Jahon | 23:34 / 06.08.2025
6142
3 daqiqa o‘qiladi

Modi 7 yil ichida birinchi marta Xitoyga tashrif buyuradi

Tashrif Hindistonning AQSh bilan munosabatlari keskinlashishi, jumladan, Vashington tomonidan Hindistonga joriy etilgan qo‘shimcha bojlar fonida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Reuters

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yetti yil ichida birinchi marta Xitoyga tashrif buyuradi, deb xabar berdi Reuters.

Tashrif avgust oyi oxirida - Hindistonning AQSh bilan munosabatlari keskinlashishi, jumladan, Vashington tomonidan Hindistonga joriy etilgan qo‘shimcha bojlar fonida bo‘lib o‘tadi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston hukumati rahbari 31 avgust kuni Xitoyning Tyanjin shahrida boshlanadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etadi. Modi oxirgi marta 2018 yilda Xitoyga tashrif buyurgan. Biroq shundan beri ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi: 2020 yilda Himolay tog‘lari chegarasida Xitoy va Hindiston harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Shunga qaramay, o‘tgan yilning oktyabr oyida Modi va Xitoy raisi Si Jinping Rossiyada bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazdi, bu esa, Reuters ta’kidlaganidek, ikki tomonlama keskinlikni yumshatishga yordam berdi.

Hozir ikki Osiyo davlati chegaradagi mojaro va mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va sayyohlik almashinuviga to‘sqinlik qilgan boshqa kelishmovchiliklar tufayli uzilib qolgan aloqalarni asta-sekin tiklamoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu-Dehli va Vashington o‘rtasida so‘nggi yillardagi eng jiddiy inqiroz yuzaga kelmoqda. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistonni «eng kuchli notarif to‘siqlarga ega mamlakat» deb atagandi. Bundan tashqari, u Nyu-Dehlini Rossiya neftini sotib olishni davom ettirayotgani uchun keskin tanqid qilib, Hindiston shu tariqa «Ukrainadagi qotilliklarni to‘xtatmayotgan» mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

6 avgust kuni Tramp Rossiya bilan neft savdosiga javoban Hindiston tovarlariga qo‘shimcha bojlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oq uy saytida e’lon qilingan hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Hindiston importi uchun amaldagi 25 foizlik bojga yana 25 foizlik tarif qo‘shilmoqda.

Shunday qilib, umumiy stavka 50 foizga yetadi. Yangi rejim 21 kundan keyin kuchga kiradi. Shu bilan birga, farmonda qayd etilganidek, agar bu vaqtga borib Rossiya Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarni to‘xtatsa, chora bekor qilinishi yoki qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Oq uy, shuningdek, Rossiya neftini sotib olishni davom ettirayotgan boshqa mamlakatlarga nisbatan ham xuddi shunday cheklovlar joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid