Jahon | 09:40 / 09.08.2025
2685
2 daqiqa o‘qiladi

Mers Trampning Ukraina bo‘yicha vositachiligini olqishladi

Germaniya kansleri Fridrix Mers Zelenskiy bilan suhbatdan so‘ng Trampning Ukraina bo‘yicha muzokaralardagi vositachilik qadamlarini yuqori baholadi.

Foto: CLEMENS BILAN / EPA / TASS

Germaniya kansleri Fridrix Mers va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlikka erishishga qaratilgan vositachilik qadamlarini olqishladi, dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi Shtefan Kornelius ikki yetakchi o‘rtasidagi telefon suhbati yakunlari bo‘yicha.

Korneliusning so‘zlariga ko‘ra, Mers va Zelenskiy AQSh maxsus vakili Stiven Uitkoffning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqindagi uchrashuvidan keyingi voqealarni muhokama qilgan. Ikkala siyosatchi ham Rossiya xalqaro huquqqa zid bo‘lgan tajovuzkor urushni to‘xtatishi kerakligini tasdiqladi.

Kansler va Ukraina prezidenti o‘z harakatlarini yevropalik hamkorlar va AQSh bilan yaqindan muvofiqlashtirishga kelishib oldi. «Ushbu urushni tugatish parametrlari Yevropaning o‘nlab yillardagi xavfsizlik tizimini belgilab beradi», — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida. U Ukraina Yevropaning ajralmas qismi ekanligini, Yevropa davlatlari muzokaralarda ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.

Kiyevdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp avvalo Putin bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni, keyin esa Zelenskiy ishtirokida muzokaralarni uch tomonlama formatga kengaytirishni rejalashtirgan. Ammo Kreml hozircha Rossiya va Ukraina rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi haqida aniq bayonotlar berishdan o‘zini tiyib turibdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid