ochilgan bank kartalariga amalga oshiriladi. Moliyaviy yordam oluvchilardan bank kartalarini ochish uchun haq olinmaydi.

Moddiy yordam bola uch yoshga to‘lguniga qadar bir nafar farzand uchun BHMning 1,5 baravarigacha miqdorida (egizak bo‘lsa, ikkisi uchun) ijtimoiy shartnoma asosida Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid